Tanbur

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Tanbur
by Boborahim Mashrab

Setor demang, holi dilim so’rg’uchi tanbur,
Ko’nglum girehin, g’amlarini surg’uchi tanbur.

Bir necha raqiblar so’zidin g’amzada bo’lsam,
Hamdard bo’lubon og’ushima kirguchi tanbur.

Ko’tohnazar el buni hech qadrini bilmas,
Dargohi azaldin xabare berg’uchi tanbur.

Gar yor jamolini ko’rub pardag’a solsam,
Nag’masi oni siynaxarosh etg’uchi tanbur.

Ham yor jamolidek oni nash’asi bordur,
Hayrat o’tidin mahzi sanam qilg’uchi tanbur.

Oshiq yuragidin chiqib, o’ttek kelibon ul,
Bir uchqunig’a jumlani kuydurg’uchi tanbur.

Mashrabni tamom aqlin olib ul buti xunrez,
Jonimni yoqib siynaxarosh etg’uchi tanbur.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse