Jump to content

Sanoye nafisa

From Wikisource
Sanoye nafisa (1922)
by Abdulla Avloniy
334377Sanoye nafisa1922Abdulla Avloniy

Inson bolalari eng eski zamonlarda yirtqich hayvonlardan o‘zlarini saqlamoq uchun tog‘ teshuklarida, g‘or (mog‘ora)larda yashagan vaqtlarida tinch yotmaganlar, jim turmaganlar.

Sekin-sekin tog‘ teshuklaridan boshlarini chiqarib, tabiatning yasagan va o‘sdirgan, vujudga chiqargan jonliq va jonsiz narsalarini sinchiklab tekshirib qaray boshlaganlar. Ko‘ngillariga yoqishgan, ko‘zlariga yaxshi ko‘rungan hayvon va boshqa narsalarning rasm, haykallarin (gavdalarin — A. A.) qanday qiyinchiliqlar bilan bo‘lsa-da, toshlarga, toshlardan va temirlardan cho‘kichlar yasab, suratlarini, rasmlarini o‘yganlar. Kelgusi uchun yodgor qoldirganlar.

Masalan, iki kiyik bir-biri bilan suzishib turganligi yoxud bir tog‘ takasining semirub ko‘grab yurganligi yoki bir tog‘ buqasining baqirub, hayqirub, dumini xoda qilub, ozod va sarsin yurganligi yoki yirtqich hayvonlarning boshqa hayvonlarga qilib turgan zo‘rliq va yirtqichliqlarin ko‘rganlarda, mutaassir bo‘lganlar. Mana bu dillaridagi ta’sir va hissiyotni to‘xtata olmaganlar va shu hissiyot to‘lqunini o‘zlaridan so‘ng qoladirgan bolalariga anglamoq niyati bilan ming mashaqqatlar bilan toshlarga o‘yib qoldirg‘onlar. Mana bu gavda (haykallar — A. A.) lar bizlarga ishlangan (yodgor — A. A.) eskartmalardir.

Bargi daraxton sabz dar nazari hushyor, Har varaqash tabiati ro‘zgor — Mana bu dunyo yuzida inson bolalarining sanoye nafisaga qo‘ygan birinchi odim (qadam — A. A.)lari hisoblanadir. Olar shuning bilan to‘xtab qoldilarmi?

— Yo‘q!

Yana shul tekshirish, sinchiklashdirishlarinda davom qildilar. Hayvonlarni tekshiruvdan so‘ng qushlarni surishdirishga o‘tdilar. Bahor mavsumlarida chechaklarning hajrida mast bo‘lib sayragan qushlarning yoqimli tovush (sado — A. A.)lari hushlariga o‘tirdi-da, onlar ham ixtiyorsiz ravishda shu qushlarga tovushlarin o‘xshatmoq, go‘yo qush kabi sayramoqchi bo‘ldilar.

«Sayra bulbul, sayra, chinorni shoxi sinsun, Yor ayrilaman dedi ayrilib ko‘ngli tinsun» — deyub ular ham nag‘ma ashula qila boshladilar. Mana bu davrni sanoye nafisaning adabiyot davri deyilur. Lekin avvalgi san’atlariga qaraganda so‘nggi san’atlari avvalidan muhimroq va yaxshiroq bo‘lib, mutaassir bo‘lmoq har kimga nasib bo‘lmas edi.

Uzoq yerlarda yashovchi o‘rtoqlari kelub ko‘rmoqlari lozim kelardi. Ammo bul ikinchi ishlab chiqargan san’atlarin shundog‘ qulayligi bor edikim, tildan-tilga, og‘izdan-og‘izga, eldan-elga ko‘chub yurardi.

Shundog‘ qilib shodlik kunlarin shodlik qo‘shiqlari bilan tasvir qilsalar, g‘amlik kunlarin qayg‘uliq ashulalari bilan izhor qilar edilar:

«Bulbulim uchdi qo‘lumdan qayda mehmondir bukun, Bulbulimni yo‘qotib, ko‘nglim parishondir bukun». Go‘zallaridan, mahbubalaridan, borlaridan ajralganliklarin boshqa o‘rtoqlariga ham ma’lum qilar edilar. Bora-bora shunga ham qanoat qilmadilar.

Daraxtlarning shoxlariga ilinib qolg‘on hayvonlarning ichaklarin havoning ta’siri bilan qurib, shamolning ta’siri bilan «ting‘ir-ting‘ir» qilgan tovushi (sadosi — A. A.) ko‘ngullariga o‘turdi, xush keldi.

O‘zlarining ashula va qo‘shiqlariga jo‘r-jo‘ravoz qilmoq uchun hayvon ichaklaridan «tor» yasab musiqiy asboblarin yuzaga chiqardilar. Bu san’atlari avvalgilariga qaraganda eng nafis, eng muhim, eng ruhlik bir san’at bo‘lib chikdi.

Lekin onlar bu san’atlarni tekshiruv va qayg‘iruv orqasida chiqordilar-da, bizlarga yodgor o‘laroq qoldirib, o‘zlari ko‘zdan nihon o‘ldilar.

«Inqilob» jurnali, 1922, 1-son, 41-bet.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"