Ustodning xislatlari
Menga M. Gorkiyning eng yaxshi asarlaridan «Ona»ni tarjima qilish sharafi tushgan. Men uni ancha uzoq muddat ichida tarjima qildim. Chunki sevardim, sevganim uchun butun ko‘nglimni shunga qo‘yar va shunga qo‘yardim. Asar o‘zi odamni juda qiziqtiradi, shuningdayki, tarjima qilaturib o‘zim asarning mafhumiga berilib ketaman-da, tarjimani unutib, asarni o‘qib ketaman. Shunday hollar menda ko‘p bo‘ldi va bir necha marta o‘qug‘on joylarimda bo‘ldi. Men ravshan sezamanki, ulug‘ ustod Gorkiy o‘zining klassik ijodi bilan menga o‘sha ijodning maftun tarjimoniga o‘zim sezmaganim holda ta’sirini o‘tkazib qo‘yg‘on. Bu ta’sir mening ro‘manlarimda o‘zimga ko‘runib turadi.
Gorkiy — odam do‘sti. Bizning inqilob rahbarlari Lenin va Stalin, odam bolalarining haqiqiy dushmanlariga qarshi omonsiz bo‘lgan bu zotlar, asl insonlarni qanday olijanob bir sevgi bilan sevadilar. Buning dalili minglarcha. Faqat bir Leninning, o‘sha ochlik va qahatchilik yillarida, o‘z nomiga kelgan (uning o‘ziga atab, olis viloyat ishchilari tomonidan ataylab yuborilgan) g‘allani o‘sha bo‘yicha go‘dak uylari va maktablarga berib yuborganini eslasak kifoya. Ulug‘ Stalin tog‘lik qizi Mamlakat bilan ko‘risharkan bu g‘amxo‘r otaning yuzidagi chin sevinch olovining alangalarini eslaylik! Shu birgina misolning o‘zi kifoya. Butun mazlum bashariyatning necha yuz, ming yillik sevgisini o‘zida aks etdirgan u yuz ifodasiga do‘st quvonib, dushman kuyadi. O‘sha sevinch olovi, odam bolasiga bo‘lgan haqiqiy muhabbatning u jilvasi Gorkiyning asarlarida to‘lib yotadi. «Ona»da Onaning obrazi, Sofiya, kasal (mum zavodidagi sil kasal) va boshqa-boshqalar odam bolasini sevishda yozuvchining ko‘ngli poyonsiz bir dengiz ekanini ko‘rsatadi. Gorkiy odam bolasiga muncha mehr va muhabbat ko‘rsatgan bo‘lsa, bu uning o‘z ko‘nglidagi odam sevish xislatidangina kelib chiqqan sub’ektiv bir narsa emas. Bu — yozuvchi mansub bo‘lgan Ulug‘ sinfning umumiy xislati. Buni «Ona»da Gorkiy juda shirin qilib aytadi. Ishchilar birovga bir oz ozor berganlar. Shu haqda ular orasida gap boradi:
— Biz bilan ular o‘rtasidagi farqni ko‘rdingmi: birovni sal urib qo‘yibdi-yu (biznikilar—Ch) endi ko‘ngli kir bo‘lib, uyalib, ozor chekib yuribdi. Hammadan ham ko‘ngil kirligini ayt! («Ona», 1-bo‘lim, 27-bob).
Gorkiy — shoir. Uning asarlarida faqat bir nasrchi (romanchi) ko‘rinmaydi, har yer-har yerdan nozik ko‘ngulli, go‘zallik sevguchi va tabiat maftuni bir shoir kelib chiqadi. Men o‘zim har qanday nasrli asarda (roman, hikoya) go‘zal tashbehlar va tabiat tasvirlarini yaxshi ko‘raman. Gorkiyda bu narsalar ko‘p emas, oz; uning shirinligi ham shundan. Ular juda ko‘p bo‘lib ketsa, rassomning san’at asari qolmaydi-da, bo‘yoqchi (sirchi)ning andozasiz va san’atdan mahrum chizma chizig‘i qoladi.
Gorkiy har qanday tabiat manzarasini jonlantirib, unga jon kiritib, uni ko‘z oldimizga shundoqqina kelib to‘xtaydig‘on qilib oladir. Uning jonli romanlari u yoq bu yoqda yuboradilar: u tasvirlagan olovning alangasi yonib turgan quruq havo emas, u o‘ynaydi, o‘ynab, qimirlab siz-bizga o‘xshagan yashab turadi: «U o‘t yana tutashdi, lekin bu daf’a ilgarigidan kuchliroq, yorug‘roq; ko‘lagalar yana o‘zlarini o‘rmonga urdilar. Yana o‘t tegarasiga yopirilib keldilar va gulxan atrofida, unsiz, yovlar o‘yinini boshlab, qaltirashg‘a tushadilar. Ho‘l shoxlar o‘tda javrab dod-voy qiladilar. Iliq havoning to‘lqinlari bilan bezovta qiling‘an yaproqlar bir-birlari bilan quchoqlashib, dam sariq va dam qizil ranglarga kirib o‘ynashar — uchqunlarini socha-socha, yuqorilarg‘a ko‘tarilishar, kuygan barglar uchushar, ko‘kdagi yulduzlar esa uchqunlani imlashib, ularg‘a tabassum qilishardi».
Gorkiy ishchilar sinfi yetishtirgan eng buyuk san’atkor, san’at ustodi.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|