Jump to content

Sayohatnoma

From Wikisource
Sayohatnoma
by Muqimiy
332820SayohatnomaMuqimiy

Qo'qondan Shohimardonga

Faryodkim, garduni dun
Aylar yurak bag‘rimni xun,
Ko‘rdiki, bir ahli funun –
Charx anga kajraftor ekan.

Qolmay shaharda toqatim,
Qishloq chiqardim odatim,
Xohi yayov, bo‘lsun otim,
Goh sayr ham darkor ekan.

“Ultarma”ga qildim yurush,
Yo‘ldosh edi bir chitfurush,
Etdim jadallab vaqti tush,
Bir dam qiziq bozor ekan.

Bir ma’raka ko‘rdim butun,
Ja’mi yopingan boshga to‘n,
Boqsamki, besh yuzcha xotun,
Voiz so‘zin tinglor ekan.

Mingboshilik kimning ishi,
Desam, dedi bedonishi,
Bir “Qo‘shtegirmon”lik kishi,
Xo‘ja Iso badkor ekan.

Mag‘rur, xasisu beshu kam,
Har gapda yuz ichgay qasam,
Takjoy olur moxovdan ham,
Hoji o‘zi murdor ekan.

“Do‘rmoncha”ga ketdim o‘tub,
Yoqamni har soat tutub,
Yotdim ul oqshom g‘am yutub,
Dashti qaroqchizor ekan.

Unda bo‘lus G‘ozi dedi,
Ham mufti, ham qozi dedi,
Yurt barcha norozi, dedi,
Qilg‘on ishi ozor ekan.

Boz izdihomi voizi,
Badkayf, ochilmas ko‘zi.
Yuqori boshidin tizi,
Ermaklari ko‘knor ekan.

So‘rsam, dedilar: “Bo‘rbaliq”,
Birmuncha echkilar ariq,
Kelsa kishi yeyar tariq,
Shomu sahar tayyor ekan.

“Oq yer”din o‘tdim, boylari –
Oliy imorat joylari,
Mehmonsiz o‘tkay oylari,
Kelsa birov nochor ekan.

Ammo nazarda “Roshidon”,
Firdavs bog‘idin nishon,
O‘ynab oqar obi ravon,
Sahni gulu gulzor ekan.

Ma’yus bordim “Zohidon”,
Bir ko‘cha ketguncha do‘kon,
Sho‘x odami, ichmay piyon,
Mast, otasi bezor ekan.

Suvlar sepilgan so‘rilar,
Bo‘rlangan o‘choq-mo‘rilar,
Tab’ing mabodo choy tilar,
Damlashlari ishqor ekan.

“Oltiariq” qursin o‘shal,
Sellarda qoldim bir mahal,
Bo‘ldim ivib, yomg‘urda shal,
To‘n shilta, ho‘l ezor ekan.

Mingboshisi so‘finamo,
Tasbehu bo‘ynida rido,
Cho‘qub qochar zog‘i alo
Bir dog‘uli ayyor ekan.

Xayru soho vajhiga kar,
Bir pulni yuz yerdin tugar,
Kelsa gadoy nogah agar,
Bir non chiqish dushvor ekan.

Ko‘rdim chuqur “Chimyon” erur,
Er ostida zindon erur.
Dushmanlari mehmon erur,
Bog‘i uning tutzor ekan.

Vodil maqomi dilfizo
Ko‘chalaridur dilkusho,
Anhorida obi safo,
Sebarga obishor ekan.

Qo'qondan Farg'onaga

Chun shahrdin chiqdim «Qudash»,
Ko‘ngul bo‘lub mahzun-u g‘ash,
Majnunsifat, devonavash,
Serchashma-yu kam chang ekan.

«Yayfan» agarchi xush havo,
Odamlari yengilnamo,
Bir-birlari-la doimo
Bo‘lar-bo‘lmasga jang ekan.

«Nursux» kabi bir joy kam,
Tushmay o‘tib qildi alam,
Olma, anor o‘rniga ham
Bog‘ida tok-u zang ekan.

Ko‘p odamidin «Beshariq»,
Bog‘larda ekmishlar tariq.
Etim haqi — go‘shti baliq,
Qilmishlari nayrang ekan.

Charchashni bilmas yursalar,
Purzo‘r ketmon ursalar,
Vaqti namozga kelsalar,
Masjid soriga lang ekan.

«Rafqon» ajoyib joy ekan,
Bir ko‘cha ketgan soy ekan,
Salqin supa hoy-hoy ekan,
Kim ko‘rsa hang-u mang ekan.

Ozodadin to‘pori ko‘p,
Dukchisidin attori ko‘p,
Choyxo‘ridin ko‘knori ko‘p,
Bir rasta nos-u bang ekan.

Ayvonchalar misli katak,
Bir yo‘lki, odam siqqudak,
Chit birla bir yerda alak,
Bozori tor-u tang ekan.

Xuftonda kirdim bir do‘kon,
Qildi ashula bir juvon,
Eshak demang, undin yamon,
Hangrarda yaxshi hang ekan.

Qiyg‘ir ko‘targon uch yigit,
Uxlatmadilar bir minit,
Ham boshda tong otquncha it
G‘ingshib chiqib, vang-vang ekan.

Aylay sayohat endi bas,
«Konibodom» qilmay havas,
Har yerda yotgan xor-u xas,
Ko‘zga tikan yakrang ekan.

Qo'qondan Isfaraga

Aflok kajraftor uchun,
Har dam ko‘ngul afgor uchun,
Ho‘qand tang-u tor uchun,
Sahro chiqish darkor ekan.

Bordim shahardin «Yakkatut»,
Baqqoli duzdi badburut,
Bir tanga sotkay bir qurut,
Insofi yo‘q, tarror ekan.

Qishloq juvoni yig‘lishib,
Issig‘da o‘ynashgay pishib,
O‘tgan tamoshobin tushib,
Seshanba kun bozor ekan…

Mingboshi Eshdavlat akam,
Ammo quruq savlat akam,
Qilsa chiqim gar bir diram,
Uyqu qochib, bedor ekan.

«Yayfan» kabi tolzor kam,
Yo‘q soyasida zarra g‘am,
Zebo sanam, qoshi qalam
Jononlari bisyor ekan.

Do‘g‘malari ham xo‘b bajo,
Volosnoyi uhdaburo,
Yurt ishlarini doimo
Xayriyatin ko‘zlor ekan.

«Nursux» kabi ham yurt yo‘q,
Bog‘dor-u dehqon qorni to‘q,
Masjidlari ham ko‘p uluq,
Turfa farah osor ekan.

«Rafqon»ni bozor joyi tang,
Mullolari chaqqon, garang,
Omilari ham mullarang,
Ko‘ylak kiyib, dastor ekan.

Gar mevasi bir tup sotar,
Bir pulni yuz yerdin tugar,
Bersa gadoga non agar,
Ming yilda ham dushvor ekan.

Ammo «Raboti» bachchag‘ar,
Yo‘q hech odamdin asar,
Bir podajoyi gov-u xai,
Chun og‘uli tayyor ekan.

Du bora yurdim dashtlab,
Bodom koniga qarab,
Mirza Umarni so‘rag‘lab,
Havlisida najrjor ekan.

Bo‘lg‘ay o‘shal Burhon omon,
Yaxshi yigitdur begumon,
Xursand qildi nogahon,
Mingboshi Xol sarkor ekan.

Armonki, ko‘prak yurmadim,
Bir-ikki hafta turmadim,
«Tikka Rabot»ni ko‘rmadim,
Purfayz buzrukvor ekan.

Ma’yus chiqdim «Isfara»,
Dil xasta, majruh-u yara,
Issiqqa kuygan qop-qora,
Olti jihat ko‘hsor ekan.

Anhor-u soy-u cho‘llari,
O‘ynab kelodur suvlari,
Shirinki zardolulari,
Qand-u asal bekor ekan.

Shersiz emasdur beshalar,
Bordur saxovatpeshalar,
Qilmang yomon andeshalar,
Yaxshilari ham bor ekan.

Hoji Zuhur ham o‘rdada,
Sarhavzalar, oliy sada,
Borsa agar bir g‘amzada,
Jonig‘acha esor ekan.

Boyvachchasidur badburush,
To‘g‘ri so‘zi achchig‘-turush,
Sil, eski bachcha, choyfurush,
Hofiz Umar, Qahhor ekan.

Bo‘lma halovatga kasal,
Olamda yo‘q benish asal,
Beshak mukofoti amal,
Dunyo qurulg‘on dor ekan.

Alhamdulillo, bexatar,
Keldim, Muqim, aylab safar,
Muztar qolib, ko‘rmay zarar,
Haq bandasiga yor ekan.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.