Jump to content

Tago‘r va tago‘rshunoslik

From Wikisource
Tago‘r va tago‘rshunoslik (1925)
by Abdulhamid Choʻlpon
334325Tago‘r va tago‘rshunoslik1925Abdulhamid Choʻlpon

TAGO‘RNI QANDAY TANIYLAR?

Hindiston va balki butun dunyoning bu kungi ulug‘ adib va shoiri bo‘lg‘on Rabindranat Tago‘rni madaniy olamning hammasi taniydir. Madaniy olamga nisbatan ancha ketda bo‘lg‘on bugungi turk-totor sho‘ro jumhuriyatlari xalqlari ham uni anchadan beri taniydirlar.

Mundan rosa 12 yil burun (1913 yilda) chiqqan «Sho‘ro» majmuasi dunyoda eng o‘tkur adibga berilaturg‘on No‘bil mukofotining hindistonli Tago‘r degan kishiga berilganini yozib chiqadi. Mundan 6—7 yil burun Qozon shahrida Sharqning ulug‘ shoirlari to‘g‘risida bir risola chiqdi, o‘sha risolachada — agar yanglishmasam — Umar Xayyom bilan birga Tago‘rdan ham gapirilgan va uning ba’zi bir parchalari tarjima qiling‘on edi. Bokuda chiqaturg‘on «Maorif va madaniyat» majmuasining mundan 2 yil burungi nusxalarida do‘qtur Sa’ditdin tomonidan Tago‘rning ba’zi bir narsalari sochma yo‘li bilan tarjuma qilindi va o‘zi to‘g‘risida biroz ma’lumot berildi.

Bizning o‘zbek o‘qig‘uchilari esa mundan bir yilcha burun «Inqilob» majmuasining bir sonida maoli Tago‘rdan oling‘on «Chirog‘lar» degan she’rni o‘qudilar. Undan keyin mana bu majmuaning o‘tgan sonida kaminani Tago‘r to‘g‘risidagi mulohazasi bilan birga uning bolalarga atab yozg‘on she’rlarining sochma tarjimasini ko‘rdilar. Lekin, bizning o‘zbek o‘qig‘uchilari Tago‘rning kimligini, zotini va aslini hali bila olg‘onlari yo‘q; gazeta va majmualarning o‘z so‘zi bilan aytsak, o‘zbek tilida Tago‘rning «tarjumai holi» chiqqani yo‘q. Bu safargi musohabamiz o‘sha kamchilikni to‘ldirmoq niyatida yoziladir.

Tago‘rning «tarjumai holi»ni topish ko‘p qiyin bir ish bo‘ldi. Nimaga desangiz, uning hamma asarlari degunday anglizcha orqali tarjuma qilinib necha marotabadan bosilib turg‘on o‘rus tilida tuzuk quruq bir «tarjumai holi» yo‘q.

O‘ruscha kitoblarning bozori ham juda qiziq: bir Tago‘rning bir asari necha mutarjim tomonidan necha xil tarjuma qilinib, har nom bilan bosdirilib chiqarilardi. Chunonchi, uning kichkina adabiy hikoyalari eng avval o‘sha hikoyalardan bittasining nomi bilan — «Baxtli kecha» bo‘lib chiqdi, undan keyin hikoyalardan bitta-yarimtasi tushirilib o‘rniga bitta-yarimta yangisi qo‘shuldi-da, «Yangi hikoyalar» ismi bilan chiqdi, eng oxirida yana o‘sha hikoyalarning o‘zlari oralaridan bittasinig bo‘lakcha nomi bilan — «Tashna toshlar» bo‘lub chiqdi… Uning ba’zi bir pesalari ham o‘ruscha kitoblar bozoriga necha xil kiyim kiyib chiqdilar.

Tago‘rning asarlari ustida bo‘lg‘on bu hangama uning o‘z to‘g‘risida yozilg‘on mulohazalar ustida ham bo‘lub keladilar. Chunonchi: Frantsiyada Tago‘r bilan Gandhini (Hind millatchilarining boshlig‘i edi, vafot etdi) sevgan bir adib bor, ismi Roman Rollan! Bu kishi Tago‘r bilan Gandhini parastish qilar darajada yaxshi ko‘radir. Uning «Mahatma Gandi» degan kitobi Gandhi bilan birga Tago‘rni ham osmonlarga kutarib yozilg‘on narsadir. Ana shu odam Tago‘rning fransuzcha bosdirilg‘on asarlari uchun uzungina bir muqaddima yozib bergankim, u ham boshdan-oyoq maqtash bilan to‘ladir. Ana o‘sha muqaddimani Tago‘rning o‘ruscha noshirlari «afandining qushi»day qiladilar. Ya’ni: bittasi u muqaddimani butun holida bosdiradir, boshqa bittasi uning bosh tomonidan birmuncha joyini olib qo‘yub yashiradir, yana bitta chiqib undan ham ko‘proq tushurib qoldiradir-da, bir «chimdim» qilib bosdiradir va hokazo!..

Bu to‘g‘rida yana bitta asl (originalni) misol keltiray: 92-nchi yilda Moskovda bosilg‘on qimmatbaho va juda yaxshi bir kitob bor, ismi: «Hindiston istiqlol uchun kurash yo‘lida». U kitob maqolalar majmuasiday bir narsa bulub Palo‘vich, Go‘rku-Krashin va Veltman kabi sharqiyot olimlari oralashqonlar. O‘shanda Veltmanning «Tago‘r va Hindiston» degan 26 sahifalik katta bir maqolasi bor. Xuddi o‘sha maqolaning o‘zi bosh-oyog‘i biroz qirqilgani holda mundan bir yarim-ikki oylar burun «O‘ttuz kun» (30 dney) degan oylik bir majmuada ham o‘rtog‘imiz Veltmanning imzosi bilan «Hind tasvirlari» (Indiyskiye silueti) sarlavhasi ostida bosilib chiqdi. Agar yanglishmasam, o‘sha mazmun va o‘sha mavhum mundan bir yilcha burun «Yangi Sharq» (Novыy Vostok) mamjuasida ham yana o‘sha imzo bilan o‘tub edi.

Uzun so‘zning qisqasi shukim, Tago‘rning asarlari va o‘zi ustida bo‘lg‘on shuncha hangamalar orasida uning «Tarjumai holi»ni topish juda mushkul bo‘lda Hatto Tago‘rning o‘zi ham o‘z hayotiga oid yozg‘on «Xotiralar»ida bir adabiy hikoya boshlag‘onday silliq va tekis bir she’r boshlab ketadir-da, bizga lozim bulg‘on «tarjumai hol» qolaveradir. U «Xotiralar»ni boshdan-oyoq o‘qusak, Tago‘rning bolaligidan tortib sunggi vaqtig‘acha o‘tkazgan hamma sarguzashtini bilamiz, lekin qaysi yil tug‘ulg‘onini yana bilmay qolamiz.

Tago‘rning «Tarjumai holi»ini tuzuk-kuruq topib yozg‘on kishi o‘ruslarning til-adabiyot olimlaridan Gruzinskiydir. Uning 1918 nchi yilda bosilg‘on asari bor. Tago‘rniig 3—4 asaridan terib oling‘och she’rlar o‘sha Gruzinskiy tomonidan o‘ruschaga tizma (nazm) bilan tarjuma qilinib bosdirilg‘onlar. Tarjuma tekis anglarlik, ravon, lekin ohangi va qofiya-vazn z’tibori bilan, albatta, asliga to‘g‘ri kelmaydir; buni mutarjimning o‘zi ham aytib o‘tadir.

Ana o‘sha asarni, so‘ngra Tago‘rga oid o‘ruschada bosilg‘on boshqa ba’zi bir asarlarni dastak qilib turib bu safar men majmua o‘qig‘uvchilariga Tago‘rning «tarjimai hol»ini taqdim qilmoqchi bo‘ldim.

TAGO‘R KIMDIR

1913 nchi yilgacha na Ovro‘po va na Rusiya, darhaqiqat, Tago‘r to‘g‘risida hech narsa bilmaydir, uni taqir ganimaydir. Hindistonni hokima va u yerga «madaniyat kirgizuvchi» bo‘lg‘on anglizlar uning to‘g‘risida hammadan ko‘b va hammadan burun, hattoki Hindiston bilan bab-barobar bilishlari lozim edi. Holanki anglizlarcha «Muhit ul maorif» (entsiklopediya)ning 1911 nchi yilgi bosmaxonasida ham Tago‘r to‘g‘risida hech narsa yo‘q. O‘sha «zo‘r» asarning «t» bobini boshdan-oyoq qarab chiqing, Hindistonning til va adabiyoti to‘g‘risida yozilg‘on juda ko‘b maqolalarni o‘qub chiqing yana Tago‘r to‘g‘risida hech narsa topa olmaysiz. Holbuki, Tago‘rning she’r maydonida ishlay boshlog‘oniga o‘sha vaqtda 30 yil bo‘lg‘on va u o‘z vatanida ulug‘ shuhratga ega edi.

Ovrupo uni birinchi marotaba 1913 nchi yilda taniydir. U yilda uning «Gitanjoli» degan munojotlar majmuasining anglizcha tarjumasi bosilib chiqadir. U tarjimani Yaits nomli bir anglizning yordami bilan shoirning o‘zi qilg‘on. Asarga haligi aigliz bir muqaddima yozib, shoirni asarini osmonlarga ko‘taradir va hind shoiri to‘g‘risida ko‘pgina ma’lumot beradir.

Anglizcha tarjumai hol majmualaridan bittasining 1915 nchi yilda bergan ma’lumotig‘a qarag‘onda, «Rabindranat Tago‘r» Kalkutta dorilfununining adabiyot do‘qtiridir. 1861 nchi yilning 6 mayida magarish (alloma) Dibindranat Tago‘rning sulbidan dunyog‘a kelgan Dorkanat Tago‘r degan shahzodaning nabirasidir. 1885 nchi yilda (24 yoshida) uylangan. Bir o‘g‘li va ikki qiz bor. Bangala viloyatida Bolpur shahrining yaqinida Shanti Nekiton degan joyda turadir.

Bolalik va yoshligi Kalkuttada o‘tgan. 1901 nchi yilda «Shanti nekiton»da bir maktab ta’sis qildi, u maktab hozirga qadar uning hayotida katta bir ish bo‘lub keladir. 1912 nchi yilda Angliyani ziyorat qildi va «Gitonjoli» kitobchasi angliz tilida bosilib chiqdi. 1913 nchi yilda No‘bilning adabiyot mukofotini oldi. Bangala tilida 30 qadar tizma (she’rli) asarlar, 28 ta sochma asarlar (hikoya, maqola, nutq va dramalar) bostirib chiqardi. («Tago‘r» — anglizcha aytilishidir. Asl bangalcha hindchasi «k» bilan «Tako‘r»dir. Ch.)

1913 nchi yilda ham anglizcha tarjumai hol majmuasi mundan ortiq ma’lumot bermaydir.

Tago‘r qadim naslli bir braxman oilasiga mansubdir. Uoila Kalkuttada «Tago‘r» nomli ko‘chada 150 yildan ko‘proq bir zamondan beri istiqomat qiladir. Tago‘rlar oilasi qadim zamonlardan beri Ovrupo bilan munosabat qilib, uning urfonini o‘rganib kelgan, Rabindranatning katta bobosi Dorkanat Angliya va Fransiyaga borib, o‘sha vaqtning qirollari (Viktoriya va Lui Filipplar) bilan ko‘rishgan. O‘z otasi «alloma» ma’nosida bo‘lg‘on «magarish» laqabi bilan laqablangan. O‘zining tarjumai holini yozg‘on va u asar anglizchaga tarjuma qilinib bosdirilg‘on. Uning bir birodari shuhratli rassom bo‘lib, hunarlari Angliyaning rasm ko‘rgazmalarita chiqadir. Yana bir birodari Surindrama Gun 1875 yilda Kalkuttada hind musiqasi to‘g‘risida anglizcha bir kitob bosdirtqon.

Tago‘rning eng katta va Sharq ruhi bilan G‘arb asosini birlashtirgan asari «Shanti nekiton»da ochqon maktabidir. U maktab 1901 nchi yildan beri davom qiladir va o‘zi o‘rmonlar orasida, otasining yolg‘iz qolib o‘ylashni sevgan joyida ochilg‘ondir. Daraxtlar orasiga tomi maysa ko‘katlardan yopilg‘on olachiqlar (kapalar) tikilgan, ular — shogirdlarning yotoqxonalaridir; muallimlarning uylari ham o‘shanda, shogirdlarning adadi 200 ga yetadir. Maktab tamoman hind tarzidadir, o‘qitg‘uchi va o‘qig‘uvchilar — kiyim, yashash, urf-odat va anglash jihatidan asl hindilardir. Darslar ochiq havoda bo‘ladir. U maktabga Angliya hukumati moddiy yordam bermakchi bo‘lg‘onda Tago‘r rad qilg‘on va muning sababini shoirning o‘zi bir ziyoratchiga tinch bir jilmayish bilan jilmayib turub, mana munday ko‘rsatgan: «Ular mening bolalarimni iskamiya (kursi) larda o‘lturishqa majbur qilar edilar, mening fikrimcha ular daraxtlar ostida va bo‘yralar ustida o‘lturub o‘qusalar yana, yaxshiroqdir». Maktabda shu milliy xususiyatlardan boshqa bu kungi G‘arb maktablarining mehnat va muxtoriyat asosi ham tatbiq qilinadir. Chunonchi uy ishlarining hammasini — to kir yuvishgacha bolalarning o‘zlari qiladilar, ro‘zg‘or, xo‘jalik ishlarini bolalar orasidan saylang‘on qo‘mita bajaradir, maktab mudirini ham muallimlar o‘z oralaridan saylaylar. Tartib va intizomni kattalar sudi bilan kichiklar sudi amalga qo‘yadir va ikkalasi ham saylanib qo‘yiladir.

Tago‘rga «o‘lim»ning zarbasi ham juda qattig‘ bo‘lg‘on. Shuning uchun uning asarlarida «o‘lim» to‘g‘risig‘a ko‘b uchratiladir. 1885 nchi yilda birodarining xotini o‘ladir; 1902 nchi yilda xotini, o‘g‘li va qizi o‘ladir; 1905 yilda kichik o‘g‘li va otasi o‘ladir. 1918 da yaia bir qizi o‘ladir.

Tago‘rning she’rlari hammasi degunday kuyli, kuylari — xalq kuyi. Uning har bir she’ri o‘z kuyi bilan xalq orasida o‘quladir, u o‘z she’rlariga kuylar ham topadir, no‘ta ham yozadir. Bu ulug‘ kishi to‘g‘risida uzunroq yozishni birorta jiddiy asari o‘zbekcha chiqar vaqtqa qoldirib, bu safar uning bir ashulasini tizma yo‘li bilan tarjuma qilib beramiz (adabiyot bo‘lumida).


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"