Tun oqshom keldi kulbamga nigori mehribon yolg’uz...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Tun oqshom keldi kulbamga nigori mehribon yolg’uz...
by Xoʻjanazar Huvaydo

Tun oqshom keldi kulbamga nigori mehribon yolg’uz,
Olib burqa’ jamolidin, o’zin qildi ayon yolg’uz.

Kulub ohista-ohista kelib, uyqudin uyg’otti,
«Sahar bo’ldi, yotarsanmu», dedi shirin zabon yolg’uz.

Qo’limdan ushlabon aydi: «Na holing kechti yozu kuz,
Kuyub hajr o’tida bo’lg’on, ayo ey notavon yolg’uz».

O’zumdin bordim ul soat yurakda qolmadi holat,
Qilolmodim anga ahvoli dardimdin bayon yolg’uz.

Yonimda o’lturib chandon tarahhum birla so’z qotti,
Berolmadim javob anga ki, lol o’ldi zabon yolg’uz.

Kelib holimga, ko’z ochtim, qo’limga kosa may berdi,
May ich, deb ul pari ketti, bo’lub yo’lga ravon yolg’uz.

Huvaydoyi g’aribin ul pari shirin so’zi birlan
Yuragiga solib o’t, o’rtadi jonu jahon yolg’uz.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse