Ulug‘ hindi
“Shu narsani yuragim duk-duk urib turub yozdim” desam yo ishonasiz, yo ishonmaysiz.
Lekin, yuragim “shamol tekkan yaproqday qaltiraydir…” Bir xil zavq – “nash’a” bilan qaltirag‘an yuragim, butun tanimni silkitadir va qo‘lim ham shu orada yengilgina chayqalib turadur. “Bu nimadan keldi?” desangiz, anglatay:
Shu so‘zlarning eng yuqorisida “Ulug‘ hindiy” deb qo‘yubmen-ku, ana o‘sha ulug‘ zot, ya’ni Robindranat Tagor degan kishi, yoshroq vaqtlarida butun dunyoning eng baland tog‘laridan bo‘lgan Himolayaning haybatli yonbag‘irlarida otasi bilan birga sayohat qilib yurgan ekan. O‘sha vaqtlarda ham nippa-ninazin (ya’ni balodek) shoir bo‘lg‘an u buyuk zot hech narsa yoza olmabdir. Shunday ulug‘ Himolayaning ko‘klar bilan o‘pishgan cho‘qqilarida, tun qorong‘isidan ham qalin o‘rmonlar qo‘ynida, shunday katta shoir bir og‘iz narsa deya olmasa, birgina she’r parchasi yoza olmasa-ya? Muni qarang! O‘z tirikchiligiga oid kitobida o‘zi shunday deb yozg‘andan keyin tang‘irqab* – hayrat yoqasini ushlab qoldim…
Ruschaga tarjuma qilinib, bosilg‘an asarlarining ko‘pini o‘qub o‘tganimdan keyin, shu ulug‘ va qiymatbaho odamni o‘z elimga tanitmoqchi bo‘ldim. Shu niyat bilan qo‘limg‘a necha martaba qalam olg‘an bo‘lsam, hammasida ham qaltiroq bosdi, to‘qtadim… Faqat, meningcha, u qaltiroq bosishlarning va u yurak qaltirashlarning “sirri” ham shu orada bilindi, shundaykim:
– Hind dohiysining Himolaya tog‘larida hech narsa yoza olmaslig‘i u tog‘ning juda haybatli, azamat va ulug‘ bo‘lub aqlni shoshirib qo‘yishlig‘idan bo‘lsa, mening u azim zot to‘g‘risida hech narsa yoza olmay qaltiroqlanishim ham u odamning Himolaya tog‘lari qadar haybatli va ulug‘ bo‘lishidan kelgan ekan!
Eski adabiyot bilan yangi adabiyotning o‘rtasida qolg‘an sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin, yangisi yana shirin, g‘arbniki tag‘in* – yana shirin. Qaysi bittasiga ko‘proq berilsin? Biri-biridan shirin axir!
Bizning o‘zbeklar uchun hali hozirg‘a u xil chuchmallik yo‘q. Nimaga desangiz, o‘zbeklar eskidan – hech sababsiz! – arazlag‘an, xafa; yangiga – endigina suqulib kirmoqda. U adabiyot maydonida yangilikka nisbatan: yosh bola, go‘dak, chaqaloq, eskilikka nisbatan: yetim, kimsasiz; (безпризорный), o‘zboshli! Jur’at qilib: «yo‘lsiz» deb yuborayin deymenu, qo‘rqamen; negakim boshlab… o‘zim yo‘lsiz!
O‘zimning yo‘lsizlig‘imdan bir oz so‘zlab o‘tayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiymen: bir xil, bir xil, bir xil!
Ko‘ngil boshqa narsa – yangilik qidiradir: Botu, Gʻayratiy, Oltoy, Oybek, Julqinboylarni o‘qiymen, quvontiradir, xolos! Ular mening uchun yong‘an chirog‘lar bo‘lsa ham, mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy va Hakimzodalarni o‘qumaymen, o‘qumaymen. meni shu holg‘a solg‘an o‘shalar!..
“Nechun ochildi ko‘zim. Qayda ketdi uyqularim?..”
To‘qaydan tortib Qavi Najmigacha – tatar adabiyotini, Hodidan tortib Javodga qadar Ozarbayjon adabiyotini (Husayn Jovidni ajratib olib qoldim!), Nomiq Kamoldan Ali Sayfi (A.Sayfi)ga dovur usmonli adabiyotini o‘quymen: yo – ortiq yangilik, g‘arblik, yo ortiqcha sharqlilik! Faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning ba’zi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan so’fiylarcha she’rlarini o‘quymen; shularga durustgina qonamen; undan keyin Yahyo Kamolning “Sa’dobod” ruhida ba’zi narsalari. Faqat – ular shu qadar ozki…
Ana shu vaziyatda ekan, haligi ulug‘ zot menga yo‘luqdi. Shundan keyin chinakam qondim!
Qo‘lim qaltirasa ham, yuragim o‘ynasa ham, qudratim yetmasa ham o‘sha “Sharq va Gʻarb o‘rtasidag‘i oltun ko‘pruk”ni elimga tanitmoqchi bo‘ldim. Mundan ortiq bir narsa demak, chinakam, qo‘limdan kelmaydir. Mening qo‘limdan kelgani: u muborak odamning ba’zi bir narsalarini nasr bilan ruscha orqadi tarjuma qilib berish bo‘ldi. Shu ham – katta gap.
Quyida uning “O‘roq oy” degan asaridan uchta she’rning tarjumasi bosildi. U she’rlar to‘g‘risida faqat shunigina ayta olamankim, ular yosh bola, ya’ni go‘dak ahvoli ruhiyasini ko‘rsatishda bir-birlari bilan poygak qo‘yishadirlar. Shularni o‘qudim, qaytib-qaytib o‘qudim, undan keyin Hoji Rajabning Shukur va Habib degan kichkina-kichkina bolalari bilan gaplashdim va birga-birga… o‘yun qilishdim! Shunda bildimkim, o‘shalarning har biri: bir Tagor, bir ulug‘ Hindiy!
Cho‘lpon
“Maorif va o‘qitg‘uchi” 1925-yil № 7-8.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|