Ubaydiy g’azaliga muxammas

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Ubaydiy g’azaliga muxammas
by Nurmuhammad Andalib

Qaysi gulshanning qadingdek sarvu xush raftori bor?
Qaysi gulning ul yuzingdek otashin ruxsori bor?
Qaysi dilbarning saningdek la’li shakkar bori bor?
Shukrkim, mahzun ko’ngulning sen kibi dildori bor?
Ne g’ami bor ul kishiningkim seningdek yori bor?

Lablaring shavqida sebu nok terdim olg’ali,
Istayub bodomu tarbog’ ichra bordim olg’ali,
Bog’bona olma keltur deb buyurdim olg’ali,
Nori borin bilmadim, shaftolu so’rdim olg’ali,
Dediyu: shaftoludin yo’qtur nasibang, nori bor.

Ohkim, hijron balosi toqatimni qildi toq,
O’tlug’ afg’onim bilan bo’ldi munavvar nuh ravoq,
Jonu jismimni yoqib, kul qildi shiddatlig’ firoq,
Tushgali boshim necha ayyom ul guldin yiroq,
G’uncha yanglig’ ko’nglum atrofida yuz ming xori bor.

Ko’zlaringdek bog’ aro nargis ko’zi shahlo degul,
Sarv ozodu sanavbar qomatingga bo’ldi qul,
Orazingg’a og’zin ochib g’uncha, hayron qoldi gul,
Qaysi bir yaxshiligin mendin so’rarsan, ey ko’ngul,
Xo’bluq asbobida har neki dersen — bori bor.

Ul parilar podshohi masnad uzra o’lturub,
Bazm tuzmish, may ichib, jomi murassa’ to’ldurub,
Xizmatida Andaliboso turubdur telmurub,
Bosh qo’yubdur ostonig’a Ubaydiy, qul bo’lub,
Bandadur onga, vale yuz saltanatdin ori bor.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse