Tor ko‘ngulluk beklar...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Tor ko‘ngulluk beklar...
by Turdi

Tor ko‘ngulluk beklar, man-man damang, kenglik qiling,
To‘qson ikki bovli o‘zbak yurtidur, tenglik qiling.

Birni Qipchoq-u Xitoy-u birni Yuz, Nayman damang,
Qirq-u Yuz, Ming son bo‘lub bir jon oyinlik qiling.

Bir yaqodin bosh chiqorib, barcha bir to‘ng‘a kirib,
Bir o‘ngurluk, bir tirizlik, bir yaqo, yenglik qiling.

Kim qo‘yubdur, uhdayi o‘z mulkungizdin chiqmayin,
Ikki, uch, to‘rt da’visin etmakni, ko‘tahlik qiling.

Mardlar maydon chekib, rangin ko‘torib zaxmlar,
Sizga yo‘q ul javhare yuzga upo-englik qiling.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.