Uyqu chog‘i tunda chiqdi mohi tobon o‘zgacha...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Uyqu chog‘i tunda chiqdi mohi tobon o‘zgacha...
by Majzub

Uyqu chog‘i tunda chiqdi mohi tobon o‘zgacha,
Kun muzayyan bo‘ldi yer sahni guliston o‘zgacha.

Ishqi sho‘r angez yomg‘ir to‘kdi dard aflokdin
Mubtalolar nolasi bo‘ldi namakdon o‘zgacha.

Oftobi ma’rifatni sen quyoshga tenglama
Ko‘rki, osori tutun oy bahri Kan’on o‘zgacha.

Sarv buklandi, sihi sindi sanubar hamlada
Chun malohat nahli qad ingach namoyon o‘zgacha.

Yor vaslini tilab hayron, hazin, zor elni ko‘r
Sut tilab yig‘lar kichiklar sa’yi mardon o‘zgacha.

Bevatan sarsonlig‘i ham xastalarni nolishi
G‘am yetim go‘dakdadur, shomi g‘aribon o‘zgacha.

Yorga yetmoq hazin ushshoq dog‘i jon aro
Lek zavqi muddaoyi ahli davron o‘zgacha.

Yor vasliga yetishgan ranjlikka bor shifo
Bedavo darddur yetishmay yo‘lda qolg‘on o‘zgacha.

Bu shariat ichra garchi ajralik ish to‘la bor
Lekin bir ko‘ngli buzuqni ko‘nglin olg‘on o‘zgacha.

Jon berib jononga yetmoq dema har kimning ishi
Tuxm savdo tarbiyat qilg‘uvchi dehqon o‘zgacha.

Har kishi o‘z suyganicha ko‘nglida suygoni bor
Matlabi chug‘z o‘zgacha ra’yi andalibon o‘zgacha.

Yor kelmakchi edi, yo‘l bermadi unga raqib
Dilrabolar yo‘lini to‘sguchi shayton o‘zgacha.

Der junun ahliga pand ahli pariga berma dil
Naylasun duch kelsa bir kokil parishon o‘zgacha.

Ko‘p gunoh etguchi ko‘rdim orqasidin tavbasi
Rahmating seli digargun, manda isyon o‘zgacha.

Har viloyat shoiri bir tarz she’r insho etar
She’ri nomarbut Majzubi Namangon o‘zgacha.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse