Jump to content

Sart og‘a-inilarga

From Wikisource
Sart og‘a-inilarga (1922)
by Abdulla Qodiriy
334245Sart og‘a-inilarga1922Abdulla Qodiriy

Hangama

Bir sirkulyar

«Tarixiy halokat oldinda» maqolasining egasi mashhur Olimjon Ibrohimovga bag‘ishlanadir

Tepa choching tik turdimi, o‘zbek aka? Bu galcha kechirasan mani, chunki yuqoridag‘i g‘ayritabiiy sarlavhamni Ostromumov to‘ra davrini eska tushirmak uchun va bu kundagi ba’zi qozoq, totor, no‘g‘oy ziyolilarining xotiri shariflarini olmoq tilagida yozib yubordim. Yo‘qsa manda had bo‘lg‘aymiki do‘ndiq va shinam «o‘zbek» so‘zining bir tola mo‘yini xam qilay va yo «o‘zbek» so‘zining alifini teskari qo‘yay?!

Tangrim saqlasun bunday ozg‘unliqdan, to‘zg‘unliqdan!

Bundagi «O‘zbek og‘a-inilarga» o‘rnig‘a «sart» … deb ketuvim yuqorida sanalg‘an ba’zi ozg‘unlar tushinsun uchun, bilsun uchun «o‘zbek» so‘zini onglamasdan «Chig‘atoy lug‘oti»g‘a murojaat va qadam ranjida qilmasunlar uchundir.

— Yoinki sizniki chakkimi?.. Shu baliyaga giriftor bo‘lg‘an o‘zbek og‘a-inilardan kaminaga hamisha zorlanish xatlari va bu balodan qutulmoqqa tadbirlar so‘rab murojaatnomalar kela boshlag‘ach umumiy ravishda ushbu sirkulyarimni yozmoqg‘a majbur bo‘ldim. Xafa bo‘lmangiz o‘quvchi; sirkulyarimning «Mulla Nasriddinning dumi xurjinda»siga o‘xshab ketkaniga hozir o‘zim ham tushunib qoldim. Endi qozoqning bir miriligidak qilib belingizga tugub beray:

Soyi Idil bo‘yidan ochiqib Turkistong‘a kelgan tatar qarindoshlarnish xotun-qizlarig‘a bizning o‘zbeklarning ba’zilari «O‘zimizning musulmon-ku» deb va ba’zilari «Tomirimiz, hammamiz bir otaning va bir turkning bolasi-ku» deb uylana boshlag‘an va tatar qarindoshlarg‘a kuyov bola bo‘lmoq istagan ekanlar. Kelinning Idil bo‘yidan kiyib kelgan uvadasi o‘rnig‘a yangi kiyim, yangi ziynatlar ham olib berib xotunliqg‘a olur ekanlar.

Lekin «Sut bilan kirgan jon bilan chiqar» maqoli bilan o‘skanlari uchunmi va yo «sart»ning o‘zi shunday jazoga mustahiqmi, nimadan bo‘lsa ham haligi sartg‘a erga chiqqan Idil bo‘yi kelini uzoq chidasa ikki kun, bo‘lmasa birinchi kunning o‘zida yo oshg‘a qorni to‘yub, kekirib erining ko‘zini shamg‘ilat qilib bekinib, butun yangi kiyimlarini ko‘tarub, to‘g‘ri keltursa tag‘in boshqa narsalarini urub alla qayoqqa qochib ketar ekan. Bizning o‘zbek «Endi og‘zim oshg‘a, boshim boshg‘a tegdi» deganda puldan, moldan, kelindan ajrab qolur ekan…

Mana mundan tadbir so‘rab murojaat qilg‘uchilar shu yo‘sundagi o‘zbeklar edilar.

Shunday polojeniyaga tushkan va mundan keyin Idil keliniga uylanmakchi bo‘lg‘an og‘alarg‘a vasiyatim:

1) — Birinchi martabadan uylanaturg‘aningiz Idil bo‘yi kelinining sizni kim deb bilganini ilgari bilib olingiz. «O‘zbeksan» desa quloq qoqmay uylana beringiz. «Sartsan» desa unday nikohdan hazar qilingiz! Chunki tatarlar «sart» so‘zini «Aldovg‘a qobil» bir ma’noda anglaydirlar.

2) — Shu tajribani o‘tkazmasdan uylanib qo‘yg‘an bo‘lsangiz, butun ish kuchingizni tashlab Idil bo‘yi kelinini poylangiz. Chunki sizni aldab qochmog‘i yaqin ehtimollardandir.

3) — Yaxshisi Idil bo‘yi qizig‘a uylanmangiz, negaki «Tepkan bilan qo‘shulmaydir» maqoli ko‘b tajribalar so‘ngida aytilgandir…

Julqunboy

«Qizil bayroq» 1922 yil, 3 iyun, 180-son, 4-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"