Tabiatga
(Saidalixo‘jaga bag‘ishlab)
Kel, malak, kel, kel, pari, kel, kel, o‘pay bir erkalab,
Kel, quyosh chiqquncha o‘ptir… kel, o‘pay bir ertalab…
Kel, quchoqlay, kel, qo‘lingni, barmog‘ingni bir ko‘ray,
Kel, ko‘zingga ko‘z solay, kel, ko‘ray, so‘ngra o‘lay…
Kelma-kelma, ey pari, sen, tanlaring nurdir sening,
Tanlaring nur, yuzlaring nur, tenglaring hurdir sening…
Yoqdi oylardan quyilgan yog‘dulardandir taning,
Ko‘k yuzida barcha yulduzlar suyuvchingdir sening…
Ko‘lakangdir, boqchalarga turli gullarni sochar,
Ko‘z qarashingdir, sening elga saodatlar ochar…
O‘ynashingdir, o‘ynoqi yumshoq shamolni qo‘zg‘atar,
To‘xtashingdir, dunyoda barcha hayotni to‘xtatar.
So‘zlashingdir, boqchalarda barcha qushni sayratar,
Bir tabassum qilmog‘ingdir, barcha jonni yayratar.
Kuylashingdir, uyquda qotgan jahonni uyg‘otar,
Uyqudan turgan jahon u kuy bilandir, to‘y etar…
Qayg‘urib qolgan chog‘ingdir, barcha jonlar qayg‘urar,
Har tomonda qayg‘u, hasrat, har aziz jon oh urar.
Ko‘k yuzini qop-qora, mash’um bulutlardir, o‘rar,
Ul bulutlardir yorug‘likning yuzin qoplab turar.
Ul bulutlar ustiga otdek minib devlar chopar,
Har urishda qamchini o‘tlar yonar, chaqmoq chaqar:
Ul bulutlar chopsalar devlar bilan osmon bo‘yi,
Unda boshlansa jin, alvasti va shaytonlar to‘yi,
Ko‘k gurildar, sel yog‘ar, do‘llar quyar, to‘fon bosar,
Qum ko‘char… tog‘lar qadar qumlar ko‘char… yo‘lni to‘sar…
Zo‘r dengizlar na’ra tortar… jon so‘rar, to‘lqin chopar,
Katta to‘lqinlar kelar-da, mayda to‘lqinlar qochar…
Mayda to‘lqinlar o‘lim raqsin etarlar kuylashib,
So‘ngra qirg‘oqqa chiqarlar jonlilarni yo‘qlashib…
Kelma-kelma… men faqir, bechora, yo‘qsil bir kishi,
Men kabi yo‘qsil kishining yog‘dularda ne ishi?..
1920-yil 29-aprel
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|