Suddagi nutq
Men 1926 yilning 10 nchi yanvardan 10 nchi fevraligacha otpuskaga ketib, dam olib yurganimda, bu «Yig‘indi gaplar» nom maqolani yozg‘onman. Otpuskadan qaytqandan so‘ngra, 14—15-chisloda navbatdagi chiqaturg‘on «Mushtum» jurnalining soni uchun materiallar tayyorlag‘onimda, ularning ichida bu maqolani ham qo‘shib mas’ul muharrir Komil Alimovga olub borg‘onman. Mas’ul muharrir Komil Alimov haligi «Yig‘indi gaplar» nom maqolani menim qo‘lumdan olib, o‘zining kabinetida baland ovoz bilan o‘qub berdi. Ul maqolani o‘qub bergan vaqtida, uning kabinetida o‘rtoq G‘ozi Yunus, Sanjar Mirmahmudov va qonto‘rshik (kontorachi — Sh. Q.) Xaluchayev bor edi. Mas’ul muharrir Alimov maqolani o‘qugan vaqtida, ba’zi joylarini xato o‘qug‘oni uchun men tuzatib turdim. Keyin, o‘quv tamom qilg‘ondan so‘ng, «xo‘b, bostiraylik», dedi ham «yaxshi ketdi», deb qo‘shimcha qildi va men bostirg‘onman, chunki Alimov ijozat bermagan holda, tabiiy, maqolaning materiali yirtqilanib tashlansa kerak edi.
Maqolani, mas’ul muharrir Alimovga kursatmasdan ilgari, Ziyo Saidiyga ham o‘qub bergan, xuddi boshlag‘onimda hodisaning tepasiga Xurshid ham kirib qoldi. Men o‘qub bergandan so‘ng, «ko‘b yaxshi ketdi» deb maqtab yubordi. Bu anglashilmovchilikdan ilgari rasmiyat ya’ni idoraga kelgan maqolani bostirish yoki bostirmaslik to‘g‘risida muharrir rezolyutsiya solmas edi. O‘shaning uchun bu maqola rezolyutsiyasiz bostirilg‘on. Rasmiyat faqat jurnalning 28-sonidan boshlandi.
Bu maqola faqat kulgu tariqasida yozilg‘on, hech bir hukumatga yoki siyosatga tegadigan joyi yo‘q. Maqola bosilub, jurnal tarqalg‘ondan so‘ngra, besh-o‘n kuncha o‘tkandan so‘ngra, Alimov Samarqanddan qaytub keldi va meni o‘zining oldiga chaqirtirib, «nimaga bostirding, men ijozat bermagan edim», dedi. Men «sen ijozat berding, men bostirdim»», deb janjallashdim.
Maqolani Alimovning kabinetida o‘qug‘onda, Ziyo Saidiy yo‘q edi ham kirgan emas, shaxsiy adovatga ketub, «bor edim», deb gapiradur.
Bu guvohlarning mundoq gapirishi faqat shaxsiy adovatdan iborat, chunki biron vaqt jonlariga tekkan bo‘lsam kerak, ammo qay tariqada ularg‘a gap tegdirganimni ayta olmayman. Guvoh Ziyo Saidiyni og‘zaki tanqid qilar edim. Matbuotda tanqid qilg‘onim yo‘q. Qisqasi, umuman, Ziyo Saidiy va boshqalar manga qarshi bo‘lg‘onlari uchun yolg‘ondan guvohlik beradurlar.
«Yig‘indi gaplar» maqolasini ma’nisi, kelgan-ketgan gaplar, degan so‘zdir ham faqat kulgi tariqasida yozilg‘ondir…
Manim 27 nchi son «Mushtum» jurnalidagi «Yig‘indi gaplar» sarlavhalik kulgi maqolam ham shu asoslarga solinib yozilg‘on sajiyaviy chin kulgi edi. Mazkur maqoladagi maqsadim, kulgi mezoni bilan xarfat jadidga oling‘onda, quyidagi mazmunlar har kimga, har bir go‘dakka oshkora bo‘ladur: Maqalaning birinchi ustun to‘rtinchi yo‘lidagi «O‘zbekning ishchisi, dehqoni, maorifi, shaltay-baltayi alx uxlaydi» (alx — hammasi barchasi) jumlasi faqat mubolag‘a maqomida qo‘llang‘on bir gapdir. Mundan boshqa ma’nolar chiqarish xayolot yoki vasvasadir. Zero, boshida bir oz muhokamasi bo‘lg‘on har bir kishi O‘zbekistonning Ulug‘ Uktabr inqilobig‘acha bo‘lg‘on holi bilan, Uktabrdan keyingi to‘qqiz yil ichidagi intibohini (uyg‘onish) (ijtimoiyatda, ilm va madaniyatda, xulosa ham bir jabhada) chiqishdirib ko‘rsa, o‘zini tamoman boshqa bir olamda his etadir. Bas mundagi jumla mubolag‘a orqalik ishchi-dehqonni qitiqlash, ya’ni uni yana ham yuqori tomonga qarab sudrash maqsadida keltirilgan: Bu jumla zohiriy tuzulishdan mubolag‘a-kulgi, ichki ma’nodan qitiqlash. Turmushdan misol keltirilganda, masalan: Toshpo‘lat akaning bir o‘g‘li bor; Toshpo‘lat aka o‘g‘lining ishga ixlosini, o‘z ishida muvaffaqiyatini yaxshi biladir. Lekin shundog‘ bo‘lsa ham, o‘g‘lini «sen yalqovsan, odam bo‘lmaysan!», deb kamsitadir. Bu kamsitish, ya’ni po‘pisa, kamsitilg‘uchining chindan ham yalqov va g‘aflatda ekanini ko‘rsatmaydir, balki uning yana ham izlatishga va o‘z nuqsonini qidirib tag‘in ham yuqorilanishga xizmat etadir.
Mazkur jumladan keyingi: «Ammo o‘choq boshini xoli topqon olaqarg‘alar bo‘lsa, xo‘bam bilgan noma’qulchiligini qilyapti?» jumlasidirki, mazmuni hammaga ham yashirin emas: Chor va sarmoya hukumatining O‘zbekistonda qolg‘on va qo‘y terisiga burkanib eski xo‘jaliqni dimog‘idan chiqarolmog‘on jonivorlari hamon sho‘ro idoralarida hukm suradirlar. Albatta ular qo‘llaridan kelganicha, ishchi-dehqon iqtisodiga va shu vosita orqaliq uning maorif va madaniyatig‘a zarba berishga tirishadilar. Ham zararlikda shular qatoridan qolishmaydirg‘on, faqat o‘z shaxsiy rohati yo‘lida elni emib, qayg‘usiz, g‘oyasiz, echkining oti Abdukarim bo‘lib, yetmasa ig‘vogarlik bilan kun kechiruvchi o‘zining ba’zi stolparast, tanparast shaxslarimizdan kinoyadir. Mundan keyingi — «Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo‘lsa, axir bir kun qatron-patron qilub olarov, og‘ayni! Ishqilub o‘lmasdan bahorga chiqib olsamiz bo‘limti…» Bu yerdagi ega ishchi, dehqondir va chiqiladirg‘on bahor ularning yuksalib chin sotsializmga yetishmaklaridir. Ya’ni ishchi-dehqonlarimiz iqtisodan yuksalib, ma’rifatan yuqorilashsalar, o‘shanday zararliq mustamlakachi va boshqa unsurlardan qutilurlar, qatron qilib ularni yo‘qoturlar, yuvarlar, degan ma’noda.
«Erlilashdirish, o‘zbeklashdirish…alx». — Bizda bir xil kishilar bor, ya’ni ziyolinamolar. O‘zlari amalda bir pullik ish qilmaydirlar, ammo og‘izda ko‘cha sasitib, hasratlanub yuribdurlar. Mazkur jumlalar o‘shanday ishsiz, faqat hasratigagina tayang‘on unsurlardan kinoyadir. Masalan: «Erlilashdirishdan hech bir natija chiqmadi, falon ish bilan munday holatga tushdim, hasratingni kimga aytasan», deb yurguvchi oliftalarga hamma vaqt uchrashiladir. Ovsar bo‘lsa ularga «bibigni oldiga hasrat qil, hezlar!», deb zaharxanda qiladir. Yuqorida zikr qiling‘onidek, maqsadlari faqat mansabdan, kayfu-safodan iborat bo‘lg‘on unsurlar bizda hali quritilg‘on emaslar va bunga gazeta betlaridagi xabar va shikoyatlar onli shohiddir va shular qatorida haligidek quruq hasratchilar ham yo‘q emaslar. Ammo bularning qarshisida joni bilan, tani bilan ishchi-dehqon saodatiga qurbon bo‘lib bosh tikkanlar ham ko‘b, jumladan, o‘rtoq Oxunboboyev buning timsoli mujassamidir. Ul har qachon, har yerda kamchilik va nuqsonlarimizdan so‘zlab, buning uchun choralar, tadbirlar izlashga, ham ishchi-dehqon saodati yo‘lidag‘i to‘siq g‘ovlarni olib tashlamoq uchun barchani ko‘makka chaqiradir.
Birinchi ustunning 25 nchi yo‘lidan boshlab, ikkinchi ustunning 4 nchi yo‘ligacha bo‘lg‘on o‘rtoq Oxunboboyev to‘g‘risidagi gaplar yolg‘iz uning shu sifatidan kinoyadir. Masalan, faqat ko‘cha sasitib, og‘zaki g‘ishg‘ish qilib yurgan anavi hasratchilar qarshisida o‘rtoq Oxunboboyev aktivniy ravishda majlis va gazetalarda kamchiliklarni chertib otadir. «Hali-ku bu og‘zaki g‘ishg‘isha, ammo kechagi kun gazetada… alx» (5 nchi yo‘l, birinchi ustun), muqaddimasi shuni ifodalaydir.
Ikinchi ustun 5—6 nchi yo‘llardagi, — «Shukur qorning to‘q, qayg‘ing yo‘q, bas tinchkina oqsoqollig‘ingni qilaversang bo‘lmaydimi?» jumlasi shaxsiy hazil bo‘lishi barobarida, yuqorida zikr qiling‘on qorni to‘q, boshqa qayg‘usi yo‘q unsurlardan zamzamadir. Ya’ni, aytilmakchikim: Ey Oxunboboyev! Nega sen ham o‘shalardek qorningni silab yotsang bo‘lmaydimi? Ammo bu jumladan anavi tanparastlarga onglatilmoqchi bo‘ling‘on, aytilmak istalingan ma’no bundaydur: Ey Abdulhaqlar va ey tan bandalari, o‘rtoq Oxunboboyevdan nega namuna olmaysizlar, ul sizlarga o‘xshash qornim to‘q, qayg‘im yo‘q, deb tinchkina yotibdirmi? (Mana shu o‘rinda aytilgan ma’noni quyidagi jumlalar, ya’ni kulguning ketishi ham ta’kidlaydur).
Ikkinchi ustun 7 nchi yo‘ldan boshlab, 13 nchi yo‘lning oxirigacha bo‘lg‘on «tuzuk, chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig‘im yo‘q…» jumlasi esa o‘rtoq oqsoqolning mazkur ma’ruzasini darhaqiqat iltifot etishga loyiq bir tsifr ekanini, bizning to‘kis maorif madaniyatgag erishmagimiz uchun yana katta fidokorliklar kerakligini ko‘rsatib anglatish uchun keltirilgan.
Ikkinchi ustun 17 nchi yo‘ldan boshlab, «Shu zamondagi ba’zi odamlarga ajab hayron qolaman, bir ming bolag‘a bitta maktab bo‘lsa nimayu, o‘n ming bolag‘a bitta to‘g‘ri kelsa nima qayg‘i?» jumlasi bilan, yana yuqorida aytganimcha, o‘rtoq oqsoqolning chindan ishchi-dehqon maorifi va boshqasi uchun g‘amxo‘r va bosh og‘ritganini ko‘rsatmakchi va shu gunohi, ya’ni mazlum xalq maorif-madaniyati yo‘lida o‘z-o‘zini mashaqqatlagani uchun ovsarona uni shiltalamakchidirman. Bundog‘ kinoyalik madh aksar xalq orasida iste’mol qilinadur. Masalan, tirishqoq va jonkuyar bo‘lg‘on ikkin birov o‘zini ovsarlikka solib, «qo‘y, nima kerak senga shuncha tashvishni! Shukr, bir kuning bo‘lsa o‘tib turirdur: Besh kunlik dunyoda sen ham tinchkina yursang-chi?» — deyidirlar.
Ikkinchi ustun 20 nchi yo‘ldan boshlab, 3 nchi ustunning beshinchi yo‘ligacha bo‘lg‘on «muddao mirzaboshilarni ko‘paytirib idoralarni yerlilashtirish bo‘lsa… alx» kulgulari yolg‘iz o‘rtoq Oxunboboyevnigina emas, balki boshqa o‘rtoqlar diqqatini ham yerlilashdirish va madaniy maorif ishlariga jalb qilish uchun qo‘llanilg‘ondir.
Ma’lumki, bizda ikki xil ziyolilar bor: 1) eski, ya’ni Uktabrgacha bo‘lg‘on ziyolilar; 2) Yangi Sho‘ro ziyoliylari, takrorga hojat yo‘q; Inqilobgacha bo‘lg‘on va Uktabrdan keyingi ziyoliylarni yetishtirgan omillar va sharoit hammaga ma’lum. Shuning uchun, men ularni tahliliga kirishmay mazkur «Mushtum» sonidag‘i ziyoliylar haqida bo‘lg‘on kulguligim ustida gapiraman.
Uchinchi ustun 15 nchi yo‘ldan boshlab, to 35 nchi yo‘lg‘acha bo‘lg‘on gaplar mazkur ikki xil ziyoliylarni tekshiruv maqsadida yozilg‘ondir. Masalan, «O‘rtoq Akmal (Ikromov) Cho‘lponboyning… she’ri bilan ziyoliylarning aftiga tufurgani holda, yana nima uchundir, hezlar tavba qilsa, ularga firqaning quchog‘i ochiq! — deb, qo‘yadir. Darhaqiqat, hezlar tavba qilsa, o‘rtoq Akmal bu tavbaga ishonadimi, yo‘qmi ammo unga aytadirgan gapim bor…» Bu jumlalar ziyoliylarni firqa ko‘zida tavba qilg‘on bo‘lib ko‘rinub, riyokorlik qilmasinlar, tavbalari quruq so‘z berishdan iborat bo‘lmasin maqsadida aytilgan. Mundagi harfan kuzatilgan muddao ersa mundog‘: Ey, ziyolilar! Sizlardagi ba’zi birilaringizning yaqin moziydagi kambag‘allar ho‘kumatiga bergan zararlaringiz maydonda, buning uchun mehnatkashlar aftlaringizga tuflasalar haqlidirlar. Mehnatkashlarning quchog‘i bizga ochiq ekan, deb riyo bilan mehnatkashlar ishiga aralasha ko‘rmangiz, chunki mehnatkashning aqli-hushi boshida, yaqin o‘tkan kunlaringiz uning ko‘z o‘ngida. Ey, o‘rtoq, Akmal, agar ulardan birtasi mazkur riyokor munofiqlik holatida ishga aralashadirg‘on bo‘lsa, sen bunga hazir bo‘l, ehtiyot tur! Ammo tavba to‘g‘risida senga aytadurg‘on so‘zim bor: «Men har kuni xudog‘a to‘qqiz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman». Ya’ni bu gapdan murod, ularning tavbalari bizdagi oddiy ma’noda yurgan tavbadan bo‘lmasin. Bu kungi firqa oldida qilinadurg‘on tavba tamoman yangi, chin ma’nodagi tavba bo‘lsin, har kuni to‘qquz martaba istig‘for aytib, o‘n sakkiz martaba qaytadurg‘on tavbadan mehnatkashlarga foyda yo‘q.
«Tavbaga bo‘yin bukkan banda bandalarning eng yaramasidur, qulluq bunyod qilg‘on rasvo, rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir». Bu jumla bilan, o‘sha oddiy ma’noda bo‘lg‘on tavbani inkor qilinadir, ya’ni tavba qulliqdir, bo‘yin egish bandalikdir, banda esa haqiqatga tushunib emas, kuchlanib, ojizlanib bo‘yin bukadir. Bas, bu holdagi tavba-tavba emas, balki shaxsiy ixtiyorni, muhokamani qo‘ldan berib odamgarchilikdan chiqishdir. Bu dunyoda tavba, qulluq qilish bo‘lmasin, chunki bu rasvolik, ammo haqiqat oldida bo‘yin egish bo‘lsin. Uzing bir haqiqatga qonmay turib va o‘zingning xatoyingga tushunmay turib, faqat ojizdan qiling‘on tavba—tavba emas, ham o‘zgani aldashdir, rasvolikdir.
«O‘z butunlig‘ini saqlay olmag‘on boshqaga yeng bo‘lolmaydir». Bu jumla yuqorida aytilgan ixtiyoriy shaxsni takrorlaydir. Ya’ni, shaxsiy butunlik, mustaliq shaxsiyat qulliq bilan ziddir. Shaxsiy ustunlig‘i bo‘lmag‘on, ya’ni o‘zida haqiqatni ixtiyor qila bilish kuchi topolmog‘on ojiz, ixtiyorsiz odamlar jamiyat uchun foydalik va chin a’zo bo‘lolmaslar. Chunki, aksar munofiqlik va maydalik ixtiyorsiz ham o‘ziga ishonchsiz va imonsiz kishilardagina gavdalanishi ilmiy ravishda isbot qiling‘ondir.
Meni ma’yublar kursisiga o‘tqizg‘on «Yig‘indi gaplar» maqolasining asli kuzatkani va yozg‘uvchisining maqsadi yuqorida mazkur sharhlardan iboratdir. Bundan boshqa ma’nolar chiqarib turlik ehtimollarga borib qaytish o‘rinsizdir. Agar ba’zi o‘rtoqlar shunday mulohazalarga ketkan ekanlar, bu esa kulgulikning, ayniqsa adabiy kulgulikning bizda hali yoshlig‘idan va o‘zlashib ketmaganligidan keladir. Shuni ham aytib o‘tishni, yodlaringizga solishni lozim topamanki, kulgi maqoladagi mustaor imzo maqolaning harakatiii aksar vaqt o‘z tarafiga burib yuritadilar ya’ni muzika yozg‘uvchining mustaor shaxsiga loyiq gaplar, jumla va ta’birlar orqasidan ergashadur, maqolaning imzosi «Ovsar» qo‘yilgan, demak undagi ko‘b ta’bir ifodalar ovsarona, daliyonadir. Tentakni tentak tinglaydir deganlaridek, kulgulikdagina emas, umuman sajiyaviy adabiyotga yaqin turg‘on kishilar bu maqolani shu nuqtadan qarab tekshirsalar yana ham haqiqat ochiladur. Masalan, manim kulgulikda ishlataturgan necha turlik mustaor imzo ya’ni qahramonlarim bor: Kalvak Maxzum, Toshpo‘lat, Ovsar, Dumbul, Shilg‘ay va boshqalar. Agar siz shu imzolar bilan yozilgan kulguliklarni tekshirib chiqsangiz, munda asli yozg‘uvchining shaxsini tamoman ko‘rolmaysiz, faqat so‘zni imzo egasining o‘z og‘zidang‘ina eshitasiz. Kalvak Maxzumni o‘qing: Ko‘bdan haqiqiy hayot bilan aloqasi uzilgan, madrasa xurofoti ilan miyasi g‘ovlag‘on xolis bir mahalla imomini ko‘rasiz. Toshpo‘latni o‘qing: Ishsiz, biri bit, biti sirka bo‘lmag‘on va shu faqirlik orqasida o‘g‘rilik va fahshiyat dengizida suzib tajanglangan xolis bir chapanini ko‘rasiz. Ovsar va Dumbullarni o‘qing va tekshiring, hokazo.
Odil sidlardan so‘raymankim, men ayblangan maqolani, manim ustimda turlik shubhalar tug‘dirg‘on kulgulukni shu yuqorida sanalg‘on mezonlarga solib tekshirilsa va hukum berilsa ekan. Kulgulikda ular aytkandek yomon niyat bilan yashirilg‘on hech bir ma’no yo‘q. Harna yozilg‘oni bir «Ovsar» tilidan faqat ishchi-dehqon manfaati kuzatilib aytilgan, hukumat kishilariga bo‘lg‘on gaplar o‘rtoqlik hazili, shaxsiy mazoxor, mundan boshqa gaplar, ma’nolar bo‘lsa yuqorida bir daraja ta’dod (sanamoq —Sh. Q.) qilub o‘tdim. Shohidlardan oliy Sudga men qoralang‘uvchi — qora kursida o‘ltirg‘uvchining faqat shaxsiy adovat orqasida bu holda tushunganim yaxshi anglashildi, deb bilaman. Mundog‘ bo‘lsa ham, yana bir daraja shohidlarning o‘z so‘zlaridan yasab, adolatlik sudlarning xotirlariga tushurib o‘taman:
1. Guvohlardan o‘rtoq Levchenkoning so‘ziga qarag‘onda, O‘rta bsiyoda siyosiy jihatdan yuqori o‘rinni ushlagan «GPU» 27 nchi sonning dunyoga chiqarilishiga ruxsat bergan. Ya’ni «GPU» ning ruxsat berishidan shu ma’no anglishiladirkim, manim mazkur sondag‘i «Yig‘indi gaplar» maqolam sudlarga ilmiy va adabiy yo‘lda sharhlab berganimdek, zararsiz, nafsoniyatlar aytgan ma’noda emasdir. Ham shundoq bo‘lishi tabiiy. Yo‘qsa, har bir nuqtani erinmay tekshirish bilan mashhur bo‘lgan siyosiy idora 27 nchi son «Mushtum» ning dunyoga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymas va ruxsat bermas edi. Ammo bir necha shaxslar bu maqolani o‘zlarining, bilmadim, qandog‘dur tarozulariga solib, zararlik topishlari ersa, g‘arazgo‘ylik, tirnoq ostidan kir izlashdan boshqa narsa emasdir.
2. Xurshid Sharaf, ma’lumki, olg‘on ta’limoti bo‘yicha meni qoralamoqchi bo‘ladi. Lekin, o‘rislarning «bigizni qopda… alx!,» degan maqollaridek, uning menim ustimda bo‘lg‘on tuhmatlari, bo‘htonlari o‘zining bergan javoblari orasida «manaman» deb qopning qornini yorub chiqib turadi. Xurshidi tobon deganimiz o‘zini jinnilikka — tentaklikka solib qaradi. Ammo adolatlik sudlarning to‘g‘ri tekshirishlari haqiqatni ocha borub, yolg‘on shohidni obdon dovdiratdi, alvon rangga kirgizdi. Men uning dovdir shahodatining hamma nuqtalari ustida to‘xtamayman. Chunki, ular mufassal ravishda, sudning zabtnomasiga kiritilgandir. Ammo shunigina aytib qo‘yamanki, Xurshid deydir: «Mirmuhsin — men «Bon-bon» degan manzumasini «bosilmas…» degan edim», deb aytdi». Bu gap bilan Xurshid, o‘rtoq Mirmuhsinning bir vakolatini sodiqona ado etmoqchi edi. Biroq taassufki, muvaffaqiyatlik chiqmadi. Xurshid o‘zining boshqa shahodatlari kabi «Mirmuhsin bosilmasin deb rezolyutsiya qo‘yg‘ondi men asrab turg‘on edim», — desa ixtimolki, manim ustimga og‘ir yukni qo‘yub, egasiga sodiq qolg‘on bo‘lar edi.
3. Ziyo Saidning haqiqatqa teskari, shahodati to‘g‘risini uning Kommunistik vijdoniga havola qilaman. Ammo bir necha nuqtalari ustida to‘xtab olishga majburman: «Muharrirning xonasiga kirub, Komil bilan Julqunboyning janjallari ustidan chiqdim», deydir. «Orada Sanjar bilan G‘ozi Yunus ham bor edi», deydir. «Undan so‘ng matbaaga tushib, arxivni axtarib yursam, «Bon-bon» manzumasi chiqdi, qarasam «Bosilmasin. M.» deb imzo qo‘yilg‘on ekan, lekin o‘zim Xurshidning «Bahri qadam» maqolasini olish uchun borgan edim», deydir. «Shundan keyin «Bon-bon»ni papkamga solub, idoraga olib bordim, undan so‘ng tergovga topshirdik», deydur. Ziyo Saidning bu so‘zi nimani anglatadir? Uning bu so‘zidan aniq shu kelib chiqadikim, ul «Bahri qadam» maqolasini olish uchun bormag‘on, balki menga 114-statyani berdirish niyati bilan borg‘on. Chunki, qonunan lozim ediki, arxivni qarag‘anda, yoniga xolis kishilarni chaqirub tekshirish va akt qilish. Mana bu tomondan ham manim ustimga ishlangan soxtagarlik o‘z og‘zi bilan aytub turadur. Yanada Ziyo Saidning kecha bergan javobi ichidagi — «Mushtum»da bosilishi muvofiq ko‘rilganligi rezolyutsiya qo‘yilmag‘on maqolalar ham bo‘lar edi, — degan so‘zi ham odil sudlar uchun shoyoni diqqatdir.
4. Endi obllitning sarkotibi o‘rtoq Milkov ustida to‘xtayman. Men to‘g‘rilik orqasida, bosh ketsa «ix» deydirgan yigit emasman. Muqaddimadagi so‘zimda aytdim: Men o‘sha kun matbaaga tushganimda, yolg‘iz «Yig‘indi gaplar»dagina emas, balki boshqa materiallarda ham obllitning shtampasi yo‘q edi. Endi bugun hayron qolaman, bundagi shtamplar qayoqdan keldi, yoki bunda ham manim ustimga bir yuk ortmoqchi edilarmi? O‘rtoqning dabba javobidan ma’lum bo‘ladirkim, bu orada har bir nayrang qurmoqchi bo‘lg‘onga, ishni chalkashtirub menim boshimni qotirib, dovdiratmoqchiga o‘xshaydirlar. Darhaqiqat, gap shunday bo‘lmasa, obllit degan mas’ul bir o‘rinda o‘ltiruvchi o‘g‘il bolaning javobini qarang emish firqa o‘rgani bo‘lg‘oni uchun «Mushtum»ning materiallari tekshirilmasdan, ustiga shtamp bosilib berilar ekan. Bu holda, jurnalning obllitning ruxsatisiz chiqara berishi lozim bo‘lmasmidi? Har bir sahifa materialga shtamp bosishning nima hojati va kartochka yozishning qanday zarurati bor edi? Bu masala juda muammo. Tuzuk, obllitning ruxsati, ya’ni shtampasi bo‘lishi manim uchun zararlik emas, lekin o‘zim matbaada materialni ko‘rgan chog‘imda shtampa yo‘q edi…
Qisqacha tarjimai holimni bayon etib, so‘zimning oxirida shuni aytmoqchiman: Maqolani zararsiz va jurnalga muvofiq topib bosishga ruxsat berguvchi Komilning o‘zi edi. Bu kun o‘z lavzidan qaytib, vijdoni oldida qip-qizil ajiva bo‘lg‘uvchi, meni qoralag‘uvchi va ustimga boshqa bo‘htonlarni taqig‘uvchi ham uning o‘zi bo‘ldi. Uch oylardan beri, matbuot sahifalarida o‘rinsiz va boshqa, faqat menga qaratilis bo‘lg‘on haqsiz hujumlar, anglashmovchiliklar, bemaza isnodlar va jimjimalik zamzamalarning bosh omili ham shubhasiz Komil va sheriklari edi. Xulosa, adovat mamlakat rangida bo‘yaldi.
So‘zimning oxirida, o‘zimning asli g‘oya va maslagim bilan ham hozirimni qisqacha tanishtirib qo‘yayin: Men Sharq ozodlig‘ini va uning mazlum proletariat saodatini faqat — Leninizm orqasida vujudga chiqishig‘a ishongan bir kishiman. Bu gapni sizning beradurgan jazoingizdan qo‘rqib emas, balki vijdonim, imonim tazyiqi ostida so‘zlayman. Lekin bu ozodlikdag‘i chin kurashuvchilar — lavzsiz qo‘rqoqlar, shaxsiy adovat orqasidan baxt qutquchi mayda kishilar bo‘lolmaslar; ammo o‘rtoq Leninning sog‘lom, ulug‘, g‘azamatsiz, g‘idirsiz yo‘lig‘a tomon xolis niyatda bel bog‘lag‘uvchi qahramonlargina bo‘lurlar. Manim haqimda kim nima desa desin, lekin men Marks va Leninning haroratlik shogirdiman, chunki, men Lenindan ruh olib, Marksdan ilhomlandim.
So‘zim oxirida odil sudlardan so‘rayman: Garchi men turlik bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar bilan, ham anglashilmovchiliklar orqasida, ikkinchi oqlanmaydurg‘on bo‘lib qoralandim. Loaqal ularning, qoralovchi qora ko‘zlarning ko‘ngli uchun bo‘lsa ham, menga eng oliy bo‘lg‘on jazoni bera ko‘ringiz. Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmog‘on sodda, go‘l, vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha, ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir. Odil sudlardan men shuni kutaman va shuni so‘rayman.
1926 yil, 16 iyun. Samarqand
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|