Sarv qadlar sarvari gulchehradur, yor-yor...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Sarv qadlar sarvari gulchehradur, yor-yor...
by Ubaydullaxon

Sarv qadlar sarvari gulchehradur, yor-yor,
Dilrabolar dilbari gulchehradur, yor-yor.

Gulchehralar birla bog’ gulshan erur, yor-yor
Gulshan aro siz mudom gulxan erur, yor-yor.

Gulchehralar isidin to’ldi jahon, yor-yor,
Boshdin oyoq muattar bo’ldi jahon, yor-yor.

Gulchehralar qomati to’bi erur, yor-yor,
Jannat aro to’bining xo’bi erur, yor-yor.

Sarvi sahiydek bo’yi nozik emish, yor-yor,
Bo’yi kabi ham xo’yi nozik emish, yor-yor.

Mehrki guldin ayon bo’lg’usidur, yor-yor,
Bulbulu gul mehribon bo’lg’usidur, yor-yor.

Bir-birining qadrini bilsa kerak, yor-yor,
Aylagusi shukrini qilsa kerak, yor-yor.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse