Tizgin talash

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Tizgin talash  (1922) 
by Abdulhamid Choʻlpon

(Genuya kengashi munosabati bilan siyosiy hangoma)

Ot minishtanmisiz?

Agar minishgan bo‘lsangiz, ot ustida bora turib bir qo‘lingizda mutloq bir qayish bo‘lg‘ondurkim, u qayish bilan siz otning boshini u yoq bu yoqqa burib turgansiz, otning tizgini qo‘lingizda bo‘lg‘on choqda siz o‘zingiz istagan tarafga burub turgansiz. Agar u qayish qo‘lingizda bo‘lmasa, otning o‘zi bilgan yo‘liga keta berar edi.

Siyosat dunyosida ham katta-katta to‘ralar, Rustami dostonlar bordurkim, butun dunyo siyosatining tizginini o‘z qo‘llarig‘a olmoqchi bo‘ladurlar. Butun burun zamonlarda ham butun dunyo tizginini qo‘lg‘a olmoq, ya’ni olamga “podsho” bo‘lmoq uchun tirishg‘on ulug‘lar bor edilar: Bizning Chingiz va Temurimiz, yunonning ulug‘ Iskandari va Ovruponing Napoleoni shu botirlar edilar. Ular shu xayollarig‘a yetmoq uchun butun dunyoni yengguday qo‘shin kuch ham hozirlag‘onlar va shu kuchga tayanib olib ishga kirishgan edilar. Lekin hozirgi botirlarning undog‘ katta kuchlari yo‘q. Qo‘shinlari bor bo‘lsa-da, o‘z yurtlarig‘a zo‘rg‘a saqlay olaturg‘on darajada kuchsiz; ularni ham istagan choqlarida urush maydonig‘a haydamoq zamonamizning botirlari uchun mumkin emas. Matbuot, afkor ommasi, xalq, parlament (el majlisi) degan narsalar bor. Ul botirlar urush qilmoqchi bo‘lib bir qadam bosmoqchi bo‘lsalar, darhol qiyomat-qoyim bo‘ladur. Madaniyat, ilm-maorif dunyoni shu holg‘a keltirgandur.

Ammo bizning zamona botirlarining butun dunyoni olg‘anday kuchlari, qo‘shinlari bo‘lmasa-da, ularning bir qadar kuchli bo‘lg‘on yarog‘lari, tayanchlari bor. Ul esa: hiyla, ya’ni o‘zlarining tillari bilan siyosat (politika)! Ko‘p aql va tajriba bilan niyatlarig‘a yetkazadur. Bizning zamon botirlari-da juda ko‘p; ular bu niyatta ko‘p o‘chlar. Shu kuchi bilan siyosat tizginini ham o‘z qo‘llariga olmoq uchun ul botirlar 1914 yili, qoni qizig‘on bir serb yigitining bir donagina “o‘qi”ni bahona qilib katta va jahonni qoplag‘on bir urush yasadilar. Siz va bizning tilimizda “German urushi” deb aytilgan “ma’raka”da, xudoga shukr, 10 million odamni qirib, 40 million odamni cho‘loq, oyoqsiz, qo‘lsiz, ko‘zsiz, quloqsiz qilib to‘xtadilar.

Miltiq otish, to‘p o‘qlarini uchurish, minalar tashlash vaqtincha to‘xtadi. Lekin urush ham qattiq bo‘lib, siyosat, ya’ni hiyla kurashi boshlandi. So‘z – bombalar, nota va talabnoma o‘qlari yog‘a boshladi. Hamon yana butun dunyo siyosatining tizginini olish uchun kurash borar edi. Ingliz fransuzga, fransuz italyanga, yaponga, yapon amerikag‘a hiyla olib borildi. Hiyla maydonida bizning botirlar ham dam unga, dam bunga quloch ochalar, so‘z otar edi. Hatto Amriqo va ingliz kabi ulug‘lar botirlari bir hamlada uch-to‘rt tarafga quloch otdilar. Tuzoq qurollari, to‘r tashlanar edi. Va kurash bilgan kishiga o‘zimizning xo‘roz va qo‘chqor urushlarining eng qizig‘iday o‘tar edi. Lekin botirlar dunyo tizginini qo‘lg‘a olmoq o‘yi bilan bir-birlariga siyosat toshlari irg‘itar ekan, oyoqlarining ostidag‘i bosib turg‘on yerlari yumshoq, bo‘shashib, ag‘anamoq istay boshladi. Ya’ni 4 yillik katta va o‘xshashi yo‘q urushning natijasida dunyoni xaroblik qilib, tuzatib turg‘on sanoat (promыshlennost) ishdan chiqdi, ya’ni zavod va fabrikalar yondi, kuydi, buzildi.

Buzilg‘onlari tiklangani yo‘q. Sababi, ul mulkni mamlakatdan ham olib chiqib ketish mumkin bo‘lmay qoldi. Qulochlasak, quloch yetmaslik ham molini istagancha olib ketish, odamlarni eshak kabi ishlashga berayotgan ulug‘ Sharq o‘lkasi qimirlay va jonlana boshladi. Miltig‘i bo‘lmasa, qo‘lig‘a kasov olib “…” Asrga qarshi chiqib qoldi. Har yerlarda to‘palon boshlanib qolib, tinchgina xom mol tashimoq mumkin bo‘lmay qoldi. Ishlaguvchi ishchilar shu kundalik ishi bilan qorin to‘yg‘azib, umr o‘tkazib turg‘on millionlarcha xudo bandalari ishsiz va ovqatsiz qoldilar. Qorinlari ochg‘ach, ko‘p-ko‘p bo‘linib, ko‘cha aylanishib:

“ – Ish, ish!

Ish bermasang, ish boshidan tush!” – deb baqira boshladilar. Bizning botirlarg‘a yumshoq ustallarda o‘tirib, popurisini chekib, 1510 xil taom yeb, dunyo tizginini qo‘lig‘a olmoq uchun deb bir-birlarig‘a “hiyla toshi” irg‘itish oson va rohat bo‘lsa ham qorni ochlarning u baqirishlari ko‘p-da yoqimli kelmas edi.

Shuning uchun, shu falokatdan qutulmoq uchun, dunyo tizginini qo‘lg‘a olish xayolini amalga oshirish uchun o‘zaro yig‘ilib, kengashib olmoqchi bo‘ldilar. Bu ishga eng ko‘p g‘ayrat qilg‘on Amriqo botiri kengash majlisini o‘z poytaxti Vashington shahriga chaqirdi. Botirlar to‘ydan oldin nog‘ora chaldilar. Ya’ni “Bizning Vashington shahriga borib kengashimizda dunyoda tinchlik va osoyishtalik o‘rinlashtiramiz. Buning uchun nima lozim bo‘lsa shuni qilamiz, sanoatni kuchaytirsak, lozim bo‘lsa urush kemalarimizning bir qismini sanoat va savdo uchun ayiramiz, ya’ni yo‘l savdo kemasi yasaymiz. Qo‘shin saqlamoq uchun ko‘p pul sarf bo‘lmasin, qo‘shinni ozaytiramiz. Urush kemalari soldirib borishni to‘xtatamiz. Ishqilib, dunyoda urush bo‘lmaslik yo‘lini qaraymiz!” -deb butun olamga baqirdilar.

To‘ralar Vashingtonga borib, endi yig‘ilishib turdilar. Amriqoning daryo vaziri baqirdi: “Kengash majlisi bir qarorga kelguncha biz urush kemalari soldirish ishini yurgiza beramiz!” Bunga qarshi yapon indamadi. Lekin hozirgi urush kemalarini yasashdan ham katta bir urush kemasi tayyorlab, xuddi kengash vaqtida daryoga tushurdi.

Fransuz botirlig‘i deydirki: “Qo‘shiningizni kamaytiring, suv osti kemalari solishni to‘xtat!”

Fransuz botiri qovog‘ini burushtirib deydiki:

“Boshqalar qo‘shinini kamaytirish emas, kuchaytirganda men kamaytiraymi? Ingliz suv ostida baliq bo‘lmoqchi-da, men suv ostig‘a ulcha-da bo‘la olmaymanmi?”

Ola!!!

Nima bo‘ldi?

Oxirida hammalari bir-birlariga dushman bo‘lsin, hurpayishib, qizishib, urush kemalarini ko‘paytira borishg‘a, qo‘shinni orttirishg‘a, erta-indin urush bo‘laturg‘onday hozir bo‘lib turishg‘a yetti marta qasam ichib qaytib ketdilar.

Uyga kelsalar bu ishsizlar yana ko‘payganlar, yana qattiqroq baqiradilar. Va nihoyat “Genuya” degan so‘z ruscha (bo‘lib), “yiring” demakdur. Qo‘rqamanki, bu katta chipqonning qon aralash yiringi chiqmasa…

Qalandar.

“Buxoro axbori” gazetasi,

1922-yil 25-fevral, № 72.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse