Uz/Muhabbatsiz kishi odam emasdur
Appearance
Muhabbatsiz kishi odam emasdur — Gʻazal
Na gul sayr ayla, na fikri bahor et,
Jahondin kech, xayoli vasli yor et.
Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et.
Uzoru qaddu raftoringni koʻrsat,
Chaman sarvu gulini sharmisor et.
Labi maxmurdadurmen, jomi may tut,
Karam qil, soqiyo, daf’i humor et.
«Analhaq» mojarosin aylading fosh,
kel, ey Mansur, istiqboli dor et.
Duru ashku aqiqi xuni dilni
Kelu yoring ayogʻigʻa nisor et.
Kuyib, ey Nodira, olam eligʻa
Muhabbat shevasini oshkor et.