Turkistonda matbuot

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Turkistonda matbuot  (1920) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Eski vaqtlarda: “Matbuot yettinchi davlatdir” derlar edi. Bu so‘z, bu da’vo endi-da ahamiyatini yitirmabdir. Bu kunda-da matbuotning ahamiyati buyukdir. Xususan, Sharq xalqi bu kun matbuotning ahamiyatini tushunmishdir. Buyuk inqilob olamning ketishidan bexabar yotgan sharqlilarni uyg‘otmish, qonsiz tomirlarga qon, “yashamak uchun muboraza edajaq” muqaddas qon savq etmishdir. Qamoqda matbuotni ajnabiylarga – xorijliklarga maxsus bir “shay” bilan sharqlilar bu kun uni izlar, topar, uning ustida mulohaza yuritarlar. Olamning tugul, hatto shaharning hayotiga-da ko‘zining uchi bilan boqqan ko‘yli, kyendli bu kun ko‘yning tashqarisida, yiroqlarda tantanali, muborazali va o‘ziga ham taalluqli bo‘lgan hayotni bilmoq va o‘rganmoq istab ta’qib etadir. Uning quloqlariga eshitilgan shahardan kelgan “nasihatchilar”ning “Ko‘ylining haqi buyuqdir!”, “Hukumat amalab ila ko‘yliningdir!”, “Ko‘yli o‘z haqqini uni ezganlardan olmalidir!” kabi so‘zlari shubhalar-la qorishiq shirin va yoqishiqli bir holda uning ko‘ngliga, yuragiga ta’sir etadir. U matbuotni tanir va ta’qib etar. Faqat inqilob sababi-la o‘ziga xalqning, amala va ko‘ylining muhabbatini jalb qilgan matbuot na holdadir?

Bizning maqolamiz shu savolga javob berajaqdir.

Fevral inqilobiga qadar chiqqan gazeta va jurnallar

“Xurshid” – taraqqiyparvar, moʻtadil maslakli gazeta. Muharriri endigi “Sharq qurultoyi” a’zosi va Turkistonning mashhur ko‘hna jamoat xodimi Munavvarqori Abdurashidxondir. Bu gazeta ikki oy qadar davom etib, 15 nchi no‘merdan shu hukumat tarafindan bekitildi.

“Taraqqiy” – taraqqiyparvar bir gazeta bo‘lib, muharriri ichki Rusiya totorlaridan Ismoil Obidiy yo‘ldosh edi. O‘ktabr inqilobindan so‘ngra bu kishi so‘l susiyolist revolyusioner firqasi vakili o‘laroq dohiliya ko‘misari mansabinda bo‘lindi. Ikki oy qadar davom etgandan so‘ngra hukumat tarafindan bekitildi.

“Osiyo” – taraqqiyparvar bir gazeta bo‘lib, muharriri Ahmadjon Bektemirov edi. Bir oy yarim qadar davom etgandan so‘ngra hukumat tarafindan bekitildi.

“Shuhrat” – taraqqiyparvar gazeta, muharriri – Abdulla Avloniy. Avloniy yo‘ldosh Turkistonning mashhur shoirlarindan bo‘lib, “Hijron” taxallus etar. Yaqin zamonlarda Rusiya ijtimoiy sho‘rolar jumhuriyatining Afg‘onistonda Hirot viloyati ko‘nsuli edi. Bu kunlarda qaytib keldi. Ikki oy qadar davom etgandan so‘ngra hukumat tarafindan bekitildi.

“Tujjor” – qora maslakli tijorat gazetasi. Noshiri Sayidazimboyev edi. Uch-to‘rt oy qadar davom etgandan so‘ngra moddiy jihatdan qisilaroq yopildi.

Mazkur gazetalarning hammasi o‘lka markazi Toshkandda chiqmishlardi. Siyosat ijbori ila bir necha yil Turkiston gazetasiz qolgandan so‘ngra (hukumatning rasmiy gazetasini gazeta o‘rnida hisoblamayman) Buxoroda forscha “Buxoroi sharif”, o‘zbekcha “Turon” gazetalari chiqdi. Avvalgisining muharriri kofqosiyali bir yozuvchi edi (agar yanglishmasam, Jalol Yusufzoda edi). Bular har ikkisi ikki-uch oy qadar davom etgandan so‘ngra, Buxoro rus siyosiy agentining hiyla va dasisalari ila Buxoro hukumati tarafindan bekitildi.

So‘ngra Samarqandda “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnali chiqdiki, bularning muharrir va noshiri o‘tgan yili Boku safarinda Buxoroning Qarshi shahrinda beklar va mullolar tarafindan rafiqlari ila barobar xoinona suratda shahid etilgan Mahmudxo‘ja ustod Behbudiy edi. “Samarqand” gazetasi bir-ikki oy davom etgandan so‘ngra moddiy jihatdan zaiflashib qolgani tufayli haftalik jurnalga aylantirilib “Oyina” ismi berildi. Bularning har ikkisi turkcha edi. “Oyina” 2 yil qadar davom etib, moddiy jihatdan siqilaroq yopildi. “Oyina”ning Turkistonga xizmati buyukdir.

“Oyina”ning davomi vaqtinda Turkistonda birdan ikki gazeta chiqdi:

“Sadoi Turkiston” Toshkentda taraqqiyparvar, sevimli bir gazeti bo‘lib, haftada 2-3 daf’a nashr qilinar edi. Tili o‘zbek shevasida, muharriri va noshiri ma’ruf huquqshunos jamoat xodimi Ubaydulla Xo‘jayev edi. 80-no‘merga qadar davom etib, moddiy jihatdan siqilaroq yopildi.

Bu kungi Turkistonning ko‘pgina yosh muharrirlari bu gazeta vositasi-la yetishmishlardir. Bu gazetaning yoshlarga xizmati buyukdir.

“Sadoi Farg‘ona” (Farg‘ona markazi Qo‘qon shahrida) – taraqqiyparvar gazeta. Muharrir va noshiri hozirgi “Sharq kurultoyi” a’zosi Obidjon Mahmudo‘f edi. Bu gazeta 126-no‘merga qadar davom etib, moddiy jihatdan siqilaroq yopildi. Buning bir necha no‘meri chiqqan ruscha tarjimasi (“Ferganskoye exo”) bor edi.

“Olosh” (Toshkentda qirg‘iz-qozoq shevasinda) taraqqiyparvar, susiyolistlikka moyil bir gazeta edi. Muharriri Ko‘lboy Tug‘uso‘f bo‘lib, Fevral inqilobindan bir necha oy o‘tgach, moddiy va ma’naviy jihatdan siqilaroq yopildi.

“Al-Isloh” (jurnal Toshkandda turkcha). Muharriri Abdurahmon Sayyoh edi. Buning maslagi boshda mutaassib, so‘ngra hur va eng oxirda bobiylik noshiri bo‘ldi. Hurriyatdan so‘ng bir oz davom etub, ma’naviy va moddiy jihatlar sababi ila bekitildi.

Fevral inqilobidan O‘ktabr inqilobiga qadar chiqqanlar

“Najot”, muharriri – Munavvar qori Abdurashidxon. U vaqtgi hukumatning nashri afkori bo‘lgan bu turkcha gazeta 3 oy qadar davom etgandan so‘ngra hukumatning himmatsizligi sababi ila bekitildi.

“Kengash”, muharriri – Ahmad Zakiy Validiy. Noshiri – Musulmon sho‘rolarining markaziy byurosi. Zakiy Validiy mashhur muarrix va so‘nggi vaqtlar Boshqirdiston sho‘rolar jumhuriyati a’zosi edi. Bu gazeta 2 oy qadar davom etgandan so‘ngra muharrirning boshqa yerga ketmagi va ma’naviy quvvatning ozligi sababli yopildi.

