Jump to content

Sozlar munozarasi

From Wikisource
Sozlar munozarasi
by Ahmadiy
333527Sozlar munozarasiAhmadiy

So‘z ibtidosi

Bir kecha g‘am birla xiromon edim,
Mehnati davron bila shodon edim.

Kulbai ihzon ichida xoru zor,
O‘lturubon diydai jon intizor.

Munisim ul yor xayoliyu bas,
Ul edi faryodima faryodras.

Nuql g‘amu boda yurak qonidin,
Ud xijil nolishim afg‘onidin.

Har dam oqib ko‘z yoshidin seli xun,
Jonda alam, boshta havoi junun.

Chiqti fig‘on ul dili g‘amnoktin,
Utti bu nuh pardai afloktin.

Aql huvaydo bo‘lub ayladi bok,
Pirahani sabr yaqosini chok.

Entikibon tashqari chiqtim ravon,
Tun yarimi o‘tub edi ul zamon.

Xalqi jahon barchasi orom edi,
Tiyrau torik ajab shom edi.

Yulduzu oy ko‘kta padidor yo‘q,
Tundin uza partavi anvor yo‘q.

Ko‘rdi hirad, qoldi bu holatta lol,
Bordi zamirindin o‘shal qiylu qol.

Keldim o‘shal holda jondin batang,
Chig‘di xarobatta g‘avg‘oyi jang.

Tingladim ul holni hayrat tuni,
Etti falak bomida g‘avg‘o uni.

Dedim: e yorab, bu ne ovoz erur?
Har nafasi o‘zga sazovor erur.

Bo‘ldum o‘shal lahza bayak nogahon,
So‘yi xarobot oshuqub ravon —

Ettim esa, piri xarobot mast,
Jomu qadahni qo‘yub ul dam zidast,

Qolibidan ruh borib erdi pok,
Etib o‘luklar kibi barro‘yi xok.

Majlisida hozir edi jam’i soz,
Har biri bir pardada go‘yoyi roz.

Har biri o‘zini sitoyish qilib,
Savtu amal naqshu namoyish qilib,

Barchasi bir-birni qilib imtihon,
O‘rtada bahs erdiyu jangu fig‘on.

Mabhas ibtidosi. Avval tanbura so‘zi.

Tanburai g‘amzagari fitna jo‘y,
Majmai ul sozg‘a kelturdi ro‘y.

Dedi:— Bu ne fitnau g‘avg‘o erur,
Boshingiza behuda savdo erur?

Arbdau jang nedur az gazof?
Parda bila so‘zlali, tokay bu lof?

Pardaye mendek tuzuk ohang ne?
Nolai zorim eritur sangni.

Pardada ul murg‘i suxansoz men,
Fitna eshikin qiloyin boz men.

Barchag‘a aytay zitariqi savob,
Jumla maqomotta bir-bir javob.

Ud o‘zin ta’rif qilib, tanburani ta’riz qilg‘oni

Ud eshitib kuydi aning so‘zidin,
O‘rtanibon boshladi so‘z o‘zidin.

Dediki:—Men barchangiza shohmen,
Jumla maqomottin ogohmen.

Nolalarim ud bikin so‘znok,
Qaysi qilur men kibi ohangi pok?

Soz ichida barchadin otim uluq,
Vasf ichida barcha sifotim uluq.

Bo‘ldi xaloyiq ora mashhur otim,
Loyiq erur shohg‘a xosiyatim.

Tanburai be xiradi nosavob,
Qaysi hunar birla mango der javob?

Tanbura ta’riz bila javob aytqoni

Tanbura ul so‘zni eshitib, ravon,—
Dedi:—Halo xojai ishkam kalon

Qo‘yg‘in o‘shal da’viyi berohni,
Mot qilay sen kibi yuz shohni.

Kuyma bu so‘zga chu bilursen bilik,
Bos yuraking, qorningg‘a qo‘yqin ilik.

Barcha maqomotlaringdin qolib,
Homila xotun kibi qorning solib,

Egri bo‘lub bo‘yingu boshing sening,
Qolmadi behuda taloshing sening!

Chang o‘zin ta’rif qilib, tanburani ta’riz qilg‘oni

Chang oradin bo‘ynin uzotib ravon,
Tuzdi o‘shal lahza tuman ming fig‘on.

Dedi:— Biling, barchaning ustodimen,
Ayshu tarabning taqi bunyodimen.

Sha’bada tarkibu amal, naqshu savt —
Qilmadim ul jumlani bir lahza favt.

G‘amzalarim barchadin afzun erur,
Layli mening g‘amzama majnun erur.

Xalqning egnida maqomim mudom
Men kibi yo‘q to‘tiyi shirin kalom.

Doyim erur shoh bilan suhbatim,
Ahli tabiat biladur ulfatim.

Tanburadek yuzni qilay poymol,
Ayladi o‘g‘lonlar ani dastmol.

Qo‘buz o‘zini ta’rif qilib, tanburani ta’riz qilg‘oni.

O‘rtada keldi qo‘buzi beqaror,
Dedi:— meningtek qani bir piri kor?

Ishq gulistonida men andalib,
Nolai zorimg‘a muhibtur habib.

Men kibi yo‘q murg‘i suxansozi ishq,
Jumla maqom ichra. degan rozi ishq.

Mamlakati husnda shahzodalar,
Mashg‘alai dahrdin ozodalar.

Barcha musohib manga shomu sahar,
Yo‘q zurafo ahlina mendin guzar.

Jumla yigit yaxshisidur chokarim.
Xoja Safarshoh kamin navkarim.

Tanburadek jumriyi bozorini,
Sindurayin narxi xaridorini.

Tanbura ta’riz bila javob ayg‘oni.

Tanbura dedi:— Qo‘buze behayo,
Ochmag‘in og‘zimni, baroyi xudo.

Kim sanga tegmas degasen mouman,
Yuzunga choruq kibi tortib sozan.

Modari bichkanmusen ey beadab,
Necha yigitlarni qilursen talab?

Taxtai tobut kibi qomating,
Sur eshaging ilgari, qolsun oting.

Yaxshi bilurmen sharafingni sening,
Kerdi Safarshoh dafingni sening.

Yotug‘on o‘zin ta’rif qilib, tanburani ta’riz qilg‘oni

Keldi takallumda yotib yotug‘on,
Dedi:—Meningdek qani bir turfa jon?

Poyai qadrim baridindur uzun,
Men kibi yo‘q dunyoda sohib funun.

Har nyafasi shya’bada angezmen,
Majlisi sultonda shakarrezmen.

Dardu alam bahrida men g‘arqi ishq,
Shu’la vujudumdin urur barqi ishq.

Xalqi jahon maskan uchun xok erur,
Yottim esa, yer uza nebok erur.

Tanburaning botila parvardasin,
Yirtayin ul boshtin-ayoq pardasin.

Sahl baho birla sotorlar oni,
Yaxshi-yaman barcha urarlar oni.

Rubob o‘zin ta’rif qilib, tanburani ta’riz qilg‘oni

Xirqasidin bosh chiqarib rubob —
Dedi:—Manam faqr ila olijanob,

Garchi shariatta chu begonamen,
Ahli tariqat bila hamxonamen.

Balki haqiqat[din] ayurmen xabar,
Ahli dili topsamu sohib nazar.

Xush icharam faqr elidin jomi zahr,
Yo‘q manga parvoyi salotini dahr.

Barchadin ozodamenu munfarid,
Jumla funun bobida men mustaid.

Bo‘lmadi hargiz fuqaro hamdami,
Tanburaning nokasu noodami.

Boshtin-ayoq qomati talbis erur,
Balki o‘zi modari iblis erur.

Kungura o‘zini ta’rif, tanburani ta’riz qilg‘oni

Bo‘sag‘adin kungura qo‘pti ravon,
Dedi:—Manam fitnai oxirzamon

Soz ichida fitnai ayyoramen,
Jumladin ozodau yaktoramen.

Har nechakim noqisu xudroyamen;
Tanburateklar bila hampoyamen.

Tanbura ko‘p so‘zlamasun azgazof
Haddidin ortuq anga tegmas bu lof.

Tanbura ta’riz bila javob ayg‘oni

Tanbura dedi:—Halo ey kungura,
Oncha osay men senikim ingura.

Boshing-ayog‘ing sening ikki kadu,
Sen kibi rasvo manga bo‘lg‘ay adu.

Sen falakini qiloyin nopadid.
Jumlai shayxingni qilibmen murid.

Barchasini ta’na bilan o‘ldurub
Sanga yetishtim borini kuydurub.

Kitob xotimasi

Oqibat alqissa o‘shal jam’i soz,
Dedi. — Yamindin qilali ihtiroz.

Barchasi g‘ayrat o‘ti birla kuyub,
Bahsu maqomatga jondin to‘yub.

Ushbu muhol uzra fig‘on tuzdilar,
Musiqining majlisini buzdilar.

Chiqdi bayak-nogah, arodin fig‘on,
Piri xarobot uyondi, ravon—

Dediki:—Hay-hay! Bu ne dur mouman,
Keldi magar muhtasibi xum shikan?!

Oning uchunmu qiladursiz fig‘on?
Bordi mening zahramu ko‘chti jahon.

Barcha qulog‘in tutubon zor-zor —
Dedilar:—Ey sarvarimiz pirikor,

Davlatu nusrat bila bo‘lg‘il ziyod,
Tanburaning dastidin, ey pir dod!

Ushbu kecha tanbura bog‘lab xayol,
Barchamiza berdi base infiol.

Tanburatekning so‘zi, ustodkor
Bizga o‘lumdur dag‘i bas nangu or.

Tanbura ham hozir.edi, ul zamon —
Ettiyu filhol yukundi, ravon —

Dedi:—Ayo murshidimiz piriroh,
Bir meni bechorada yo‘qtur gunoh.

Ushbu jamoat bari kovokbiz,
Ma’nisi yo‘q botilu bebokbiz.

Barcha bo‘lub meni qilurg‘a izo,
Ko‘rki nechuk toptilar oxir jazo.

Pir bilib kayfiyati holni
Dedi:—Qo‘yung behuda af’olni!

Pir dedi tanburag‘a:— Go‘sht tut,
Har biriga boshqa biror qo‘sh tut.

Ko‘nglini ol barchaning ey fitnagar,
Chunki sanga yo‘qtur alardin guzar!

Tanbura ham chust qo‘pub ul zamon
Tutti qulog‘in, dedi:—Xurdu kalon.

Afv qiling har necha berohmen.
Barchangiza chokari dargohmen.

Oqibatikor o‘shal jam’i soz,
Qildilar ohangi yarashmoqni soz.

Keldi safo lashkariyu tuzdi saf,
Qildi adolat cherikin bartaraf

Subhi sahar oshti sabo yelini,
Surdi Xo‘tan xoni habash elini.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.