Uz/Ehtiyoj

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search

Author:Uz/Nodira

Ehtiyoj — Gʻazal

Qilmagʻil zinhor izhor ehtiyoj
Kim, aziz elni qilur xor ehtiyoj.

Hech kim olamda forugʻbol emas,
Har kima oʻz miqdoricha bor ehtiyoj.

Ganji husningni zakoti ber menga,
Sen gʻanisan, menda bisyor ehtiyoj.

Koʻzlarim aylar yuzingni orzu
Kim erur koʻzguya diydor ehtiyoj.

Mustamand etti meni muhtojlik,
Qildi hojatmanding, ey yor, ehtiyoj.

Gar tilarsen obroʻ ahbob aro,
Aylama zinhor izhor ehtiyoj.

Qil ravo, albatta, oshiq hojatin,
Boqmagʻil arz etsa agʻyor ehtiyoj.

Bir tarahhum zohir etsang, netgusi,
Qildi husninggʻa meni zor ehtiyoj.

Yor vaslini tilarmen, Nodira,
Ayladi koʻnglimni afgor ehtiyoj.