Shukrkim, bo‘ldi muyassar vasli jonon bu kecha...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Shukrkim, bo‘ldi muyassar vasli jonon bu kecha...
by Hayrat To‘raqo‘rg‘oniy

Shukrkim, bo‘ldi muyassar vasli jonon bu kecha,
G‘unchai matlab ochilmoq birla xandon bu kecha.

Borgohi kibriyoga arzi hojat ayladim,
Hosil o‘ldikim menga in’omi yazdon bu kecha.

Toleim Xizri bo‘lib rahbar meni gumrohga,
Zulmati hajr ichra toftim obi hayvon bu kecha.

Vasl jomin dilbarim soqiy bo‘lib tutdi menga,
No‘sh etib yakbora bo‘ldim mastu hayron bu kecha.

Jonu dil bir-birga berdi, mujdai feruz asar,
Shodlikdin topdi quvvat nuri imon bu kecha.

Necha muddatdin beri chekdim agarchandi alam,
Mahv bo‘ldi, lavhi dildin dog‘i armon bu kecha.

Tig‘i furqatdin ko‘ngul majruh erdi, vo ajab,
Marhami qurbat yetishdi darda darmon bu kecha.

Ul jafolarkim firoqi yordin chekmish edim,
G‘am hujumin bodi vasl etdi parishon bu kecha.

Andalibi jon o‘lub, mahbus tan zindonida,
Sabr-orom olmayin aylardi afg‘on bu kecha.

Shishai dil sangi kulfatdin edi doim shikast,
Mo‘miyoi marhamatdin topdi imkon bu kecha.

Der edim, bo‘lmas magar ul dilrabo vasli nasib,
Lutfi haq yori bo‘lib bu mushkul oson bu kecha.

Soldi chun boli humo boshimga shafqat soyasin,
Masnadi vasl uzra chiqdim uyla sulton bu kecha.

Jonu dilga vasl chog‘i tushdi behad iztirob,
Bulbuli dil shavq ila bo‘ldi xush ilhon bu kecha.-

Mutlaqo qolmay hushim o‘zni faromush ayladim,
Maqdamiga naqdi jonim bo‘lsa qurbon bu kecha.

Dil duogo‘, jon rizojo‘, aqlu hushim xayrixoh,
Jism aro har ustixonimdur sanoxon bu kecha.

Yorkim, men notavon aftodaga rahm ayladi,
Haq taolo davlatin qilsun farovon bu kecha.

Masnadi izzatda bo‘lsin komroni poydor,
Etmasun ranju alam dahr ichra bir on bu kecha,

Hosil o‘lsun har murodikim dilida bor esa,
Bo‘lsa xohi oshkoro, xoh pinhon bu kecha.

Subhi maqsudi baravjidin tulu etsin nishot,
Kavkabi baxti bo‘lib chun mohi tobon bu kecha.

Nuri tavfiqi saodat sho‘lasi birla dili,
Ko‘zgusi topsun jilo ham ilmu irfon bu kecha.

Hayrato, bordir agar joning tan ichra barqaror,
Aylagil doim duoyi xayri jonon bu kecha.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse