Suv

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Suv
by Komil Xorazmiy

Ochg‘ali otlandi to sultoni Jam iqbol suv,
Bu sharafdin borcha mazra bo‘ldi molomol suv.

Tez keldi deb taajjub qilmangiz har yilg‘idin,
Shohi odil qorshusig‘a qildi istiqbol suv.

Ochg‘och — o‘q jori bo‘lub keldi qanotlig‘ qush kibi,
Kaf bila amvojdin go‘yo chiqordi bol suv.

Zo‘rlarning taxtasin suv zuri o‘tdi sindurub,
El barobar ichdi beda’vov-u bejanjol suv.

Uyla amvoj-u talotum birla jori bo‘ldikim,
Yoflarni qildi daryo, solmalarni kol suv.

To‘ldurub olam ziroatgohini ondin o‘tub,
Dusht-u sahrolarni qildi, o‘ylakim g‘arbol suv.

Suvni keltirmoqg‘a sa’y etmak base lozimdurur,
Bo‘lmasa taqvi-yu toat topmas isti’mol suv.

Shohlar otlansa doyim yurti obodon bo‘lur,
Bor dalil ushbu so‘zimg‘a qilsang istidlol suv.

Iltifoti bahridin bir qatra Komil ichmadi,
Ochg‘oli otlandi to sultoni Jam iqbol suv.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.