“Sho‘roi Islom”, muharriri – Abdulbori Battol (ichki Rusiyali totor). Noshiri – Toshkand “Sho‘roi Islom” idorasi. Birinchi no‘merdan so‘ng ulamolarning e’tiborsizligi ila bekitildi va muharrir bo‘lgan Battol garoy Qozonga qaytishga majbur bo‘ldi.

“Turon”, muharriri – Abdulla Avloniy. Noshiri – taraqqiyparvar “Turon” tashkilotlari markaziy idorasi. Bu gazeta u vaqtdagi o‘zbek gazetalarining eng mundarijali va hurriyatparvari edi. Uning 2 nchi no‘merida Turkiston jumhuriyati Markaziy firqa qo‘mitasi va Markaziy ijroiya qo‘mitalarining endigi nashri afkori bo‘lgan “Ishtirokiyun”ning hay’ati a’zosi Mirmuhsin yo‘ldosh Shermuhammado‘f Buxoro va Xiva inqilobiga doir hurriyatparvarona bir maqola yozmish va u maqolasinda qo‘hna madrasalardan aqllarni churitgan “Sharhi mullo” kitoblarini otmoq zamoni kelganini bildirmishdi. Bu maqola butun mutaassib ulamolarni g‘ayratga keltirdi. Muhsin yo‘ldoshni qo‘hna Toshkand ulamolari hukumatdorlar-la birlikda tutdilar. Xalq ichida qo‘lini bog‘lab kezdirib sazoyi qildilar. Qoziga kelib qozidan uni 18 oy dustoqqa hukm ettirdilar. Faqat u vaqtda mavjud hurriyatparvar muassasalarki Turkiston qo‘mitasi va askar, ishchi sho‘rolari edi, bu adolatsizlikni qo‘ymadi. Muhsin yo‘ldosh qo‘hna shahardan yangi shaharga ko‘chirildi. U yerda faqat jonini saqlay bildi. Shu voqeadan e’tiboran Turkiston javonlari ila ulamo orasi tuzalmas bir holga keldi. O‘ktabr inqilobi o‘lmaydi, ulamolar javonlarni bir yerga qo‘ymasdilar. Va bo‘ylalikla shirin hurriyat zohir bo‘lardi. “Turon” gazetasi 5 nchi no‘merdan so‘ng johil xalq ulamo ig‘vosi ila unga boyqot yasagandan so‘ng yopilishga majbur bo‘ldi.

“Turk eli”, muharriri – bokuli Muhammadali Afandizoda, noshiri – Turk adami markaziyat firqasi. Bu gazeta-da 5 10 no‘meri chiqqandan so‘ngra moddiy sabablar ila bekitildi.

“Ulug‘ Turkiston”, muharriri – sobiq “Vaqt” muharrirlarindan Kabir Bakir. Noshiri – Markaziy totor byurosi. Nimtotor shevasinda chiqqan bu gazeta ikki sana qadar davom etdi. Eng foydali, eng mundarijali va eng uzoq yashagan gazeta shu edi.

Shu vaqtga qadar sanalganlar faqat Toshkand shahrinda chiqmish gazetalardir. Viloyatlarda chiqqanlari bulardir:

“Hurriyat” – turkcha hurriyatparvar gazeta, Samarqandda chiqqan. Abdurauf Fitrat muharrirligida davom etgan bu gazeta bir yil qadar davom etdi.

“El bayrog‘i” (Xo‘qand shahri) – turkcha, muharriri – mashhur Turkiston va Sharq tarixi olimlaridan Bo‘lot Soli. Noshiri – “Gʻayrat” shirkati. Bu gazeta O‘ktabr inqilobiga qadar davom etdi. Xo‘qand fojiasindan so‘ngra bitdi.

“Ravnaq ul-islom” – Xo‘qand shahrinda chiqqan muhofazakor gazeta. Muharriri – Nurmuhammad o‘g‘li Toshmuhammad. Noshiri – “Xaloyiq” jamiyati. Bu gazeta bir-ikki oy davom etgandan so‘ngra moddiy va ma’naviy sabablar ila bekitildi.

“Ozod”, Farg‘ona nohiyasi Sim (Iskobulo‘f) shahrinda nashr etilgan bu turkcha gazeta 2 nchi no‘meridan so‘ng moddiy va ma’naviy sabablar ila bekitildi. Muharriri – Hodi Fayziy. Noshiri – inqilob qo‘mitasi.

“Sadoyi taronchi”, Yettisuv viloyatinda chiqqan bu gazetaning noshirlari taronchi turk javonlari edi. Muharriri totor shoirlarindan Zarif Bashiriy edi. 1-2 oy davom etdi.

Bulardan boshqa Farg‘ona nohiyasi, Namangan shahrindan muxtalif nomlar ila bir necha gazeta chiqqan esa-da, ismlari xotiramda yo‘qdir.

Jurnallar

“Al-Isloh” (Toshkand). Qora fikrli ulamo va sarvatdorlarning nashri afkori bo‘lgan bu diniy va taassub majmuasi javonlar ila gurasha-gurasha, bir yil qadar davom etgandan so‘ng O‘ktabr inqilobidan so‘ngra yopildi.

“Izhor ul-Haq” (Toshkand). Muharriri – Sadriddinxon. Noshiri “Fuqaro” jamiyati. Bu majmua moʻtadil maslakli bo‘lib, javonlarni mudofaa etar, xalqni hurriyatga va taraqqiyga targ‘ib etar, ulamolarga qarshi qalam qo‘llanardi. 5 6 oy davom etib qopatildi.

“Bayon ul-Haq” (Toshkand). “Izhor ul-Haq” o‘rniga chiqqan bu majmuaning noshiri “Madaniya” shirkati edi. Avvalgining yo‘li ila ketardi.

“Yurt” (Xo‘qand shahri) – adabiy majmua. Muharriri – Ashurali Zohiriy. Noshiri-da o‘zi. 5-6 no‘mer chiqqandan so‘ngra moddiy jihatdan siqilaroq yopildi.

“Kengash” (Xo‘qand), muharriri – Hamza Hakimzoda. Noshiri – muallimlar jamiyati. 3 4 no‘meridan so‘ng himmatsizlik sababli yopildi.

“Ishchilar dunyosi” (Toshkand) – susiyolist fikrli. Noshiri – musulmon amalalari sho‘rosi. Muharriri – Gʻozi Yunus. 15 kunlik bo‘lgan bu majmua 7 no‘meriga qadar davom etib, moddiy jihatdan yopildi. Bu majmua ulamo va sarvatdorlarga qarshi cho‘q shiddatli yozar edi.

“Chayon” (Skorpion) – yarimtotor shevasinda Toshkandda nashr etilgan bu hajviy majmuaning muharrir va noshiri – Xalaf To‘lako‘f. Bosh muharrir esa Ibrohim Tohiriy edi. So‘ng “Cho‘l chayoni” nomiga tabdil etilgan bu majmua ikki yil qadar davom etdi. Rasmlar va ba’zi maqolalarni “Mullo Nasriddin” majmuasindan o‘g‘irlardi.

“Sadoq” – (Gulla) Yettisuv viloyati Olmaota shahrinda chiqqan bu hajviy majmua 5-6 oy davom eta bildi. Hajviy jihati yaxshi, faqat shaxsiyatga cho‘q keng maydon berardi. Shevasi – yarimtotorcha, muharriri – Zarif Bashiriy. Noshiri yoshlar tashkiloti edi.

Turkistonli Abdulhamid Sulaymon.

Boku, 26 avgust, 1920.

“Fuqaro fuyuzati” jurnali, Boku: 1920 yil, №2.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse