Tavbang qabul bo’lmas seni

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Tavbang qabul bo’lmas seni
by Boborahim Mashrab

Ey ko’zimning sham’iyu ham nuri diydam ravshani,
Odami imong’a yetmay hech vaqt bo’lmas G’ani,
Mardumozori qilib bo’lma Xudoni dushmani,
Osmonga yetsa boshing qilmagil movu-mani,
To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni.

Kechayu kunduz agar Qur’on tilovat aylasang,
Shabni ro’z aylab mudom taqvoyi toat aylasang,
Misli Hotamdek bo’lib xayru saxovat aylasang,
Ka’bayi maqsudni ming bor ziyorat aylasang,
To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni.

Mashriqu Mag’ribni kezsang, yo’q bu dardingga tabib,
Qilmag’ay andak shafoat, sayyidi nuri Habib,
Kuydurur ul Moliki do’zax, seni oxir mujib,
Yuz fig’onu nola qilsang, hech kishi kelmas qarib,
To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni.

Dini imoning bilan ursang bu yo’lda dastu po,
Zo’ri bozing birla etsang o’ttiz uch ming xonaqo,
Osmondin tushsa Iso, qilsa haqqingga duo
Murshiding Xizri zamon bo’lsa, bo’lolmas rahnamo,
To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni.

Bo’yi rahmat anga yetmas, kimki badkirdordur,
Go’r ani qilmas qabul, chirkin tani murdordur,
Chun Xudo bandam demas, har kimki dil ozordur,
Kim Padarozordur, andin Xudo bezordur,
To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni.

Toating behudadur, hargiz topolmassan samar,
Sad hazoron nekni, bir xo’yi bad barham urar,
Ey muqqaddar domaning kuydi o’zingdin bexabar,
Arshi a’zamdin ulug’dur, bandaga amri Padar,
To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni.

Hech oqil o’zini ahli kasofat aylamas,
Bu giyohi talxni hech kim ziroat aylamas,
Kim Padarozordur Ahmad shafoat aylamas,
Bandayi mo’min omonatga xiyonat aylamas,
To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni.

Mashrabo azmi safar qilgil neku kirdor bo’l,
Bandalikni pesha tut, shab to sahar bedor bo’l,
Oxiratni xavfidin qon yig’lagil hushyor bo’l,
Bog’i rizvon istasang amri padarga yor bo’l,
To Otang rozi emas, tavbang qabul bo’lmas seni.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse