Uvaysiy

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Uvaysiy  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon
Mazkur maqola «Yorqin turmush» jurnalining 1936 yil 4—5 qo‘shma sonida e’lon qilingan.

Klassik maqomlar orasida ko‘pchilik ichiga eng ko‘p yoyilgani, shubhasiz, «Iroq» kuyidir. Uni Buxoroning shashmaqomchi hofizlari ko‘p aytar edilar. To‘ychi akav a uning jo‘ralari ham uni boshqacha qilib ishlab, omma orasiga yoydilar. U sahnamizda eng avval «Halima» vositasi bilan jarangladi. «Halima»ning birinchi — dastlabki variatida «Iroq» kuyi yo‘q edi, keyincha piyesani bir qadar nshlashga to‘g‘ri kelgan vaqtda Halima (qiz) ning ariyasi bo‘lib sahnaga chiqdi. «Halima» piyesasida uni marhum Tursunoy, so‘ngra Halima Nosir qizi, Naziraoylar; ayrim no‘mer o‘laroq Abdulhaq Sultonov, Rahimberdi Bobojonov, Boborahim, Karim Zokiriy, Qo‘ldoshev va boshqalar aytdilar. Ko‘pchilik yoqtirdi va u, tom ma’nosi bilan grajdanlik qozondi.

«Iroq»ni ayrim no‘mer holida o‘quvchi hofizlarimiz u kuyga Uvaysiyning:

«Zaboningni keturgil, ey shakarlab to‘ti guftora,

Nechikkim marhamat bo‘lsin necha mandek dilafgora».

deb boshlanaturg‘on mashhur g‘azalini o‘qub keladilar.

Ana o‘sha g‘azalni yozgan Uvaysiy Umarxon davrida yashagan ayol shoirlardan bo‘lib, nomi Jahon otin edi. U, «evaz» bahrli bir g‘azalining oxirida o‘z taxallusi, (shoirlik nomi) va ismini mana bunday qilib bildiradi:

Yo‘qotib o‘zni fano martabasiga yeta ko‘r,

Vaysiy nomim mening ul nomi Jahonimga evaz».

Jahonoyi asli o‘zi Marg‘ilonlik bo‘lgan. Umarxon o‘rdasida xonning o‘zi boshliq bir necha shoir bo‘lganini (Fazliy, Ado, Hoziq, Gulxaniy va boshqalar), ularning tez-tez to‘planib mushovara qilishg‘anlarini eshitgandan keyin, o‘sha shoirlar majlisiga kirmak havasiga tushadi. Buning uchun Qo‘qonga bormoqchi bo‘lib otasidan ijozat so‘raganida otasi uning talabini qaytarmasa-da, qizning saroydagi shoirlar majlisiga kirishiga yordam ko‘rsatar degan umid bilan Qo‘qondagi obro‘li odamlardan bir do‘stining hovlisiga yuboradi. U odam, qizning shoira bo‘lsa ham hali yosh ekanini ko‘rib, ikkilanadi:

— Bu holingizda borib kirolmassiz. Bironta qari xotin qiyofasida borib ko‘rsangiz, — dedi.

Jahonoyi qari kampir kiyimlarini kiyib, eski paranji yopinib o‘rdaga boradi. Uni kiritmaydilar. So‘ngra, u, yuqorida ko‘rsatganimiz «Zaboningni» deya boshlangan g‘azalidan mana bu ikki yo‘lni yozib shoirlar majlisiga kiritadi:

«Meni «Latakhuli» deb mahrum etma bog‘bon ahli,

Azal degoni bag‘rim qonini to‘kkan bu gulzora».

Shundan so‘ng uni shoirlar majlisiga kiritadilar, Faqat u yerda uning qari kampir emas, yosh bir juvon ekani bilingandan keyin, biror «fitna» chiqmayein deb bo‘lsa kerak, uni darhol saroy ichkariligiga kiritib yuboradilar. Shu bo‘yicha Jahonoyi Umarxon saroyida qolib ketadi va so‘ngroq «Jahon otin» deb shuhrat chiqaradi.

Saroyda yashagan davrida Marg‘ilonning Qalandarxona degan joyiga yaxshi sirkorlik bir uy soldirgan ekan. O‘sha uy hali ham saqlangan deydilar.

Uning «Karbalonoma»si, «Devon»i va ham Muhamadali xonga (Umarxonning o‘g‘li, shoir) bag‘ishlangan «Xitoy safari» nomli asarlari bor.

Jahon otinga bir kun, dasturxon ustida anorni ko‘rsatib, shu to‘g‘rida bir narsa demakni iltimos qilg‘anlar. Jahon otin o‘sha minutning o‘zida anor to‘g‘risida to‘rt yo‘llik bir she’r yozgan. Badehago‘lik (ekopromt) yo‘li bilan yozilgan bu to‘rt yo‘llik bayt anorni qanday go‘zal va san’atkorona tasvir qiladi:

«Bu na gumbazdir, eshigi tuynugidan yo‘q nishon,

Necha gulgunpo‘sh qizlar manzil aylabdir makon,

Sindirib gumbazni qizlar holidan olsam xabar:

Yuzlariga parda tortig‘liq, tururlar bag‘ri qon».

«Yuzlariga parda tortilgan «qizlarning» bag‘rlari qon» bo‘lganini aytgan, saroy cho‘riqizlarining ohi zorini tasvirlab bergan.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse