Uloqda

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Uloqda  (1916) 
by Abdulla Qodiriy

I

Kecha dadamdan soʻrab qoʻyganim uchun bugun akam ham «kerak emas, borma» degan jekirishini qilmadi. Choyni naridan-beri ichib, otxonaga yugurdim.

Dadam bilan oyim:

— Oyogʻing olti, qoʻling yetti boʻlib qoldiyov! — deb kulishib qoldilar.

Qashlogʻichni oldim-da, qora qashqqamni yalangʻochlab uyoq-buyogʻini qashlab chiqdim. Jonivor tipir-tipir qiladi, bosh chayqaydi, yer tepinadi, dum silkitadi... Shuning bilan mening koʻnglimga: «Xudo xohlasa kelasi yilga bir uloqlar chopayki, hamma meni: «Turgʻun chavandoz», deb atasin degan orzular tushadi.

Ulugʻ hayitdagi hayitlikka oldirgan moʻgʻul egarcha bilan gʻalaticha qilib toychamni egarladim. Togʻamga yalinib-yalpogʻlanib oldirgan oʻrus yuganni artib-surtib soldim-da, oʻzim chetroqdan turib kam-koʻstini kuzatdim:

— Quyushqoni ham oʻrnida, egar ham yaxshi qoʻngan, qorinbogʻi ham jips, yugan ham toʻralarnikidek! Lekin umuldirigʻining yoʻqligi biroz koʻnglimni gʻash qildi. Anchagina oʻylab turganimdan keyin, akamning yugan uchun asrab qoʻygan qayishi esimga tushib, sekingina yertoʻladan haligi qayishni olib chiqib, umuldiriq yasadim.

Endi toycham juda ham gijinglab, xuddi toʻralarnikidek boʻlib ketdi. Uyoq-buyogʻini supurgandan keyin ustunga qantarib qoʻydim. Endi qoldi: oq jujuncha kamzulimni, oʻrischa shimni, amirkon etikni, baxmal toʻppini kiyish... Ana shundan keyin otga minsak chin toʻracha boʻlamiz-da!

Oyimning bir qiziq odati bor: har qachon yangiroq kiyim kiymoqchi boʻlsam, koʻzini ola-kula qilib: «Qaqshagʻir, kir qilasan, toʻy-poʻyga borganda kiyarsan!» — deb qargʻay boshlaydi. Ozgina «shayton yigʻisi» qilmaguningcha ish oʻnglanmaydi. Bu gal ham oʻshandogʻ yigʻidan qilib olganimdan keyin, kiyimlarimni kiyib, shohi qiyiqchamni belimga bogʻlab oldim. Oyimga bildirmasdan sekingina uyga kirib, dadamning kumush chopqon qamchisini ichimga tiqib, tashqariga chiqdim.

Xizmatchi goʻsht keltirib turgan ekan. Otxonadagi qora qashqani koʻchaga chiqarib turishga buyurib, goʻshtni oyimga kirgizib berdim-da, tashqariga qarab chopdim.

Oyim orqamdan:

— Kiyimlaringni kir qilma, toyingni qattiq choptirma, uloqchilar orasiga kirib, biror hodisaga yoʻliqma, oʻrtoqlaring bilan bir chetda turib tomosha qil! — deb javrab qoldi.

Xizmatchidan otni olib mindim. Toʻnimning etaklarini yigʻishtirib, qashqachamning choviga bir-ikki qamchi bergan edim, jonivor shataloq otib ketdi. Xizmatchining: «Ha, barakalla! Chavandoz!» degan tovushini eshitib, qattiqroq qamchilab edim, jonivor qashqacham koʻtarib ketayozdi.

II

Chuqur ariqdan toyimni sugʻorib chiqayotganimda bir ioʻda uloqchi-chavandozlar uchrab qoldilar. Ularning ba’zilari akamning oʻrtoqlari edilar, men bilan soʻrashdilar. Ulardan biri akamning qayerdaligini soʻragan edi, men ertalab uloqqa ketganligini aytdim.

— Bizning Mahkamboy uloqqa juda ham ishqiboz-da! — dedi haligi yigit.

— Yoʻl boʻlsin, boyvachcha? — deb soʻradi mendan yana beri. Men uyalinqiradim:

— Uloqqa! — dedim.

— Barakalla, chavandoz! Barakalla, Turgʻun chavandoz! — deyishdi ular. Ayniqsa meni «chavandoz» deb atashlari juda ham kayfimni keltirib, ichimdan: «Otangga rahmat», — deb qoʻydim.

Biz bir durkum otliq boramiz. Jonivor toycham boshqa otlardan qolishmaydi va goho ularning otlaridan oʻtib ham ketadi. Toycham oʻta qolsa: Otingiz juda ham yoʻrgʻa ekan-da, boyvachcha», — deb menga piching otishadilar.

Ha kim har narsadan bahs qiladi, orada menga ham soʻz qotib qoʻyadilar. Men uyalaman. Soʻz urinib yana Mahkam akam ustida toʻxtaldi:

Shu choqqacha koʻp uloqchi koʻrdim, lekin Mahkamdek uloqqa serzavqini koʻrmadim! — dedi bittasi.

— Mahkam boyvachchaning ota-bobosi uloqchi boʻiib kelgan-da! — dedi Sobir tegirmonchining oʻgʻli.

— Axir, oʻn ikki yashar ukasini koʻrmaysizmi, shu yoshidan uloq chopmoqchi!

Bu soʻzdan mening a’zoyi badanim jimirlashib ketdi va oz qoldiki kulib yuborsam.

— Dadam Mahkamning bobosining uloq chopshini gapiraversa kishi hayron qoladi, — dedi yana bir moʻylovi shopdek yigit, — yuz, ikki yuz chavandoz ichidan yoppa-yolgʻiz uloqni ajratib chiqar ekan-da!

— U vaqtning odamini uloqning piri desang-chi! — dedi Sobir tegirmonchining oʻgʻli.

— Oting yaxshi va bilagingda kuch serob boʻlsa, sen ham uloqning piri boʻlasan! — dedi yana biri.

Men bobomning maqtovini eshitib, kekkayib bormoqdaman... Shu paytda orqamizdan ot shatalogʻi eshitilib, qayrilib qaragan edik, oldiga bir ola echkini oʻngargan, koʻkragi ochiq, yaktakchan, saman otliq bir yigitni koʻrdik. U bizga yetib toʻxtadi va hamma bilan ot ustida turib soʻrashdi.

— Bu hafta yordamlashasiz-da, karvon! — dedi kulimsirab Toʻgʻon aka.

— Ha, boʻlmasam-chi, sizdek ogʻaynilarga koʻmaklashmasam boʻladimi! — dedi haligi yigit va toʻzumsizlandi: — Qani, ildamroq yuringlar!

Yigit bilan birgalashib ketdik. Biroz borgach, bizning otimizning oyogʻi bilan chavandoz yigitning sabri tugadi shekilli, otiga birdan shartillatib qamchi berdi va qushdek uchib ketdi. Biz, faqat uning: «Men tezroq boray», — degan soʻzini eshitib qoldik. Endi soʻz haligi chavandozning oti toʻgʻrisida boshlandi.

— Valadning oti juda ham chopqir-da, — dedi Toʻgʻon aka, — uloqchi boʻIganingga yarasha shundaqangi oting boʻlsa!

— Xuddi bodirafrafdek uchadi! — dedi moʻylovi shopdek yigit.

Shu vaqt nima uchundir hamma birdan sharaqlab kulib yubordi. Kulgi sababiga tushunmasam-da, men ham ularga qoʻshilib kulishdim.

— Bodirafrafmi, bodisarsar? — deb soʻradi undan allakim.

III

Biz, akamga «Doʻmburovot» guzarida uchradik. Akamlar samovarchiga palov damlab qoʻyish uchun oʻzaro pul yigʻib berishgandan keyin, biz yana yoʻlga tushdik.

Dalaning koʻchasi qishdan boshqa vaqtda suv koʻrmagani uchun ikki gaz keladigan bilq-bilq guppon tuproq, yigirma-oʻttiz uloqchi birdaniga yoʻl bosib, qaysi otini choptirib, qaysi Ioʻkillatib boradi.

Koʻchani toʻzon qoplagan, kishi kishini tanimaslik holga kelgan. Men boʻlsam uyga qaytib borganimda: «Kiyimlaringni pes qilibsan!» — deb oyimning qargʻishidan qoʻrqib boraman.

Talaygina yoʻl bosgandan keyin uloq chopiladigan joyga yetdik. O'zi, toʻrt tarafi koʻz ilgʻamaytirgʻon darajada katta va sayhon bir yer ekan. Bu joyga juda koʻp xalq yigʻilgan, bundagi uloqchi otliqlar bilan tomoshachi yayovlarning had-hisobi yoʻq. Katta sadaqayragʻochning tagida ikkita bordondek samovarga oʻtin qalab qaynatadilar. Undan nariroqda bir-ikki kishi uch-toʻrt qop bodringni bir-birisiga tirab qoʻyib: «Mirza qiron bodiring! Kasir-kusir bodiring!» deb maqtashadilar.

Akamlar sadaning ostiga — samovarchining palosiga otdan qoʻndilar. Kun qizigʻida turish qiyin boʻlgani uchun, men ham toycham bilan sadaqayragʻochning bir bagʻriga borib turdim. Tevarakdagi kishilar bir menga va bir toychamga qaraydilar. Men uyalib toychamning yolini tarayman. Tevaragimdagi kishilar orasida vagʻir-vugʻur gap, toʻzumsizlanib uloqning boshlanishini kutadilar. Birisi: «Bugun uloq qizimaydi», — desa, ikkinchisi: «Bekor aytibsan, bugun uloq juda ham qiziydi, chunki Salim bilan Murod chavandozlar kelar emish», — deydi. Yana biri: «Ha, ha! Agar Salim kelsa, uloq juda ham qizir ekan!» — desa, allakim: «Salimning oti qozoqi ot, qamchi koʻtarmaydi, hayt desa bas!» — deydi. Tagʻin birov: «Ular uch kishi edi, ikki yildan beri biri koʻrinmay qoldi, ana oʻshanisiga chavandoz bolasi bas kelolmas edi!» — desa, yana allakim: «oʻlma, oʻlma! Men ham shuni koʻpdan beri koʻrmayman, girdigʻumdan kelgan, yerdan bichib olgandek yigit-a?» «BaIli, balli! Otangga rahmat, xuddi oʻsha yigit, qancha soʻrogʻlasam hech kimdan daragini bilolmadim!»

Shu yigitning ustida anchagina janjal boʻlib oldi, biri: «oʻlib ketgan», — desa, ikkinchisi: «Tirik!» — deb qichqiradi. Ularga yana birisi qarshi turib: «Ot bosgan, doktorxonada oʻlgan!» — deydi, soʻfiroq bir odam: «Birovga yomon nafas qilmanglar!» — degan edi, allaqaysi kishi: «oʻlsa oʻlgandir, bunga nima janjal!» — deb qoʻydi, tagʻin birov: «Bekor ham oʻltiribmiz-da!» — deb kuldi. Yana: «Sirasi-sirasi!» Tagʻin shovqin-suron, yana: «Ha, ha!» Tagʻin: «Yoʻq, yoʻq»...

Bir kishining: «Ana uloq keldi!» deb yuborishi bilan hamma tip-tinch boʻlib, uloqqa qarab qoldi. Yana bir ozdan keyin: «Ulogʻi yosh ekan! Yaxshi chavandozga uchurvoq ham boʻlmaydi!» «Shunisi tuzuk, shunisi!» — deganjanjal boshlagan ham edi, maydonga ikki chavandozning ot oʻynatib kirishi hammaning tovushini oʻchirib qoʻydi va sekin-sekin: «Salim chavandoz!» «Murod chavandoz!» degan shivirlashishlar eshitilib qoldi.

— Qorasi Salimmi, choʻtiri?

— Salimning bilagi kuchlikka oʻxshaydi! Chavandozlaming birisi koʻk chovkar va ikkinchisi ola otga mingan bahaybat chapani yigitlar edilar. Bular kelgandan keyin xalq chidamsizlanib qoldi:

— Ana endi chin uloq koʻrasan! — deyishadilar.

— Bukun qiyomat ulogʻi boʻlar ekan! — deb boshlarini chayqatib qoʻyadilar.

— Murodning otini koʻr, xuddi qanoti borga oʻxshaydi.

— Koʻk chovkarni aytasanmi, toʻruqnimi?

— Har ikkalasiga ot yetmaydi, ikkovi ham yaxshi zot!

— Qulogʻi chimirilgan ot chopqir boʻiadi!

— Quloqda gap yoʻq, gap zotda! — Yoʻq, yoʻq! Serkishnovda, oʻzim sinab koʻrdim!

— Qora ot chopqir boʻladi, deganlar, qorasi yaxshi, qorasi!

— Dadam rahmatlik ot olganda tuyogʻiga diqqat qilar edi, gap tuyoqda.

Bahslashadilar, har kim oʻz yonidagi bilan talashadi. Men ham shu toʻgʻrida oʻylab, ularning aytgan nishonlarini qora qashqamdan qidirib topsam suyunib, topmasam kuyunib turaman.

Mahallamizdagi oʻrtoqlarimdan Nurxon, Haydar soqov, Shokir mishiqilar ham otlarini loʻkillatib kelib qoldilar. Biz toʻrtovimiz otlarimizni qator qoʻyib, uyoq-buyoqdan gaplashib turdik. Nurxon dadasidan ola yoʻrgʻani soʻraganda qilgan bahonasini aytib kuladi. Haydar soqov saman otining yoʻlda Shokir mishiqining baytaliga qarab kishnaganini aytib, Shokirni masxara qiladi. Kulishamiz. Shokir boʻlsa burnini torta-torta: «Uyalib ketdim, bundan soʻgʻun biya minmayman», — deb qizarib-boʻzardi. Otimning umuldirigʻiga ularning havaslari kelib, bahosini soʻrashdilar, men: «oʻn besh tanga», — deb, kumush qamchini ham koʻrsinlar uchun oʻynagansimon egarning qoshiga «taq-taq» urib qoʻyaman. Ular: «Qani, qani, kumushmi?» — deb qamchinni qoʻlimdan olib koʻradilar. Men sekingina boshimni qimirlatib, oʻzimda allanima sezinaman. Ularning otlariga, oʻzimnikiga, kiyimlariga, kiyimimga qarab, oʻzimni ulardan allaqancha yuqorida koʻraman. Haydar soqov tutila-tutila... «Kelinglar, bir choptiraylik», — dedi. Nurxon koʻnmasa ham tortib olib ketishdi. Ulaming orqasidan Shokir ham baytalini yugurtirdi. Chidab turib boʻlmas ekan, ular orqasidan toychamga bir qamchi berib yuborgan edim, jonivor ikki yamlab bir yutub, oʻn odimda ularni yoʻlda qoldirib ketdi. Anchagina uzoqlashganimdan soʻng orqamdagilarga qaragan edim, hammaning koʻzida men ekanman. Yana qattiqroq haydadim. Qirning bir chekkasiga borib otimni toʻxtatdim, talay vaqtdan keyin ular otlarini loʻkillatishib yonimga yetdilar. Bu yerda otlarimizning chopqirligi toʻgʻrisida soʻzlashdik. Nurxon, otining chopmasligiga akasining issiq holda suv berganini sabab qilib koʻrsatdi. Haydar soqov boʻlsa Eson koʻknorining oʻgʻlini soʻka-soʻka:

— Bozorga un uchun borayotganimda bexos tom boshidan guvala tashlab yubordi. Shundan beri qamchi bilan yuz ming ursang ham jonivor qulogʻini chimirib, hurkib tura beradi! — dedi.

Mening qashqacham toʻgʻrisida, Haydar aytadi: «Sening, — deydi, — otingga hech ot bolasi yetmaydi!» — deydi. Nurxon aytadi: «Otdan sening baxting bor ekan, lekin, — deydi, — yem-hashakni oʻzing ber, xizmatkorga ishonsang otingni buzib qoʻyadi, oʻrtoq, men senga bir aytib qoʻydim», — deydi.

Shu yerda uzoqqina soʻzlashib turgandan keyin yana otni keyinga qarab qoʻydik. Tagʻin ulardan oʻzib ketdim. Xalqqa yaqinlashgandan keyin «meni ham tanib qoʻysinlar» deb qashqachamni ust-ustiga qamchilashim bormi, shamol-da, shamol... endi xalq bir oʻzimga va bir qora qashqamga tikila boshladi. Men boʻlsam, «meni endi taniysizlar!» deb toyimning yolini qamchi sopi bilan tarab tura berdim.

