Sig’mamdur

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Sig’mamdur
by Boborahim Mashrab

Ajab majnun erurman, dasht ila sahrog’a sig’mamdur,
Dilim daryoyi nurdur, mavj urub dunyog’a sig’mamdur.

Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadur mavjud,
Chu sultoni azaldurmanki, arshi a’log’a sig’mamdur.

Xaliloso bu yo’lda otashi Namrud – me’rojim,
Hamon durri haqiqatmanki, har dunyoga sig’mamdur.

Rizo mulkidaman, halqumni tuttum tig’I Akbarga,
Bu yo’lda siynai poki Zabunullog’a sig’mamdur.

Agarchande ziyorat qilmadim men Ka’bayi zohir,
Tariqat hojisidurmanki, Baytulloga sig’mamdur.

Gahi bo’ldum faqiru, gohi shohu, gah gadodurman,
Ajab devonaman, fardoki mahshargohg’a sig’mamdur.

Maqomi hayrat ichra gohi xudman, gohi bexudman,
Junun bozorida mastmanki, istig’nog’a sig’mamdur.

Gah o’rus, gohi cherkas, gohi mo’min, gohi tarsoman,
Ne kavnayni miyoni lou illollog’a sig’mamdur.

Mudom miskin erurman chun g’uloming – Mashrabingdurman,
Meni bechora bu dunyo bilan uqbog’a sig’mamdur.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse