Somon parcha
(Kundalik daftarimdan)
«…Dahr bir selobdir mulxaq fano daryosina,
Bizki sargaroniz, ul seloba dushmish xor–u xas.
Chirkinur xor-u xas ul seloba o‘ldiqcha ravon,
Yetmadan daryoya rohat mumkin o‘lmaz birnafas…»
Fuzuliy
Topshirdim o‘zimni muhitning erkiga…
Muhit girdobida bir somon parcha,
Bir poxol cho‘pidek oqib boraman.
Har amal, har ishni «haq» deb boraman,
Vazminim qolmadi bir uzuk qilcha…
Muhit kuchli ekan, egdim bo‘ynimni,
Chaqmoqdek yaltirab uchish yo‘q endi.
Yolg‘on xayollarga ko‘chish yo‘q endi.
Oqishning yo‘liga soldim kunimni.
Na isyon, na to‘lqin, na to‘fon, na o‘t –
Ko‘zimda og‘ir bir taslim nuri bor.
Ey o‘tli kechmishim, yuzingni berkit!
Senda shaytonlarning haqsiz zo‘ri bor.
Men endi xuddi bir somon parchasi…
Lekin zo‘r dengizning cheksiz qo‘ynida
Jimgina boradir kirsiz qo‘ynimda
Erkin ko‘piklarning allaqanchasi!
Kirmayman ko‘chaning boshi berkiga,
Chunki taslim bo‘ldim muhit erkiga…
Andijon. 1923, oktyabr
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|