Sho‘xlar garchi jahonda bordurur asru malih...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Sho‘xlar garchi jahonda bordurur asru malih...
by Tabibiy Ahmad

Sho‘xlar garchi jahonda bordurur asru malih,
Barchasidin lek erur ul dilbari gulro‘ malih.

Boshqa dilbar vasli ichra shodlig‘idin, ey pari,
Ul parivash ishqida chekkan manga qayg‘u malih.

To tamosho qilmisham qaddin xirom egkan chog‘i,
Yo‘q ko‘zumga jilvai shamshod ila noju malih.

Bazm aro qaysi malohat vasfini aylayki yor,
Nag‘mai mutrib malihu, bodai xushbo‘ malih.

La’lig‘a vah ne sifat kavsar bo‘lur monandkim,
Obi hayvondek qachon bo‘lg‘usidur har suv malih.

Chunki topmish Laylining chashmiga andak nisbati,
Ko‘rinur Majnung‘a ushbu vajhdin ohu malih.

Zohid istar jannatu, men yor kuyin borho,
Ul anga shirin erur, lekin mangodur bu malih.

Tark ishqin ne sifat qilg‘umki, anda bordurur
Husni dilkash, zulfi sunbul, nutqi xush, kulgu malih.

Ey Tabibiy, jahd et bedor o‘zing qil har sahar,
Garchi bordur ko‘zlaringg‘a g‘aflatu uyqu malih.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse