Jump to content

Tuzub asbobi shohi beadad ahli xidam chekti...

From Wikisource
Tuzub asbobi shohi beadad ahli xidam chekti...
by Kiromiy
333260Tuzub asbobi shohi beadad ahli xidam chekti...Kiromiy

Tuzub asbobi shohi beadad ahli xidam chekti,
Jahoni tira uzra nurdin xoni karam chekti,
Kecha hindusini daf’ etkali tig‘i dudam chekti,
Sahar xovar shahi charx uzrakim xayli hasham chekti.
Shioiy xat bila ko‘hsor uza oltun alam chekti.

Taolallo yoyib ofoq aro xurshed yog‘dusin,
Musaffo ayladi ko‘kning muqarnas toqi minusin,
Berib ziynat supurdi yer yuzidin tun qorong‘usin,
Qazo farroshi chekti subhning simin supurgisin,
Muzahhab parlarin andoqki tovusi haram chekti.

Yasab ustodi qudrat besutun bu charx ta’mirin,
Kavokibdin ul ayvon ichra qoqti qubba tasvirin,
Ne til birla qilay mingdin biri tavsifi ta’birin,
Kitoba sun’ kilki surai vashshams tafsirin,
Falak toqi havoshisida zarhaldin raqam chekti.

Sabuhi may chekarga rindlar gulshanda o‘lturdi,
Munojot ahli masjid ichra yorab halqasin qurdi,
Alolo soldi kuffor ahliyu noqus choldurdi,
Muazzin Ka’ba toqi uzra gulbongi samad urdi,
Barahman dayr ayvonida ohangi sanam chekti.

Qilib boshdin qadam ushshoqlar azmi visol etti,
Ko‘rub o‘trusida ma’shuqlar arzi jamol etti,
O‘qub mubham iboratlarni shoirlar xayol etti,
Maoniy ahli gohe nuqta uzra qilu qol etti,
Mug‘anniy xayli gohe nag‘ma uzra zeru bam chekti.

Shabi hijronda ming g‘am yuz qo‘yub bir-biridin sobiq,
Tong otg‘uncha fig‘on tortib, sitamdin oshiqi sodiq,
Nigori la’li yodidin ko‘rub jon bermagin loyiq,
Yaqo chok etti gohi subh ul motamg‘a kim oshiq,
Bu muhlik shomi hijron ichra yuz xunobi g‘am chekti.

Shafaqdin to‘n kiyib ilgiga olib dambadam tig‘in,
Chekibdur qahr ila qatl etgali charxi dajam tig‘in,
Urar har begunoh ko‘ksiga rahm etmay alam tig‘in,
Zamona kuldi, ul g‘ofilg‘a kim davron sitam tig‘in,
Anga urmoqni anglab, o‘zgaga tig‘i sitam chekti.

Adam mulkiga raxting chek, baqosiz umrni anglab,
Ko‘ngul uz qasru johingdin binosiz umrni anglab,
Kechurmas dahr bir soat jafosiz umrni anglab,
Xusho ulkim muningdek chog‘ vafosiz umrni anglab,
Sabuhi jomini ahbob birla dambadam chekti.

Qayu oshiq toparg‘a matlabin pur ishtiyoq o‘lsa,
Sururu ayshu rohat ko‘ngli mulkidin yiroq o‘lsa,
Fig‘oni boisi bir mohtal’at simsoq o‘lsa,
Agar ko‘nglida bir gul hajridin xori firoq o‘lsa,
Bahona yig‘lamoqg‘a bir necha jomi alam chekti.

Ne xush bo‘lg‘ay falak oni vafo birla tuzub ulfat,
Degay nohida rost ushshoq qil tuz chang ila suhbat,
Gadoye kulbasig‘a kelsa shohi chun ochib tal’at,
Agar xud vasl iqboli muyassar bo‘lsa bir soat,
Faridun taxti uzra bazm tuzdi, jomi jam chekti.

Yurutsa jomi jamni noz ila ul qoshlari payvast,
Asiri ko‘ngludin hajr otashin bir sog‘ar etkay past,
Muningdek davlat iqboli kishiga bergan ermas dast,
Bo‘lub matlub ruxsorig‘a mahv jomidin sarmast,
Yuzin tufroqg‘a qo‘ydi, boshini ollig‘a ham chekti.

Aningdek bazmni haq asrasun begona ko‘zdinkim,
Sabuhi may ichib, burqa olib farxunda yuzdin kim,
Ko‘rub oni tani titrab, tili ham qoldi so‘zdin kim,
Ne davlatdurki bu holatda andoq bordi o‘zdin kim,
Baqo iqlimidin taxtini to mulki adam chekti.

Kiromiy, bandasig‘a rahmati dovar nasib o‘lg‘ay,
Shafoatxohi mahshar arsasida ul habib o‘lg‘ay,
Talab yo‘lidog‘i bekascha ne sabru shikib o‘lg‘ay,
Navoiy, shoyad ul rahravg‘a bu maqsad nasib o‘lg‘ay,
Kim ul dashti fano qat’ etgali yillar qadam chekti.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.