Shahardan – qishloqqa!

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Shahardan – qishloqqa!  (1924) 
by Abdulhamid Choʻlpon

I

  • Xo‘p mullaka, uchovinglar yarim so‘mdan bir yarim so‘m beringlar, mana men bir pastda olib borib tashlayman.

Yashgina, chehrasi issiqqina bir yigit shu so‘zlarni aytib, belbog‘ig‘a qistirilg‘an chiroyliq qamchisini qo‘lig‘a olib, yonimizg‘a keldi. Sheriklarimiz orasida gapga usta, mahmadana, epchili Sami’jon edi. Ilgari, yigitning qo‘lidan qamchisini tortib olib, yonida turg‘an Zokirxo‘jani o‘tar-o‘tmas qilib bir-ikkita urg‘andan keyin:

  • Pulda gap yo‘q yaxshi yigit. Topqanimizni beramiz, indamay olaberasiz. Lekin, gap shundakim, bizni olib borib tashlabg‘ina qo‘ymasdan, kechgacha o‘sha yerda biz bilan birga yurib kechqurun yana olib kelib qo‘yasiz, – dedi.
  • Xo‘p mullaka, men sizlarni xursand qilay, siz meni rozi qiling. Bo‘ladimi?

Aravakash yigit yugurib borib – bo‘ynilariga qator-qator oq munchoqlar taqqan otig‘a bir irg‘ib mindi va aravani gumirlatib kelib yonimizg‘a to‘xtadi.

Sami’jon ikki otlab otning yonig‘a bordi, uyoq-buyog‘ig‘a yaxshilab nazar solg‘andan keyin:

  • Yaxshi yigit, ot joyida! Munchoqlarni ham xo‘b erinmay osibsiz. Ammo lekin orada tumorchalar ko‘runmaydir? – dedi.
  • Aravakash yigit shundak yaxshi otig‘a ko‘z tegib ketishidan qo‘rqmabdir- da! – dedim men.
  • Tumori bor edi-yu mullaka, lattalari juda yomon titilib ketgan ekan, yangilatgani berib edim, – dedi aravakash.
  • Lattasi titilgan tumorning xosiyati ham bir yog‘liq bo‘lg‘andur!.. – dedi Muslimjon.

Gumur-gumur sayvon aravaning ichida 5-6 kishi shundaqa qilib yo‘lg‘a chiqdik.

***

Turkistonimizda yangi shahar – eski shahar deb ikkiga bo‘linmagan va biror balandroq joyig‘a bitta “turpoq qo‘rg‘on” solinmag‘an shahar bormi ekan? Yo‘qdir. Bo‘lsa ham bitta yo ikkita.

Gumburlama sayvon aravada ketayotkan 5-6 kishi – bizlar ham yangi shaharning bir chekasidan, “turpoq qo‘rg‘on”ning bir yonboshidan, uncha ham baland bo‘lmag‘an bir adirni oshib o‘tdik.

Adirning narigi yuzidan pastga qarab tushayotkanimizda qarshimizda go‘zal bir manzara ko‘runish ochdi:

Ko‘zga ravshan ko‘runarlik bir masofada qator-qator adirlar cho‘zilib ketgan. Adirlarning ba’zi bir joylari bulutdan tushgan ko‘lankadek chuchmalgina qorayib turadir; ana o‘sha joylarg‘a bug‘doy ekilgan. Adirning boshqa joylari ko‘klam – bahor chog‘ida kelaturg‘an loyqa suvrak qoramtil sarg‘ayib turadir, u joylarg‘a hech narsa ekilmagan. Adirning eng tepa joylaridan – yiroqlardag‘i qorliq tog‘larning eng baland yerlari, ko‘kka qarab cho‘zilg‘an cho‘qqilari ko‘runadir. Adirning eng tepasidan ko‘runib turg‘an qorliq tog‘lar – baland devorning ustidan oppoqlagisi bilan mo‘ralab turg‘an kampirga o‘xshaydur…

Berida – pastda siyrak bir o‘rmon – bir to‘qay yoyilib yonadur. Faqat, bu o‘rmon – boshqa mamlakatlardagi o‘rmonlardek bir xil daraxtlardan birikkan emas; munda tut, tol, qayrag‘och, o‘rik, olma, gilos, baqaterak, mirzaterak… hamma narsa bor.

Daraxtlarning taglarida “shir-shir” shirillab tiniq, o‘ynoqi suvlar oqib yotadir. Daraxtlarning oralarida – chorsi qilinib bo‘lingan maydonchalarda turluk-turluk ekinlar unib, o‘sib turadir…

***

Sami’jon ekilgan ekinlarning har birini bir sanab, ularning qachon ekilib, qachon va necha martaba sug‘orilib, qachon chopilib, qachon o‘rilishini ignasidan ipigacha tushuntirib boradir.

  • Sami’, yech, tashla bu kalta, tor kiyimlaringni!
  • Ha, nima bo‘ldi?
  • Sen dehqonchiliq ishlarini, qishloq zindagarchilig‘ini bir qishloqidan ortiq bilasan.
  • Qo‘lingg‘a bir ketmon olib, 5-10 tanob yerni ekib, obod qilib yotmasdan, kalta, tor kiyimlar orasida siqilib nima qilasan?
  • Xayr – mayri yo‘q. Sen agar bir qishloqqa borib dehqonchiliq qilsang

– qishloq xalqig‘a ham ko‘p foydang tegadir.

  • Nuh zamonidan qolg‘an omochlarning o‘rniga yangi, oson foydalik qurollarni o‘zing ishlatib ko‘rsatasan. Bu bilan qishloq xalqi, madaniy dehqonchiliqqa o‘rganadir. Bu – bir.
  • Undan keyin o‘sha qishloqni va uning yoni-beridagi boshqa qishloqni maorif, bilim to‘g‘rilaridan ham yuksaltishga harakat qilasan. Sendek qishloq xalqining ruhig‘a yaqin turg‘an bir yigit bu yo‘lda harakat qilsa, shubhasiz juda ko‘p natijalarga erishadi.

Sami’jon o‘ylab ketdi.

  • Sami’, muncha chuqur o‘ylab ketding? “Qaysi qishloqqa o‘runlashsam ekan” deb, qishloq tanlab qoldingmi? Barakalla!

Sami’jon uyg‘otilg‘an ko‘zlari bilan menga bir qarab oldi va og‘ir, o‘ychan ovoz bilan:

  • Hali, qishloq tanlash qayoqda deysan? Shahardan qanday qilib ajralish o‘yi bilan chuvalaman deydi-da, yana aravakashning yirtiq choponig‘a tikilib o‘yg‘a botdi…

***

– Sami’, tur yetib qoldik!

Sami’jon sekingina boshini ko‘tardi. Biz indamasdangina aravadan top-top tusha boshlag‘an edik, u ham bir qo‘lini aravaning shotisig‘a qo‘yub turib, irg‘ib yerga tushdi.

Go‘ristonning yonig‘a, kichkina anhorchaning bo‘yig‘a samovorchining bir gilam – bir sholchasini yoydik-da ustki kiyimlarimizni yechmakka boshladik.

Anhor, 10-15 tuproq zina bilan chiqilaturg‘an tepaning ustidan go‘ristonning bo‘ylab o‘tadir. Anhor bilan zinaning orasi, nihoyati, ikki quloch keladir. Uyog‘i – pastlik biz borg‘an joy – katta bir mozor. Haligi pastlik o‘sha mozorning keng maydoni tekis va salqin hovlisi. Pastda, huddi bizning yong‘inamizda kichkinagina, lekin chuqur bir hovuz bor. Hovuzning bir tarafidan kirgan suv, narigi tarafidan sekin-sekin chiqib ketib turadir.

Hovuzdan chiqqan suvg‘a bir samovorchi “parra – shamol” o‘rnatibdir-da, uning shabodasida bemalol uxlab yotibdur. Pastda, u yer – bu yerga o‘runlashkan 5-6 ta samovor, bir-ikkita qassob, boqqol va mevafurushlar bor.

Narida – pishiq g‘ishtdan yasalg‘an bolaxonalik ikki xona uy bor. Uylarning o‘rtasida yana pishiq g‘ishtdan ishlangan hovuz. Hovuzning to‘rt chekkasida pilapoya – zinalar bor. Uning devorig‘a, odam belicha joyg‘a yog‘ochdan tarnov o‘rnashtirilgan. Haligi tarnovdan hovuzg‘a muzdek sovuq suv – buloq suvi tushadir. Shorr-shorr-shorr!..

Buloq uylarning oldida 3-4 ta lungini ilib qo‘yib yoshqina bir shayx o‘lturadir. Ba’zilar “savob” deb, ba’zilar “lungi puli” deb shayxga oz-moz pul qoldirib ketadirlar… Shayx ham, oz demay ko‘p demay “qulluq” qilib olib qoladir!

Buloqning orqasida yana bir zina bor; u bilan ham haligi tepaga chiqiladir. Zinadan chiqqan hamon yana boyag‘i anhorcha; undan o‘tkach mozor egasining maqbarasi, undan narisi keng go‘riston…

Mozor – kichkina bir uydan imorat; uy oldida – ikki tomondan chirib, rangi o‘chib ketkan ikkita yog‘och; ustida yarim siqim ham kelmayturg‘an ot dumi – qora qil…

Maqbara (sag‘ana) oldig‘a bir yog‘och kart qo‘yub, ikki shayx o‘lturg‘an. Pastda, katta bir qabr toshning ustida yosh bir ko‘r bola o‘lturub, hasrat ovozi bilan Qur’on o‘quydir…

***

Sami’jon, samovorchidan eskirgan, sirlari ko‘chib ketib – quruq misi qolg‘an bir patnus so‘rab olib, go‘sht-yog‘, sabzi-piyoz, guruch olib keldi.

Ana, ko‘zlaridan yoshlarini to‘ka-to‘ka piyoz to‘g‘raydir.

  • Ha, Sami’ onang o‘ldimi?

Yoshg‘a to‘lg‘an ko‘zlarini bir-ikki martaba chip-chip yumib oladir-da:

  • Ha, katta xolangiz o‘lib qoldi… ko‘b yaxshi xotun edi, rahmatlik! – deb qo‘yadir.

Sami’jon hansirab yurib oshni pishirguncha biz – bir necha kishi – Hindiston millatchilarining boshlig‘i “Gandhi” to‘g‘risida fransuz adibi “Ro‘man Ro‘llar”ning (Roman Rollan – I.M.) asarini o‘quymiz. Oramizda ikki istudent (oliy maktab talabalari) bor. Ulardan biri o‘quydir. Biri tarjima qiladir. So‘ngra: “Ro‘man Ro‘llari”ning da’volarini hind kamunisti “Raviy”ning da’volari bilan chog‘ishdirib ko‘ramiz.

U to‘g‘rida bir narsa aytar-aytmas talabalardan bittasi o‘zbekcha gazetalarning tili to‘g‘risida so‘z qo‘zg‘atadir. Bu to‘g‘rida ham uzul-kesil bir fikrga kelmay turib, gapimiz sahnadagi asarlarga, ijroqo‘m saylovlarig‘a, maorif ishlariga ko‘chadir. Mas’alalar ham, yigitlarning ko‘nglidak sakrab, irg‘ib, chopib yuradir!

***

Oshdan keyin Sami’jon bilan Sayfidin o‘zaro hazil qilishib, biri-birini piypalashka kirishdilar. Biz, ularning hazillariga uncha ko‘ngil ham qo‘yg‘animiz yo‘q; bir-birimiz bilan chandishib o‘lturamiz.

Bir vaqt “sholop!” degan tovush eshitamiz. Qarasak: Sami’jon bilan Sayfidin quchoqlashib hovuzg‘a yumalang‘anlar. Shundan so‘ng “suv o‘yuni” – “suvga pishish hazili” boshlandi. Kuchligrak bittasi kuchsizrak bittasini sudrab olib borib hovuzg‘a yumalatadir; narigi – yumalang‘an ham muning oyog‘ig‘a osilg‘an bo‘lsa, uning ketidan buning o‘zi ham ketadir… Shunday qilib hamma bir qur – ko‘ylak-mo‘ylagi bila hovuzni aylanib chiqg‘andan keyin, yana jimlik o‘runlashadir. U – unda, bu – munda; hamma o‘z boshig‘a kiyim qurutmoq bilan ovora!

Yoz oylari nimasi? – yupqa, yengil kiyimlar tezda qurib qoladir. Yana joyimizg‘a o‘lturishib joy ichishamiz. Bu safar ham suhbat qizadir: Xotun-qizlarni maktablarga qandoq olib kelish, qiz maktablarini ko‘paytirish to‘g‘risida so‘z ochiladir.

Guv-guv, g‘ovur-g‘uvur gap, so‘z!

Oxirda qamchisini o‘ynata-o‘ynata aravakash keladir-da:

  • Qani mullakalar, kech kirdi, endi asta-sekin jo‘nashib qolsakmi ekan? Aravani qo‘shib qo‘ydim – deydir.

Qo‘zg‘alamiz.

Aravaga tushub, alvon ranglik, keng talaning bag‘ridan qaytib o‘tib ketar ekan:

  • Sami’, qishloqqa chiqish nima bo‘ldi? Darrov esingdan chiqdimi? – dedi.

Bu safar aftini jiddiylashtirdi. Ko‘zlarida yangi tilaklar qo‘zg‘alg‘anday bo‘ldi. Bir narsaga niyat qilmoqchi bo‘lg‘an kishiday – xayol ko‘zlarini yiroqlarg‘a tashlab turib:

  • Shahardan qishloqqa! Bu so‘zning qanday zo‘r tilaklarga tilmoch bo‘lg‘anini

o‘zum ham tushunib qoldim. Rost aytasan: shahardan qishloqqa! – dedi. Kun bizdan yuz-yuz ellik qadam yiroqliqda turg‘an adirchaning hazilakam o‘yundak kichkina, “burdi yo‘q” cho‘qqilari ustidan asta-sekin pastga qarab, shahar ustiga yumlanib boradir. Uning so‘ng shu’lalari adir ustidagi uch-to‘rt tup “zarang” daraxtlarining shoxlarida, xushyoqmas, erinchak bolalardek erkalanib, cho‘zilib, yoyilib yotadir…

II

Bu safar biz uch otliq – chang yo‘lda ot chopishib boramiz.

Kun endigina adirlarni tirmashib keladir. Uning ertalabki gudak tig‘lari – go‘rustonning “besh panja” suratlik alam yog‘ochig‘a kelib tushgan; chirib, zang bosib, rangi ham bilinmay ketgan mis panjaralarni yiltillatishga tirishadir… Qishloq yaqin. Daraxtlari ko‘rina boshladi. Ko‘prukni o‘tsak – qishloqning talalarig‘a kiramiz.

  • Ey-y-y… shu kichkina soyg‘a ham ko‘pruk yemishmi? Suvdan kechaberamiz! – dedi bittasi.

Biz indamadik. Ko‘prukka yetmasdan turib soyning kichigi kelib qoldi.

Indamasdan otni burub, soyg‘a tushdik. Onlar ham, suvga tushkanlariga xursand bo‘ldilar, tanlariga sovuq suv tegib xush yoqdi shekilik, soyning chuqurroq yerlariga sura boshladilar. Biz ham qo‘yib berdik…

Talalardan o‘tub boramiz. Gʻo‘zaning ikkinchi chopiq vaqti. Mardikorlar hali talag‘a chiqmag‘anlar.

Bir vaqt bitta sherigimiz:

  • Ana, ana! – deb baqirdi.

Qaradik. Naridan-tegrasi tut bilan o‘ralg‘an ekinlik yerda peshonasiga ro‘molchani eshib bog‘lang‘an yalangg‘och boshliq birov hadeb ketman chopib yotadur.

Yaqinroq borib, hammamiz birdan:

  • Xormang yigit! – dedik.

Yigit ilgari bir martaba qarab oldi, ketmanini sekingina yerga qo‘yub jo‘yaklar orasidan yurib – yonimizg‘a keldi.

Sayfidin hazillashib turib, u yigitni bizga tanitdi:

  • Mana bu dehqon yigit, shaharni tashlab qishloqqa ko‘chkan o‘zimizning eski bir birodarimiz! Ismi sharifini bilmayman…

Sami’jon kuldi, eshib bog‘lang‘an ro‘molchasini boshidan olib turib:

  • Sarast, shaharingizning tor va siqiq ko‘chalaridan, cheklangan va bo‘g‘uq ma’volaridan qochib – mana shu keng talalarg‘a chiqqan biz kamina bandangiz! – dedi.

O‘zimiz, Sami’jonni ko‘rub, bir oz gaplashgach qaytmoqchi edik. U qo‘ymadi.

  • Yo‘q, yo‘q… sen ishdan qolasan, Sami’! Hozir, ayni g‘o‘za chopiq vaqti, bir kuning ham g‘animat! – dedik.
  • Yo‘q… bu bahonangiz o‘tmaydir. Ko‘nmang qancha qiymatligini sizdan

ortiq bilaman. Ertaga hashar chaqirg‘anmen, hozirliklarim joyida. Kechkacha shu yerda qolamiz, gaplashamiz, baliq ovlashamiz. Kechlatib shaharga tushub ketasiz! – dedi.

Qoldik, gaplashdik. O‘ynashdik. Baliq ovlashdik.

***

Sami’jonning qishloqqa ko‘chkaniga nihoyati bir yarim yil bo‘ldi. O‘tkan qish – qishloqda ikki sinflik, yaxshi maktab davom etkan. Qishloq xalqi Sami’jondan xursand. Qishning uzun kechalarida tukma-kapalarda turluk gazetalar, dunyo ahvolini bildiraturg‘an kitoblar o‘qulg‘an. Ayniqsa, yerni qanday semirtish va serhosil qilish to‘g‘risida Sami’jonning gapirgan gaplari qishloq xalqini hali ham o‘ylatar ekan!

Ba’zi bir xil dehqonchiliq moshinalarini qishloqqa olib borish uchun Sami’jonning harakati bor. Hammadan shunisi qiziq: qishloq xalqi oliq-soliq to‘g‘rilarida Sami’jonni shu qadar ishlatadirki, bechora yigit “bepul va charchamas zakunchi” bo‘lub qolg‘an!

Shunga o‘zi ham – o‘lgudak xursand.

Sami’jon, ba’zida o‘z qishlog‘i to‘g‘risida gap qo‘zg‘alib qolsa, bir muncha reja va chiziqlarni aytib beradir-da, orqasidan tugal ishonch bilan:

  • Yana besh yildan so‘ng qishloqni bir ko‘ring. Yana o‘n yildan so‘ng ko‘rsangiz tanimaysiz! – deb qo‘yadur.

***

Kech. Gʻira-shira vaqti.

Shaharga yaqinlashdik.

Orqamizda keng tala, erkin qirlar qolib ketdi, oldimizda: qing‘ir, tor ko‘chalari va siqiq, bo‘lg‘ulg‘an iqlimi bilan bir siqim bo‘lib shahar yotadir. Yiroqdan, qorayib ko‘runishi – kiyimga tushgan qora dog‘, yo chopong‘a soling‘an dumaloq bir yamoqcha o‘xshaydir…

Kun, boshini bir ketib oldi, yolg‘uz, uning o‘yung‘a to‘ymag‘an yosh bolalari – qizil kiyimlik shu’lachalar, daraxtlarning shoxlarida barglar bilan o‘ynashib qoldilar. Shom bo‘lib qolsa ham, o‘yundan ko‘ngil o‘zolmag‘an bolalardek – onalari boshqa dunyolarg‘a yo‘rg‘alab ketsa ham, berigi dunyodag‘i ko‘m-ko‘k bargchalar bilan o‘ynashib qolg‘an shu qizil guldak bolalar, haqiqatan, qanday chiroyliq!…

O‘sha go‘dakchalardan ko‘zini ololmasdan tez-tez orqasig‘a qarab kelayotg‘an Sayfidin, o‘sha go‘dakchalar tomonida qolib ketkan qishloqlarni o‘ylab turib chuqur bir “oh” tortadir-da:

  • Eslik o‘rtoqlar biz shahardan qishloqqa chiqib yotqanda, biz esi yo‘qlar yana shu tor iqlimli shaharga kirib kelamiz! – deydir…

1924-yil, noyabr – Qo‘qon.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse