Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar  (1914) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Ushbu sana o‘tgan aprel oyidan boshlab Andijonning ko‘b qishloqlarig‘a temir yo‘llar g‘oyat tezlik bilan ishlanub turmoqdadur.

Chunonchi:

1 nchi. Namangandan kelub Andijong‘a, Andijondan – hazrat Ayyubga, hazrat Ayyubdan cho‘zulub Olmota taraflarig‘a ketadur.

2 nchi. Andijondan bir shoh chiqub Xo‘qand qishloq mosi Bozorqo‘rg‘on taraflarig‘a.

3 nchi. Andijondan O‘sh, Jalolobod, O‘zgand bilan Qitoyning Kashg‘ar hududig‘acha boradur; (O‘sh, Jalolobod, O‘zgand temir yo‘llari hozir ishlansa ham Kashg‘ar hududi temir yo‘li bir necha yillardan keyingina ishlanmoqg‘a boshlansa kerak) Bul yo‘llar hammasi “O‘rta Osiyo temir yo‘llari”g‘a tutashib g‘oyat mukammal bo‘ladur. Bul temir yo‘llarning ko‘b ekin joylarni bosub o‘tmog‘i, masjid va xonalarni vayron qilub (?) o‘tmog‘idek zararlari bo‘lsa ham foydasi yana ko‘broqdur. Yo‘l bosmachilar va boshqa o‘sallarning hujumidan qutulmoqg‘a foydasi tegar, qishloqlar yaqinlashar, obod bo‘lub ma’murlashar, arzon yerlar qiymat bo‘lur. Faqat gazeta muhiblarimiz va temir yo‘l bo‘yidag‘i baxtli qarindoshlarimiz “Sadoi Farg‘ona”ning 18-inchi no‘merusidag‘i andijonlik Ubaydullaxo‘ja Sulaymoniy janoblarining “Turkistondag‘i va bilxossa Farg‘onadagi musulmon qarindoshlarimizg‘a xitob” unvonli maqolasining mazmunig‘a qarab amal qilmoqlaringiz kerakdur. Temir yo‘lning bormog‘i bilan tanobi 100 so‘mlik yerlar albatta, 1000 so‘mgacha chiqar, faqat Ubaydulla afandining aytganicha “be baqo minglarga qiziqmasa kerak” oqcha bitar, qadr ketar, ammo ul yerlarni topib bo‘lmas. Zamonamiz shundog‘ zamondurki tirikchilik bilan raqobot qilmoqg‘a, maishat zulmidan qutulmoqg‘a qo‘lda yer bo‘lmoq kerakdur. Yer sotgan pulg‘a qiziqg‘anlarni maishat, tirikchilik toshqini va to‘lquni kelub urub, parcha-parcha qilmoqda.Shubha yo‘qdur, 100 so‘mlik yerimiz bora-bora obod bo‘lub 5-10 ming so‘mg‘a ham chiqar, buni yaxshi o‘ylamoq kerak.

Yer va tuproq sotgan bola-chaqa va naslini sotgan bilan barobardur. Bir ota yerini sotdi demoq bola-chaqa va naslini to qiyomat och va yalang‘och qoldurdi demoqdur. Vatan tuproq shundog‘ onadurki, buni xor qilduk, o‘zimizning ham xor bo‘lmoqimiz ko‘z oldidadur. Yer sotub xonavayron bo‘lganlardan ibrat olayluk! Janob Haq ikki ko‘z va aql berubdur. Ko‘zlarimiz ila ko‘rub aqlimiz ilan o‘ylayluk! O‘zimiz dunyog‘a yalang‘och kuyuncha kelub, onamiz, vatanimiz tuproqimiz bizni boqar, rizq berar, katta qilar, dunyoda yashatar, ul onani sotganlar, albatta, ne’matning qadrini bilmagan kufron ne’mat qilgan bo‘larlarki ko‘b yomon gunohg‘a botarlar.

Tuproqdan yaratilduk demoq tuproq tanimizdur. O‘z tanimizni o‘zimiz sotsak beaqllik emasmu? Ajabo!!

Vatanimiz avval obod emas edi. Mana temir yo‘llar kelmog‘i va solinmog‘i bilan obod bo‘lar, qishloqlarg‘a ham madaniyat kirar.

Ey qarindoshlar! Shaharliklar bo‘lduk! Bo‘lduk! Ammo qishloqlilardan katta iltimosimiz shuldurki,Ovro‘poning mudasidan, shishasidan, buzuq axloqidan namuna olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan balki, ilm, fan, hunar, san’atga o‘xshashlik madaniyatlaridan namuna olub bul jihatdan taqlid qilmoqingiz lozimdur. Ovro‘poning mo‘dasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan asir – qul qiladur. Bundan saqlaningiz!!

Ovruponing maktab, madrasa, ilm, fan, san’at, hunarga o‘xshash madaniyatlari sizlarni obod, ma’mur olim qilub, johillikdan asorat-qullikdan qutulduradur. Birodarlar ko‘zlaringizni ochub yaxshi o‘ylanglar!!

Mana shul Farg‘ona temir yo‘lida bir suyunadurgan ish bordurki: 700 tanobcha yerga istansiya vagzal va iskalad qilmoq ishini (podratini) Namangandan turub asl tashkandlik muhtaram mulla Abdulloh afandi Hamidullayo‘f olmishdur. Vagzalni tomosha qilmoq uchun borganimizda mulla Abdulloh afandining ukasi Abdulaziz afandi ila ko‘rushganimizda Abdulaziz afandi taassuf qilub dediki: Shundog‘ katta muassalarning foydasini Ovro‘polilar ko‘rub, onlarning qo‘llarig‘a o‘tayotganiga ichimiz achishub “Namangan” istansiyasini bino qilmoqg‘a ham olgan edik. Endi mana Andijon katta istansiyasini ham oldik deydur. Vago‘nlab syement kelub turmoqdadur. Syementdan xishtlar qo‘yub turadurlar. Birinchi boshlab istansiyalarg‘a armani va ruslar kelub o‘turmoqdadur. Bechora musulmonlar bo‘lsa yerlarini oylik qilub bermoqdadurlar. Hozirdan ijaraga bersalar bora-bora oz pul bilan sotub ham qo‘yarlar. Vagzalg‘a yaqin yerlarda istansiya atrofida endi g‘ayr millat ko‘rinmoqg‘a boshladi, deydur. Mana shundog‘ gaplarni Abdulaziz afandi bilan so‘zlashib o‘lturdik.

Qarindoshlar diqqat lozim! So‘ng pushaymon bo‘lmoqdan foyda yo‘qligi hammamizg‘a ma’lumdur. Hech bo‘lmasa Abdulla afandidek namuna ko‘rsatg‘uchi fidokor savdogarlarimizdan ibrat olub,Vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar cho‘ntagig‘a solmasdan va bermasdan, o‘z cho‘ntagimizda olub yurmagimiz kerakdur.

Bizga shundog‘ ishlarg‘a kirushmoqg‘a vaqt!..

Biz ham insonmiz insondek yashayluk!.. Maishat to‘lquni bilan urushayluq! Qarindoshlar!.. Vaqt g‘animatdur.

Andijon – (Cho‘lpon)

“Sadoi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 6-iyun.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse