Tong ermas to‘n kiyib o‘lsamki yo‘q bu qish manga po‘stin...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Tong ermas to‘n kiyib o‘lsamki yo‘q bu qish manga po‘stin...
by Tabibiy Ahmad

Tong ermas to‘n kiyib o‘lsamki yo‘q bu qish manga po‘stin,
Agarchi xotirimda jilvagardur borho po‘stin.

Demay po‘stinnikim o‘zga libosim ham qolin ermas,
Ilohiy, qil manga aylab karam emdi ato po‘stin.

Adamdin to kelib qildim bu qishloq xonani maskan,
Kiyarga topmadim umrim o‘tub man benavo po‘stin.

Ne baxti shumdindurkim, mango yetmas birisi ham,
Agarchi behisobu had erur olam aro po‘stin.

Sovuqdin gah qochib kirsam ichiga qoltirab, qaqshab,
Tanimg‘a parvarish qilg‘ay edi misli ano po‘stin.

Agar po‘stin sovuqda po‘stdin ermas esa, ahbob,
Nedin qishda talab aylar faqiru ag‘niyo po‘stin.

Qish ichra ikkimizga borho maqsad erur bukim,
Otamg‘a orzu chakman, mangadur muddao po‘stin.

Bu qish ichra tarahhum aylabon miskin Tabibiyning
Tani uryonig‘a bergay xudo chakman va yo po‘stin.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse