Ul yuzi gul nigorning mehri jamolini ko‘ring...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ul yuzi gul nigorning mehri jamolini ko‘ring...
by Ogahiy

Ul yuzi gul nigorning mehri jamolini ko‘ring,
Mehri jamoli ustida ikki hilolini ko‘ring.

Ikki hilolini ko‘rub qonmasa mehringiz agar,
Safhayi orazi uza nuqtayi xolini ko‘ring.

Nuqtayi xolini ko‘rub sabr eta olmas ersangiz,
Husnu jamoli bog‘ida qaddi niholini ko‘ring.

Qaddi niholini ko‘rub ko‘nglungiz etmasa qaror,
Jon ko‘zi birla boqibon la’li zilolini ko‘ring.

La’li zilolini ko‘rub joningiz etsa iztirob,
Chorai holingiz uchun shahd maqolini ko‘ring.

Shahd maqolini ko‘rub topmasa chora holingiz,
Nuktaga lab ochar chog‘i g‘unju dalolini ko‘ring.

G‘unju dalolini ko‘rub istasangiz murodi dil,
Ogahiydek quchub belin ayshi kamolini ko‘ring.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse