Jump to content

To‘y va aza marosimi haqinda

From Wikisource
To‘y va aza marosimi haqinda (1919)
by Hoji Muin
334472To‘y va aza marosimi haqinda1919Hoji Muin

Har yerning avom xalqi o‘zi haqiqat va mohiyatini anglamag‘on holda dinga naqadar ehtirom ko‘zi ila qarasa, eskidan qolg‘on rusum va odatlarg‘a ham shul nisbatda ehtirom va e’tibor ila qaraydir. Hatto avom xalqining ko‘bisi dinning amr va nahyilarindan yuzdan biriga amal qilmag‘on holda, ota-bobolaridan qolg‘on urf va odatlardan chetga chiqmasliq uchun bor kuchi ila tirishadir. Banogoh, biror ishini urfg‘a muvofiq suratda qilolmasa, «yoru do‘stlarim orasinda beobro‘y bo‘ldim», deb qayg‘uradir va o‘zini najotsiz sanaydir.

Mana, biz Turkiston xalqi ham ilmsizligimiz sababli turli marosim va odatlar yuki ostinda ezilib, muning uchun axloqiy va moliy jihatdan g‘oyat qo‘b zararlar ko‘rmak-da bo‘lg‘on bir millatmiz. Bizlarni o‘zig‘a asir etib olg‘on urflardan eng ko‘b zararli va yomonrog‘i xatna, nikohto‘ylari bilan aza marosimidir. Bizning xalq «mol va jon ketsa ketsun, obro‘i ketmasun», deb xatna yoki nikoh va yo aza marosimini o‘rung‘a keturmak uchun qo‘llarinda bor narsalarini 1-2 kunda barbod etadilar, qarzdor bo‘lalar. Qarzlarini ado eta olmag‘ach, oxiri, «molni odam topar, odamni mol topmas», deb o‘z bog‘ va hovlilarini sotib, qarzla-rig‘a beralar. Shul yo‘l bilan bir yoqdan mol va mulklarindan ayrilib darbadar va xoru zor bo‘lalar. Ikkinchi yoqdan haqiqiy obro‘ylarindan ajralib oxiratga safar etalar.

Biz Turkiston faqir xalqi necha yillar Rusiyaning zolim va mustabid chorlarining qo‘li ostinda asir bo‘lub, hech bir jihatdan o‘z ahvolimizni isloh eta olmadiq. Eski hukumatning birinchi maqsadi ham, o‘z qo‘l ostindagi g‘ayri rus millatini jaholat va odati mazarrat ostinda ezdurub oxiri ruslashdirmoq edi. Emdi anday hukumat bizning boshimizda yo‘q. Hozirda hokimiyat faqir xalqning o‘z qo‘lindadir. Ushbu vaqtda Turkiston faqir xalqi o‘zining ilmiy va ijtimoiy hollarini na tariqa isloh va taraqqiy etdirmakchi bo‘lsa, ixtiyori o‘zindadir. Bu to‘g‘rida hech kim anga mone’ bo‘lolmaydir. Balki har kim yordam beradir. Mana, ushbu yaxshi fursatni g‘animat bilib ilmiy, ijtimoiy hollarimizni isloh etmak, ya’ni chin ilm va maorifdan bahra olmoq va o‘z oramizdagi yomon odatlarni barham bermak barchamizga lozimdir. Biz yuqorida ham aytdikkim, hozirda bizning ustimizda dahshatli suratda hukmfarmo bo‘lg‘on urf va odatlarning eng ko‘b zararlirog‘i xatna, nikoh to‘ylari bilan aza marosimidir. Bu marosimning ba’zi yomonrog‘ini barham bermak va ba’zisini isloh etmak kerakdir. Ushbu kunlarda Toshkandda, musulmon sho‘rosi ham shul urf va odatlarni isloh etib bir qarornoma nashr etdikim, mahalliy g‘azetalarda o‘quldi. Bizning fikrimizcha, xatna, nikoh to‘ylari bilan aza marosimini ushbu ravishda isloh etmak tevishdir.

