Vahki, mandin yoshurin yor o‘zgalarga yor ekan...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Vahki, mandin yoshurin yor o‘zgalarga yor ekan...
by Ogahiy

Vahki, mandin yoshurin yor o‘zgalarga yor ekan,
Kechalar xilvar aro bazmi nihoni bor ekan.

Xotirimni zohiran yuz va’dadan xushnud etib,
Botinan ko‘ngli hamisha moyili ag‘yor ekan.

Oshkoro til uchi birla bo‘lib moyil manga,
Kongli mayli o‘zga elga yoshurun bisyor ekan.

Dev siyrat muddaiylar sori rag‘bat ko‘rguzub,
Men hazinu bedilu bechoradin bezor ekan.

Har kecha ishrat mayin no‘sh aylabon avbosh ila,
Tongg‘acha masti sharobi sog‘ari sarshor ekan.

Chun nihon ag‘yor ila bazm etmish ul sultoni husn,
Fahm qildimkim,anga man xasta quldin or ekan.

Ko‘ngli sandin o‘zgalarg‘a rog‘ib o‘lmish,e y ko‘ngul,
Umrlar ishqida mehnat chekkaning bekor ekan.

Oshiqikim topsa hosid gar oning yorig‘a qurb,
Bu jahon ichra tirik yurmak anga dushvor ekan.

Yor topmishlar raqibu muddayilar olida,
Ogahiy,emdi sanga ul ko‘y aro ne bor ekan.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse