Jump to content

Uz/Dahrni imtihon etib ket

From Wikisource

Author:Uz/Nodira

Dahrni imtihon etib ket — Gʻazal

Kel, dahrni imtihon etib ket,
Sayri chamani jahon etib ket.

Bedardlaring jafolaridin
Faryod etib, figʻon etib ket.

Dunyo chamanini bulbulisen,
Gul shoxida oshyon etib ket.

Ey ashk, koʻzimni maktabidin
Hayrat sabaqin ravon etib ket.

Olam chamaniki bevafodur,
Bir oh bila xazon etib ket.

Ushshoq maqomi boʻstondur,
Azmi rahi boʻston etib ket.

Maqsad na edi, jahona kelding?
Kayfiyatini bayon etib ket.

Fosh etma ulusqa ishq sirrin,
Koʻngulda ani nihon etib ket.

Kel, ishq yoʻlida koʻzlaringni
Ey Nodira, durfishon etib ket.