XATNA TO‘YI

Bizning turkistonlilar xatna to‘yig‘a ko‘b ahamiyat berib, bir kundan 5-6 kungacha to‘y qilalar. «Bazm», «ko‘bkari»lar beralar va bu yo‘lda minglarcha so‘mni isrof va barbod etalar. Holbuki, bu odat bizning Turkistondan boshqa o‘lkalardagi musulmonlarda yo‘qdir. Arabiston, Misr, Istanbul, Kafkaz, Tatariston va Eron musulmonlari bolalarining xatnasi uchun to‘y bermaylar, loaqal bir necha kishini chaqirib ziyofat ham qilmaylar. Faqat payg‘ambar sunnatini bajo keturmak ila iktifo etalar. Bizlarning ham bu to‘g‘rida alarning yo‘llari ila borishimiz kerakdir. Xatna uchun qancha aqchalar isrof etib, to‘y va ko‘bkari bermak hojat emasdir. Hatto xatna munosabati ila bola uchun yangi ko‘rpa-yostuklar yoki turli rangda necha qabat yangi kiyimlar hozirlamak ortiqchadir. Mundan boshqa mumkin qadar bolalarni kichiklik vaqtinda yangi usul ila xatna qilmoq keraqdir.

NIKOH TO‘YI

Nikoh to‘yinda ikki turli yomon odatimiz borkim, alardan bir qismining axloqiy jihatdan, ikkinchi qismining moliy jihatdan ko‘b zarari bordir. Mana shul urfu rusumlarning ba’zisini butun barham bermak va ba’zisini isloh etmak lozimdir. Nikoh to‘yi zohiran bizning ko‘zimizga bir to‘y kabi ko‘runsa ham, lekin haqiqatda o‘zi besh to‘ydir. Chunki, «Non shikanon» (sindirish-N.N.), «Fotiha», «Nikoh», «Ro‘yi binon» (yuz ochdi-N.N.) va «Domod talabon» (kuyov chaqirdi-N.N.)ning har qayusi bir to‘ydirkim, bularg‘a minglarcha so‘m isrof bo‘ladir. Bu to‘ylardan «nikoh» va «ro‘y binon»dan boshqalari ortuqdir. «Non shikanon»ga 3-4 kishidan ziyoda odam yubormak hojat emas. O‘shandoq «nikoh» va «ro‘yi binon» to‘ylarig‘a yoru do‘st va qarindoshlardan 30-20 dan ortuq kishilarni chaqirmasliq kerakdir. Ba’zi kishilarg‘a to‘n kiygizmak, to‘ydan non va shiravor olib ketmak barham bo‘lsun.

Xotunlarg‘a ham olib ketmaklari uchun tuzu non va kishi boshig‘a bir tabaqdan osh berilmasun. Nikoh to‘yinda kuyovdan «shohi ulog‘», yog‘ puli va shunga o‘xshash narsalar olinmasun. Padar vakil va shohidlarg‘a to‘n bermak, qizni «vakilligingni ber», deb qiynamoq va yig‘latmoq, imom xutba o‘qug‘on chog‘da kuyovning kiyimindan igna o‘tkazmoq, nikohdan keyin kuyovga kiyimlar kiyguzmak, «poyandoz» tutmoq, qizni o‘tg‘a aylandirub, aning oldinda bir necha hayosiz kishilarg‘a qabih alfozli ashulalar o‘qutdirub kuyovning uyig‘a eltmak kabi yomon urf va rusumlar man’ etilsun. Kuyov o‘z kiyimini o‘z uyig‘a kiyib kelsun. Kelinni aroba bilan uzatmak muvofiqdir. Kuyovning uyinda kelinni olov atrofindan aylandirmak majusiylardan qolg‘on bir odatdirkim, muni barham bermak kerak. Nikoh kechasi 15-20 xotun-qizlar yotg‘on bir uyda kuyovning kelin bilan birga yotmog‘i katta ayb va axloqsizliqdurkim, bu odatdan qo‘l tortmoq lozimdir. «Ro‘yi binon» kuni kuyovning aqrabosi bo‘lg‘on xotun-qizlarning kelinni hadya «dastovez»lar bilan ko‘rmaklari va kelinning alarg‘a «kiyiti» nomi ila qalpoq, belbog‘ yoki ko‘ylak-ishton berishi ortiqcha taklif bo‘lg‘oni uchun barham bo‘lsun. «Domod talabon»ga kuyovning o‘zi 3-4 kishi bilan birga borsa kifoya etadur. Nikoh to‘yidan ilgari har bir iydda qiz tarafindan kuyovga «tagi joga» ismila kiyim va dasturxon takdim etishi yoki kuyov tarafidan qizg‘a shunga o‘xshash narsalar yuborishi hojat emasdir.

Nikoh to‘yindan ilgari qiz ham kuyov tarafindan hozirlanaturg‘on kiyim va uy asboblarig‘a kelganda: bu to‘g‘rida bizda ortikcha masorif ko‘bdirkim, bularni isloh etmak kerakdir. Misol, kuyovning aqchasi ila qiz tarafidan tayyorlanaturg‘on «kashida»larining ko‘bisi bo‘g‘cha va sandiqlarda churub yotaturg‘on keraksiz narsalardirkim, bulardan yolg‘uz bir donadan «belbog‘», «joynamoz», «so‘zana», «ro‘yjo» va «bolishpo‘sh» hozirlab, boshqalarini barham bermak lozimdir. Qizg‘a har bir kiyimdan 7-8 xil tayyorlamoq kerak emas. Bu to‘g‘rida kuyov o‘z holig‘a qarab ishlasun. Ya’ni kuchi yetsa ko‘broq, bo‘lmasa ozroq kiyim olib bersun. Anday keraksiz narsalar o‘rnida uy va tirikchilikka kerakli asboblar hozirlansun (misol, ko‘rpa, yostuq, gilam, taom asboblari va shunga o‘xshash zarur narsalar). Bu to‘ylar-da «bazm» qilib juvonlar o‘ynatmoqg‘a yo‘l berilmay, ammo dutor, tanbur va doira chalmoq, ashula o‘qumoq mumkin bo‘lsun. To‘y har vakt bekorlik chog‘da, ya’ni xalq xizmatdan bo‘shagon vaqtda bo‘lsun.

Bulardan boshqa yana bir nozuk nuqta borkim, to‘ydan ilgari mana shunga diqqat etmak tevishdir. Ul nuqga esa qizning rizolig‘ini olmoqtsir. Hozirda bizning musulmonlar yolg‘uz o‘z ixtiyorlarincha qizlarini kuyovga beralar. Hatto ba’zi vijdonsizlar o‘z qizlarini boylarg‘a sotib yuboralar. Mana shu zulm va xiyonatlarg‘a yo‘l bermaslik kerakdir. Qizni kuyovga berilur ekan, eng avval bu to‘g‘rida kizning rizolig‘ini bilmak kerakdir. Qizni rizolig‘indan boshqa kuyovga bermak shar’an va qonunan man’dir. Bu haqda g‘oyat diqqat va e’tibor ila harakat etmak kerakdir.

O‘LUK VA TA’ZIYa MAROSIMI

O‘luk va ta’ziya to‘g‘risinda ham yomon urf va rusumlarimiz ko‘bdir. Chunonchi, qabr ustinda xalqg‘a «yirtish» bermak, qo‘lg‘a tayoq olib baland tovush ila yig‘lamoq, o‘lukning aqrabosi bo‘lg‘on xotunlarg‘a aza tutmoq uchun ko‘k va qora kiyimliklar bermak, xotun-qizlarning «go‘yanda» va «sadr» ila baland yig‘lamoqlari, «uch», «etti», «yigirma», «qirq», «yil» kunlarinda xalqg‘a osh bermak. Mana ushbu behuda odatlarning barchasini barham bermak kerakdir. Ammo mazkur kunlarda o‘lukning ruhiga xatmi Kur’on, duo va fotiha qilmoqdan zarar yo‘q. Shunga ham 3-4 kishidan ziyod odamlarni chakirmasliq keraqdir. O‘lukning eng yaqin xotun-qiz aqrabosi 40 kundan ziyod aza tutmay, 40 qundan so‘ng azaliq kiyimini tashlasa lozim.

To‘y va aza xususinda bizning fikrimizga kelgan narsalar shulardan iboratdir. Bu urf va odatlar shahar xalqig‘a maxsus bo‘lib, ammo uyezd va sahro xalqining bu to‘g‘ridagi odatlari boshqachadirkim, biz andan butun xabardor emasmiz.

Endi uyezd va shahar sho‘rolari ila musulmon ishtirokiyun firqasindan o‘tinamizkim, ushbu marosim va odatning islohi xususinda kengashlashib yaxshi qarorlar chiqarsunlar. Va o‘shal qarornomalarindan bir necha ming bosturub, xalq orasinda tarqatsunlar edi. Shunday qarornomaga amal kilmag‘on to‘y va aza egalari bilan guzar komitetlarini mas’uliyatg‘a tortib, alarni qattiq jazolarg‘a mahkum etsunlar edi.

«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1919 yil, 22 mart


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"