To kiydi qizil

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
To kiydi qizil
by Boborahim Mashrab

To kiydi qizil o’zini zebo qilayin deb,
O’t yoqti jahon mulkida g’avg’o qilayin deb.

Mastona xirom ettiyu ko’rguzdi qadini,
Mendek necha devonani shaydo qilayin deb.

Zebo sanamim gul yuzidin parda ko’tardi,
Olam hama ko’z bo’ldi tamosho qilayin deb.

Zulfini tarab, qosh uchurub jilvalar etti,
Oshubi balo, fitnani barpo qilayin deb.

To ayladim oldig’a borib arzi niyozim,
Chin soldi jabinig’a tamanno qilayin deb.

Mastona samand sekrata keldi shahi xunrez,
Shamshiri jafoni yana burro qilayin deb.

Ko’p yilki, bu qul xizmatini qilmadi barjo,
Keldiki g’azab birla chu sazo qilayin deb.

Boshimni kesib olg’ilu xushhol bo’lub ket,
Qonimni to’kub, lolayi sahro qilayin deb.

Xanjar qo’lida Mashrabin o’ldurg’ali keldi,
G’avg’oyi qiyomatni huvaydo qilayin deb.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse