Vanka
Bundan uch oy ilgari, Alyaxin nomli etikdo’zga shogird qilinib berilgan to’qquz yashar bola – Vanka Jukuf milod bayrami kiraturg’an kechasi uyquga yotmadi. Xo’jayin va xalfalarning ertalabki ibodatga chiqib ketganlarini poylab, shundan so’ng xo’jayinning javonidan siyohli shishacha, zang bosgan uchli po’lat qalam oldi-da, bir taxta eskirgan qog’ozni oldiga qo’yib yoza boshladi.
Birinchi harfni yozguncha ul bir necha marta qo’rqa-qo’rqa eshik va terazaga qarab, ikki tomonda etikdo’z qoliplari bilan to’la taxta tokchalar cho’zilib ketgan eski suvratga ko’z tashlab, qur-qur “u” tortib qo’yar edi. Qog’oz kursi ustida yotar, uning o’zi bo’lsa kursi oldida tiz cho’kib turardi.
“Jonim bobom Konstantin Makarich! – deb yozdi ul – mana senga xat yozayotibman. Milod bayrami bilan sizlarni qutlayman. Va egamdan senga sog’liq tilayman. Mening otam ham yo’q, onam ham yo’q, yolg’iz sengina qolgansan g’amxo’rim bo’lib”.
Vanka qarashlarni qorong’i terazaga burib unda o’z oldidagi shamning aksini ko’rdi va darrov ko’z oldida Jivaruf degan boylarnikida kecha qorovulligi qilg’uchi bobosi Konstantin Makarichni gavdalantirdi. Ul kichkinagina, arvoqqina, 65 yoshlarda, lekin juda chaqqon va oyog’i yengil, doim kular yuzli va esirik ko’zli chol edi. Kunduzlari ul umumiy oshxonada uxlar, kechalari esa ot terisidan qilingan keng po’stinga o’ralib olib, hovli tegrasida aylanar va shaqildog’ini urib chiqardi.
Hozir, balki, bobo darvoza oldida turib, qishloq cherkovining och- qizil tovlangan terazalarida ko’zlarini jimiratib, kigiz etigi bilan yer depsab, boyning xizmatkorlari bilan hazil qilishib yotgandir.
– Jindakkina tamaki iskashib o’tmaysizlarmi? – deb, ul yonidan tamaki
qutichasini olib xotin-xalajga uzatadi. Xotinlar tamakini olib iskaylar-da chuchkiralar, bobo bo’lsa ta’rifga sig’mas darajada shodlanib baland qahqahani qo’yib yuboradi.
Tamakini itlarga ham iskatadilar. To’riq it bir-ikki chuchkirib, “boshi-boshi” qiladi-da, o’pkalab bir tomonga chekiladi. Viyun it esa odob yuzasidan chuchkirmaydi-yu, dumini o’ynatadi. Havo juda soz, ko’k yuzi jim, shaffof va toza. Tun qorong’i, lekin hamma narsa: o’zining oppoq tomlar va ham tuynuklardan chiqib kelgan tutun oqimlari bilan butun qishloq, yuzlariga qirovdan kumush yugurtirilgan daraxtlar qor yig’inlari butun ko’rinadi. Butun ko’k yuzi kulib imlaguvchi yulduzlar bilan to’lgan va somon yo’li shu qadar ochiq bo’rtib ko’rinadiki, go’yo uni bayram oldi yuvintirib qorlar bilan ishqalaganlar… Vanka bir “uh” tortib, qalam uchini ho’llab yozishni davom ettirdi.
“Kecha mening boshimga it azobi kelib o’tdi. Xo’jayinning beshikdagi bolasini tebratib turib bilmasdan uxlab qolgan ekanman, shu uchun xo’jayinim meni sochimdan sudrab tashqariga olib chiqdi va tasma qayish bilan juda yomon savadi. Xalfalar meni masxara qildilar, aroq olib kelmak uchun qovoqlarga yuboradilar va xo’jayinning bodringlaridan o’g’irlab berishga buyuradilar. Xo’jayinim esa, qo’liga nima tushsa shu bilan uradi. Yemak degan narsadan xotirjamlik. Erta bilan quruq non, tushlikka kasha, kechga yana quruq non beralar, choy bilan suyuq ovqatlarni xo’jayinlarning o’zlari uradilar. Yotaturgan joyim poxolning usti, ularning bolalari yig’laguday bo’lsa, men sira uxlamasdan beshik tebratib chiqaman.
Jon bobo! Menga rahming kelsin, meni uyga – qishloqqa olib ketgil bu yerdan. Hech bardosh degan narsa menda qolmadi…
Oyoqlaring ostiga yiqilaman, bir umr haqqingga duo qilaman, meni bu yerdan olib ket, yo’qsa o’lganim”.
Vanka og’zini qiyshaytirib, qop-qora mushti bilan ko’zlarini artib, xo’rsinib qo’ydi. “Men senga jonim boricha xizmat qilay, – deb yozuvini davom ettirdi ul, – haqqingga duo qilay, agar sal bir narsa qilgunday bo’lsam, ura berib a’zoyi badanimni titib tashla. Endi agar menga birorta xizmat topilmas, deb o’ylasang, mayli men gadolik qilaman, boylarning “prikazщiklar”ga yalinib ularning etiklarini tozalayman, yo bo’lmasa, Fetka bilan birga poda haydagali chiqaman. Bobojon! Hech toqatim qolmadi, o’lib qolaman. Qishloqqa piyoda qochib ketar edim, etigim yo’q, sovuqdan qo’rqaman. Katta bo’lganimdan so’ng mana shu yaxshiliklaring uchun seni o’zim boqaman, hech kimdan qilcha ham ozor yetkizdirmayman, o’lganingdan keyin buvimning ruhiga duo qilganimday sening ruhingga ham bir umr duo qilaman…
Bu Maskav deganing juda ulkan shahar. Hamma uylari dang’illama. Ot desang hech qaerga sig’maydi, qo’y desang yo’q. Itlari o’zi qopar emas. Bu yerning bolalari tong yulduzi chiqqanda duo o’qishib hovlima-hovli yurmaylar. Ibodat chog’ida duo o’qish uchun hech kimni supachaga chiqarmaydilar. Bir kun bir do’konda o’z ko’zim bilan ko’rdim: har xil baliq uchun har xil qalmoqlar iplari bilan birga sotilar ekan. Orasida juda qimmatbaholari ham bor, bittasini o’z ko’zim bilan ko’rdim: xuddi bir pudli baliq bo’lsa ham ko’tara beradi. Undan keyin ko’p do’konlarni ko’rdim – hammasida har xil g’alati miltiqlar turadi, har birining puli ham yuz so’m bordir… Qassoblarning do’konlarida kaklik deysanmi, tala tovuq deysanmi, hammasi bor, “ularni qaerdan otib keldinglar?” desam hech kim indamaydi”.
“Bobojon, xo’jayinlarnikida yolka bayrami bo’lganda tilla ranglik yong’oqlardan menga deb olib ko’k sandiqchaga berkitib qo’ygil. Menga, Vankaga desang, xo’jayinning xotini Olga Ignatevna beradi”.
Vanka titrab qaltirab turib bir uh tortdi-da yana terazaga tikildi. U esladikim, xo’jayinlarga “yolka” kerak bo’lganda o’rmondan kesib kelish uchun hamma vaqt bobo borar va har safar nevarasini ham olib borardi. Mazza zamonlar edi, bobo qiyqirar, sovuq qiyqirar, ularga qarab Vanka ham qiyqirar, ularga qarab Vanka ham qiyqirardi… Ba’zida “yolka”ga bolta solmasdan burun, bobo bir tamaki tortib olar, uzoqdan-uzoq tamaki iskar, uvishib-dildiragan Vankachani ermak qilar edi…
Qirovlar bilan ortilgan yosh “yolka” daraxtlari qimirlamasdan, qaysi birisiga tezrak ajal kelishini kutadilar. Qaerga qarasang qor to’plamlari ustidan o’qday otilib, quyon chiqib kelardi… SHunda bobo chidamay olmasdan baqirib yuborardi:
– .. ushla… ushla! A shaytonning urug’i-ey!
Kesilgan shoxlarni bobo xo’jayinlarning uylariga olib borar, unda
esa darrov bezashga boshlar edilar… Hammadan ko’p ishlagan xo’jayinning xotini. Vankani sevgilisi Olga Ignatevna bo’lar edi. Vankaning onasi Pelageya tirik bo’lib boylarga oqsochlik qilgan vaqtlarda, Olga Ignatevna Vankani oppoq konfetlar bilan boqar va bekorchilikdan zerikib, unga o’qish, yozish, yuzgacha sanash va hatto “kadril”ga o’ynashni o’rgatar edi. Pelageya o’lgandan so’ng, yetim qolgan Vankani ilgari bobosining yoniga umumiy oshxonaga chiqarib qo’ydilar, undan nari Maskavga etikdo’z Alyoxinnikiga uzatdilar. “Kelgil jon bobo! – deb davom qildi Vanka, – xudoyim nomiga yalinib so’rayman: olib ket, meni bu yerdan. Men sho’rlik yetimchaga rahming kelsin. Hamma meni uradi, qornim hech to’ymaydi, shunday zerikamanki, sira qo’yaqol. To’xtovsiz yig’layman. Yaqinda xo’jayin qolip bilan boshimga shunday urdiki, esimdan og’ib qolib zo’rg’a o’rnimga keldim. Nobud bo’ldi mening turmushim, har qanday itnikidan ham yomonroq bo’lgan turmushim.. va yana Alyonaga bukri Yegarkaga va kucherga duo de. Ammo Germanimni hech kimga berma, deb nevarang Ivan Jukuf yozdim – jon bobo, kel!”.
Vanka to’rt betga xat bitilgan qog’ozni bukladi-da, kecha bir tiyinga sotib olingan konvertga soldi. Bir oz o’ylangach, qalam bilan uchini ho’llab adres yozdi:
“Qishloqda turguvchi bobomga”. So’ngra boshini qashladi-da bir oz o’ylagandan so’ng qo’shdi: “Konstantin Makarichga”. Xat yozganiga hech kimning mone’ bo’lmaganligini o’ylab sevindi, boshiga shapkasini kiydi-da, po’stinni yelkasiga olmasdan ko’ylakchanoq yugurib ko’chaga chiqdi…
Kecha qassob do’konidagi xotinlardan so’raganda degan edilarki, xatlar pochta qutisiga tashlanadi, so’ngra u qutichalardan olinib uch otli pochtalarda mast haydovchilar va jingir-jingir qo’ng’iroqlar bilan hamma joyga yetkaziladi. Vanka yugurganicha birinchi pochta qutisiga yetib bordi va qimmatbaho xatni yoriqdan tashladi…
SHirin umidlar bilan allalangan Vanka, bir soat o’tgach, qattiq uyquga ketdi… Tushiga pechka kirgan edi. Pechkaning ustida yalang oyoqlarini sangillatib bobo o’tirardi va nevarasining xatini xizmatchi xotinlarga o’qib berayotgan bo’ladi… Pech oldida esa quyrug’ini o’ynatib “Viyun” yurgan bo’ladi…
This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only. | ||||
Original: |
| |||
Translation: |
|