Jump to content

Ul parikim, barcha bo‘lmish oshnolar yot anga...

From Wikisource
Ul parikim, barcha bo‘lmish oshnolar yot anga...
by Rojiy Xorazmiy
333288Ul parikim, barcha bo‘lmish oshnolar yot anga...Rojiy Xorazmiy

Ul parikim, barcha bo‘lmish oshnolar yot anga,
Yotlarg‘a oshno bo‘lmish, nedur holot anga.

O‘zgalarga yoru olmas tilga ushshoq otini,
Tong emas gar bevafo deb qo‘ysalar el ot anga.

Orazin ochg‘on parivashlar boshidin evrulur,
Ne ajabkim ul quyoshdur, bu bari zarrot anga.

Ko‘rgan ul lo‘livashimning qomati raftorini,
Qul bo‘lurlar gar qiyot o‘lsun va gar qo‘ng‘irot anga.

Aylanib ul husn shohi chiqsa maydon ichra mast,
Rux qo‘yub yo‘lida shahlar bo‘lg‘usidur mot anga.

Mehri ruxsorig‘a kun boqsa uyotdin suv bo‘lur.
Qaysi vajh ila muqobil bo‘lg‘usi mir’ot anga.

Husn davroni g‘animatdur, nigoro, rahm qil,
Har bahor o‘lsa xazon osibi bordur bot anga.

Ul pari ko‘yi durur ishq elig‘a doril-amon,
Ey ko‘ngul, olam g‘amidin qochsang o‘zni qot anga.

Vahki Rojiy kulbasig‘a kelmas ul oy bir kecha,
Har kun aylab arzi hol irsol etar abyot anga.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.