Sog‘indim

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Sog‘indim
by Jahon otin Uvaysiy

Bu kun, ey do‘stlar, farzandi jononimni sog‘indim,
Gado bo‘lsam ne ayb, ul shohi davronimni sog‘indim.

Musofirman, g‘aribman, bekas-u ham benavodurman,
Vujudim dardg‘a to‘ldi, emdi darmonimni sog‘indim.

Tilimning zikri-yu, ko‘nglimning fikri, yaxshi farzandim,
Azizim, yolg‘izim, davlatli sultonimni sog‘indim.

Kecha-kunduz yo‘lig‘a muntazirdurman, tikarman ko‘z,
Kelib holim so‘ribon ketsa, mehmonimni sog‘indim.

Nasibin uzmadi tangri, ilojin topmag‘ay kelsa,
Onam deb bo‘lg‘usi bag‘ri qizil qonimni sog‘indim.

Qorong‘u bo‘ldi olam ko‘zima ushbu judolikdin,
Ko‘z-u ko‘nglum ziyosi mohi tobonimni sog‘indim.

Mani bekas Uvaysiy, yig‘lagayman ro‘z-shab tinmay,
Uyimning ziynati, ko‘z ravshani, xonimni sog‘indim.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse