Jump to content

Tarahhum aylamaz holimg‘a ul sho‘xi parizodim...

From Wikisource
Tarahhum aylamaz holimg‘a ul sho‘xi parizodim...
by G‘oziy
333005Tarahhum aylamaz holimg‘a ul sho‘xi parizodim...G‘oziy

Tarahhum aylamaz holimg‘a ul sho‘xi parizodim,
Necha qulmen desam hargiz inonmaz sarvi ozodim.

Menga xursandlig‘ mumkin emasdur aylamish go‘yo
Qazo me’mori g‘am tufrog‘idin ta’miri bunyodim.

Qiyo boqmay tutub ag‘yor ilkin sarvi noz o‘tti
Tag‘oful mashrabim, zolim tabiat, qaddi shamshodim.

Ajabdurkim aning berahm ko‘nglig‘a asar qilmaz,
Falak minolarini ayladi simob faryodim.

Manga, ey do‘stlar, taklifi sayri gulsiton etmang,
Ochilmaz sayri gulzori eramda tab’i noshodim.

Chekib tig‘i jafo el qonin ichmakdur ishi doim,
Xudobezor, kofirkeshi shahroshubi jallodim.

Ko‘ngul mulkini xayli noz ilan yag‘mo qilur hardam
Qiyomat bexabar devona dushman do‘st bedodim.

Qaroliq birla o‘tti ro‘zgorim zulfidin doim,
Munavvar bo‘lmadi sham’i ruxidin zulmatobodim.

Meni, ey G‘oziy, bu noqis shayxlarga yo‘qtur ixlosim.
Muhabbat murshidim., dardu alamdur xatti irshodim.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.