IV

Tomoshachilar orasida yana ola-gʻovur qoʻpti: «Ana, uloqning soligʻini yigʻayotibdilar!», «Uloq hozir boshlanadi!», «Murod chavandoz ham turdi!», «Salim qalpogʻini kiydi!», «Roʻzi qassob» uloqni boʻgʻizlamoqchi, pichogʻini qayrayapti!», «Boyvachchalar ham qoʻzgʻalishdilar!», «Salim choponini yechmoqchiga oʻxshaydi!», «Hay barkalla, shovvozlar!»

Oʻrtoqlarim bilan men ham uloqning tezroq boshlanishini kutmoqdamiz. Chavandozlarning qaysisi toʻnini yechmoqda, ba’zisi otining ayilini tortmoqda va qaysi birovlar uloqning soligʻini bermoqda edilar. Akam ham shohi sallasi bilan beqasam toʻnini menga berib, oʻzi oʻrtaga ot oʻynatib ketdi.

Uloqchilar birin-sirin oʻrtaga gʻuj boʻla boshlagan boʻlsalar ham, hanuz uloq oʻrtaga kirmagan edi. Hamma tomoshachilar sabrsizlanib: «Shu tobgacha tuya boʻgʻizlasa ham boʻlar edi, ulogʻi yaxlab qoldimi?» — deyishadilar.

Oradan talay vaqt oʻtgandan keyin, boʻgʻizlangan ulogʻini oldiga oʻngarib Orif sarkor va uning orqasidan boyagi mashhur chavandozlar qalpoqni chakkaga qiya qoʻyib, egarga qiyshiq oʻltirib oʻrtaga kirdilar. Tomoshachilar uloqni koʻrganlari on: «Xoh, jonivor, bormisan! deyishdilar.

Oradan allakim: «Uloqning qoni yaxshi yuvildimi?» — deb soʻragan edi, Orif sarkor: — Xotirjam! — dedi va uloqni shalq etib yerga tashladi, soʻngra xalqqa yaqinroq kelib: «0gʻaynilar! Bola-chaqalarni chetga chiqaringlar, ot oyogʻida qolgudek boʻlmasin, oʻzlaring ham ehtiyotroq joyda turinglar, hayvon bilan boʻlgan ish qiyin!» — deb aytdi.

Orif sarkor xalqdan fotiha olib, otini yugurtirib toʻdaga ketdi. Tomoshachilar toʻdadagi oʻz yaqinlariga: «Bukun gʻayratlaringni koʻramiz-da!» — deb baqirishdilar.

Uloq boshlandi...

Birisi oladi, ikkinchisi tortadi. Ikkinchisining yoniga uchinchisi va toʻrtinchisi qoʻshilib, birdan sakkiz tomonga tortqilashadilar, oraga chetdagi uloqchilar ham siqilishib kirib, yana uloqni buydalashadilar. Juda qiziq... har kim uloqni oʻz taqimiga bosish harakatida, lekin uloqning dumidan, oyogʻidan, yolidan tortuvchilar juda ham koʻp. Toʻdadan olib chiqish juda qiyin. Ba’zan uloqni toʻdadan olib chiquvchi ham koʻrinib qoladi, biroq uning ketidan uloqchilar chugʻur-chuqdek yopirilishib oʻn-oʻn besh qadamda tutib oladilar. Yana tortish boshlanadi.

Bu yoqdagi tomoshachilar: «Taqimga bos, taqimga!», «Otning boshini qoʻy, choviga qamchini shigʻab ber!», «Boʻsh kelma, mahkam tut!», «Yuganini boʻshat, qamchingni tishlab ol, yoningga alahsima!», «01ding, olding!», «Berma, chapga burul, chapga!», «Tut, qoʻyma!», «Voy toʻymagur, berib yubording-a, oʻz koʻnglingda sen ham uloqchisan-da!», «Oting harom qotsin, otmi, eshakmi — bu harom oʻlguring?»... deb har xil tovushda baqirishadilar. Uloq yerga tushib ketib qolsa, tomoshabinlardan ba’zisi yugurib borib yerdan uloqni azod koʻtarib oladi, ukasimi, oshnasimi — ishqilib birorta yaqin kishisiga tutqizmoqchi boʻladi. Lekin boshqa chavandozlar uloqni undan olmoqchi boʻlib ustiga duv yigʻiladilar, u bermaslikka tirishadi, boshqalar oʻrtaga sanjob qilib siqadilar. Bechora anchadan keyin oqsoqlanib yoki qoʻlini silab oʻrtadan arang chiqib ketadi. Otasi bolasini, akasi ukasini tanimaydi, chang-toʻzon, terlangan, pishilgan, har kim uloqni taqimiga bosish qaygʻusida. Bosh yorilib, koʻz chiqqan bilan, otdan yiqilib qoʻli singan bilan parvoyi-falak... Ishqilib, uloqni taqimga bosilsa boʻldi... Taqimga bosish oʻzi juda ham nash'alik-da!

Lekin taqimga bosish har kimga ham muyassar boʻlavermaydi, taqimga koʻproq bosuvchilar boyagi chavandozlar; azoblanib, oʻlayozib boʻlsa ham uloqni taqimga bosgach, otga qamchi berib ellik-oltmish odim nariga qochib boradilar-da, yana orqadagilar tarafidan oʻralib olinadilar. Yana tortish.

Uloq boshlanganidan biror soat vaqt oʻtgan edi. Birdan uloqchilar suv quygandek tinchib, tortish oʻrnida toʻplanishib qoldilar. Biz, otliq-yayov tomoshabinlar ham hammamiz oʻrtaga yugurishdik. Men keyinroq borganim uchun otliq-yayov xalq oʻrtani sirib olgan edi. Men chekkada qoldim. Har qancha urinsam ham oʻrtaga kirishning epi boʻlmaganidan keyin odamlarning ogʻziga qarab turdim. Lekin uloqchilar orasidagi hodisa hammaga ham noma’lum edi. Har kimning yuzida taajjub va bir-birisidan: «Nima gap?» — deb soʻrashar edi.

Bir necha daqiqadan keyin: «Qimirlatmang, qimirlatmang!» — degan tovush eshitilib, xalq yana taajjubga tushdi.

— Nari boʻlinglar, hovv! — deb oʻrtadan birov baqirdi. Xalq bir chetlik boʻlib, yoʻl ochdi.

— Nima gap, nima gap?

— Hech narsa emas... Esonboyni ot bosipti!

— Qoʻrqinchli emasmi?

— Yoʻq, sagʻal.

Kishilar bir-biriga qarab: «Falokat-falokat», — deyishdilar. Nari tur-beri tur qilib, besh-olti kishi otga bosiriq boʻlganni oʻrtadan olib chiqdilar. Kishilarning koʻmagi ostida keltirib, sadaning ostiga yotqizdilar.

Darrov bir kishi aravaga yuborildi, bittasi oʻziga kelarmikan, deb oʻlgudek boʻlib yotgan Esonboyning yuziga suv sepib koʻrgan edi, qimir etmadi.

— Besh-olti otning tagida qoldi-da, bechora!

— oʻnta otning tagida qolsa ham hech gap emas-ku, biroq qaltisroq joyidan bosganga oʻxshaydi...

— Umri boqi boʻlsa hech gap emas.

«Bechora bulturgi hayitda menga yarim soʻm hayitlik bergan edi. Ilohi yaxshi boʻlsin», deb koʻnglimdan oʻtkazdim. Arava keldi. Esonboy akani aravaga yotqizdilar. Akam uch-toʻrtta oʻrtoqlari bilan arava yonida Esonboyni kuzatib shaharga joʻnab ketdi.

— Shoʻr paxta qilsin, kepak qizdirib bossin, — deb xalq chuvurlashib qoldi.

Ular joʻnagandan keyin uloq yana boshlanib ketdi. Men uloq tugaguncha tomosha qilib turdim. Lekin yaxshiki endi hech kimni ot bosmadi.

* * *

Kecha meni ot qoqqan ekan, oʻrnimga kirishim bilan tirrakdek qotib uxlabman. Ertalab oyim: «Tur, tur tezroq, dadang kelsa nah oʻldiradi!» — deb ustimdan koʻrpamni tortib tishladi. Men uyquli koʻzim bilan: «Dadam bozor ketmadimi?» — deb soʻragan edim, oyim:

— Esonboyning janozasida! — deb javob berdi.

Mening uyqum oʻchdi.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse