Jump to content

Tiyotru tanqidlariga ahamiyat

From Wikisource
Tiyotru tanqidlariga ahamiyat (1927)
by Abdulhamid Choʻlpon
334328Tiyotru tanqidlariga ahamiyat1927Abdulhamid Choʻlpon

Bizning chinakam tiyotrumiz qurilish arafasida bo‘lsa ham, bu kunga yetguncha xiyla mazgillar otdiq. Orqamizda taxminan 12 – 13 yilliq havaskorlik yo‘li qoldi. Chin ma’nosi bilan tiyotrumiz emas, sahna bilan oshnolig‘imiz bosh­lang‘ichlikdan chiqdi. Shu uchundirkim tiyotrumizg‘a endi jiddiy talablar berilib, muhim vazifalar yuklatila boshladi. Demak, biz sahnada (qaytarib aytaman: sahnada!) ancha o‘sdik.
Faqat tanqid jihatimiz tiyotrumiz bilan birga bora olmay yotibdir. Tanqidchilarimiz nima uchundir tiyotru san’a­tini yaqindan anglayolmag‘an holda maydonga chiqadirlar. Buning sababini nimadan aqtaramiz? Menimcha, sahnamiz uning o‘z ichiga kirganlar tomonidan zo‘r g‘ayrat bilan ilgari olib borilmoqda; o‘sha sahna xizmatchilarining faoliyati bilan yuksaltirilmakdadir. Ammo sahna ahli, sahnani sevganlar va sevdim deganlar o‘yin o‘ynalg‘an kuni bir tomoshachi qatorida zalga kirib o‘ltirib, o‘yin bitgach, o‘sha kunlik taassurotni ko‘tarib mubohasa yo‘li bilan uyga qaytadirlar. Erta bilan uxlab turkanlarida kechagi taassurotlaridan hech narsa qolmaydir. Chunki ular o‘z ishlariga ketadirlar. Ba’zi bir sahna ahli yoki «san’at muhiblari» tekin belat (kantramarka) olish uchungina san’atga sevgi baslaydirlar. Bu yaramas jarayon hatto tushunchali yigitlarimizni ham, taassufga qarshi, hanuz o‘z oqishig‘a solib ketmakdadir.
Maqsaddan jindak uzoqlashdiq. Men demak istaymankim, tiyotru tanqidchilari ham haligi «muhiblar» va ahllar orasidan chiqadir, shu uchun tanqidimiz o‘yimizdan keyinga qolib boradir. Tanqidni, boshqa bir ta’bir bilan aytsak, yalang «ro‘baru kelgan» (sluchaynыy) kishilar yozalar. Tabiiy, bundan sahnaning yuksalish va tuzilishiga foyda emas, zarargina keladir.
«Zarafshon»ning 425-sonida «Surgun» piyesasining tanqidi* bosilg‘an. U, meningcha, tanqid emas, oddiy bir tomoshachining san’atdan yiroq taassurotidan iboratdir.
«Qo‘lini unday qilmadi, munday qildi», – degan tanqidlar… «Terazaning sinishi chiroyliq bo‘ldi», – degan tahsinlar… 7 – 8 yil burun kelishsa kelishardi. Bu kun o‘ynalg‘an asarning ruhini ochib tashlash kerak. Bu kun qo‘yishdag‘i asosiy kamchiliklarni ko‘rsatish kerak. Bu kun o‘ynovchining tubli xato va fazilatlarini ko‘rsatish kerak. Bu kun, nihoyat, tamoyil (uklon)larni ochib berib, yo‘l-yo‘ruq ko‘rsatish kerak. Yo‘l-yo‘ruq ko‘rsatish ham yana a’zo-badanni qimirlatishg‘a oid bo‘lmasdan, umumiy asoslarda bo‘lmog‘i kerak. U qo‘l-oyoq qimirlatish masalalari rejisso‘r va o‘ynovchining ishidir. «Oh!» «O‘ldim!» «Kuydim, yondim!» – deganda mutloq ko‘krakni ushlash kerak emas; shunday qilmag‘an o‘ynovchini ayblash tanqid emasdir. Rejisso‘r va o‘ynag‘uvchi har kimga va har onda o‘ziga, o‘z shaxsiga yarashar qiliq qildirig‘a ixtiyorlidirlar. Bu qiliq va bir harakatni ushlab olib har qayda va har onda shuni qila berish «muhrli» (shtampovannыy) harakat ataladirkim, sahna olamida yaramas fazilatlardandir.
Sahna xizmatchilari sahna muhiblari, sahna ahllari va, umuman, san’at sevganlarning e’tiborlarini tanqidimizning bu qizg‘inch ahvoliga jalb qilamen.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"