Jump to content

Samarqandda matbuot ishlari

From Wikisource
Samarqandda matbuot ishlari (1922)
by Hoji Muin
334463Samarqandda matbuot ishlari1922Hoji Muin

(Samarqandda matbuot va yoshlar)

203-son «Qizil bayroq» gazetasida «Burgaga achchig‘ qilib ko‘rpani kuydirish» unvoni bilan Samarqand yoshlari va Samarqand gazetasiga doir «Oziyoliq» imzosi bilan bosilg‘on bir maqola ko‘rildi.

Oziyoliq o‘rtoq mening gazeta idorasidan chiqishimni «ko‘ngilsiz voqea» deb atab, umuman, Samarqand yoshlarining Samarqand gazetasiga ishtirok qilmasliqlarining mas’uliyatini yoshlarg‘a va yoshlarning bir-birovlari bilan kelisha olmag‘onlikdarig‘a yuklaydir.

Samarqand yoshlari Samarqand gazetasiga qanday muomala qilib keldilar? Keyingi chokdarda nima uchun gazeta idorasidan o‘z munosabatlarini uzdilar?

Mana bu so‘rokdarg‘a ochiq javob bermak uchun Samarqand matbuoti va yoshlari to‘g‘risida bir oz izoh berib o‘tmoqchi bo‘ldim.

Samarqandda eski hukumat vaqtida ham samarqandlilarning ham o‘z moddiy va ma’naviy kuchlari bilan mahalliy matbuot qimirlab turg‘on edi. O‘zgarishdan keyin, ayniqsa, o‘ktabr o‘zgarishidan so‘ngra Samarqand gazetasi har vaqt Samarqand muharrirlarining o‘z qo‘llarida va mas’uliyatlarida yashab turdi.

1918nchi yil oxirlarida rus gazetasi tevaragida yig‘ilg‘on ovrupoliq o‘rtoqlar bir necha vaqt bizning gazetamizni qisib turg‘on bo‘lsalar ham, lekin Samarqand yoshlarining g‘ayrati va mahalliy hukumatning yordami soyasida mustamlakachilarning qisishidan qutulg‘on edi. So‘zning qisqasi, Samarqand gazetasi yerlik muharrir va yoshlarning qo‘llarida 1921nchi yil yozig‘acha Samarqand muzofotining oynasi ham mahalliy hukumatning noshiri afkori bo‘lib keldi.

Ammo 1921 yilning yoz boshlarida Mursalimov degan bir o‘rtoq Samarqandga kelib, muzofot firqa qo‘mitasi tomonidan u vaqtdag‘i «Mehnatkashlar tovushi» gazetasiga siyosiy nozir tayin qilindi. Gazetaning hay’ati tahririyasi ushbu tayinni shodliq bilan qarshi oldi. Oz kuchimiz ko‘b bo‘ldi, deb quvondi. Lekin Mursalimov o‘rtoq bir oz ishlagandan keyin mahalliy muharrirlarni qisa boshladi. Bularning maqolalari uchun ba’zan gazetadan o‘rin bermay turdi. Tatarcha maqolalarni gazeta muharririga ko‘rsatmasdan, o‘zi matbaaga berib bostira berdi, hatto o‘z ixtiyori bilan «Idoradan javoblar» yozib, mening mas’uliyatim ostida bosib chiqara berdi. Samarqandda u kunlarda musofir bo‘lgan bir necha tatar muharriri va muallimlarga o‘zbek gazetasi idorasidan haqoratliq javoblar yozib, o‘zbek-tatar orasida anglashilmovchiliklarg‘a sabab bo‘ldi.

Erlik muharrirlar har nima yozsalar, «Siz xabargina yozib keltiring, maqolani biz yozamiz, biz oliy tahsil ko‘rgan odamlarmiz», deb bostirmadi. Xulosa, bir oy, bir yarim oy ichida Samarqand gazetasini «Mursalimov gazetasi» qilib yubordi. Buning bilan qanoatlanmay, «Tekkanga tegaman, tegmaganga kesak otaman» maqolig‘a muvofiq arzimaydirg‘on bir ishni bahona qilib, meni tribunalg‘a, mas’uliyatka tortdi. Bu ishdan ish boshidag‘i mas’ul ishchilar xabardor bo‘lib, (taftishdan so‘ng) uni tavbix etdilar va meni qutqazib oldilar. Mursalimov buning bilan meni yiqitishg‘a muvaffaq bo‘la olmag‘ach, ustimdan obko‘m partiyag‘a shikoyat etib, meni Farg‘onaga nafy (surgun) qilishg‘a qaror berdi. Bu daf’a ham Samarqand ziyolilari meni himoya etib qutqardilar.

Shul vaqtlarda Toshkanddan Akmal Ikromov va Usmonxo‘ja o‘rtoqlar kelib, ahvolni angladilar va Mursalimovni gazeta idorasidan ajratdilar. Shuning bilan yana Samarqand gazetasi yerliq muharrirlar qo‘lida qoddi va ushbu vaqtgacha davom etdi.

So‘ng zamonlarda obko‘m partiyaning mas’ul sarkotibligiga mahalliy tilni bilmayturg‘on bir o‘rtoq o‘tganidan istifoda qilib, yana gazeta ustida janjal chiqardilar va gazetaning mas’ul muharrirligiga vaqtincha Zohida Burnasheva o‘rtoqni tayin qildirishg‘a muvaffaq bo‘ldilar. Bundan keyin gazeta idorasi aynan bulturg‘i holg‘a aylandi. Mahalliy maqolalarg‘a yo‘l berilmadi. Quruqyo‘l berilmadigina emas, balki «Maqolangizda Behbudiy oti ko‘p zikr qiling‘on. Bu millatchilikdir», deb shifohiy «javob» qaytarildi.

Bu yerda shuni esga tushirib o‘tamanki, Cho‘lpon o‘rtoq «Qizil bayroq» gazetasida «Behbudiy otamiz» deb yozdi — millatchi bo‘lmadi. O‘rtoq Olimjon Ibrohimov «Qayum Nosiriy — tatar tilini tirgizgan bir kishi, unga yubiley qilish lozim» deb Tatariston gazetasida yozdi — millatchi bo‘lmadi. Tatariston hukumati ushbu yubiley uchun kamisiya tayin qildi — millatchi bo‘lmadi… Ammo Samarqand muharrirlaridan biri ijtimoiy ahvolimizni tanqid qilish munosabati bilan Mahmudxo‘ja Behbudiyni eska tushirib o‘tsa millatchi bo‘ladirmi?

Gazeta idorasida yo‘l topqon o‘rtoqdar bu bilan qolmadilar, idorada saqlang‘on bir yillik gazeta nusxalarini uylariga eltib, ulardan go‘yoki hukumat maslagiga muxolif so‘zlar topib, o‘zbekcha bilmayturg‘on o‘rtoqlar uchun «tarjima» qiddilar…

Bular tirik yerliklar haqida qarshi harakatlar bilan qolmayin, o‘liklarimizni ham go‘rda rohat qo‘ymoqchi emaslar. Chunonchi, gazeta muharrirasi bo‘lib o‘tirgon o‘rtoq 3. Burnasheva: «Yaxshi bo‘lg‘on ekankim, Behbudiy o‘ldirilg‘on ekan. Agar Behbudiy bu kunda tirik bo‘lsa edi, Turkistonning ustiga ikkinchi bir Anvar poshoni keltirib, o‘zi biror mansabga ega bo‘lur edi», deb, marhum ustodimizg‘a tuhmat qilmoqdan keyin turmadi…

Mana, endi mahalliy gazeta shunday odamlar qo‘lida bo‘lg‘oni holda yerlik yoshlar qanday ish qila oladilar!

Mursalimov bilan oramizda bo‘lg‘an so‘ngg‘i munozara ham ahamiyatsiz, kichkina voqea emasdir. Mursalimov «Kambag‘allar tovushi» gazetasida (287-sonida) maqola yozib, «Anvar posho butun Turkiston ziyolilarining payg‘ambari» dedi. Buni o‘qib Samarqand ziyolilari g‘alayonga keldilar. Men Samarqand ziyolilari tomonidan javob yozdim. Mursalimov menga javob bermakchi bo‘lib necha ustunliq falsafa sotdi-da, meni burjuazniy ziyolilar qatorig‘a kirgizmakchi bo‘ldi. Tabiiy, haqimda qiling‘on ixtironi rad qilmoqchi bo‘ldim. Gazeta mudiri meni haqliq, Mursalimovni haqsiz deb iqror qila turib, mening raddiyamga o‘rin bermadi. Men ham bunday bir zot bilan ish qilmoq mumkin emasligini bilib, idoradan chiqishg‘a majbur bo‘ldim. Mudir iste’fomni shodliq bilan qabul etdi.

Ammo yerlik yoshlarning o‘z oralarida gazeta to‘g‘risida hech bir ixtilof va anglashilmovchiliq yo‘qdir. Gazeta idorasi yerlik muharrirlarning mas’uliyati ostig‘a o‘tgan taqdirda yerlik yoshlarning burung‘i ishlarida davom qilishlari aniqdir.

Bu ish bo‘lib ham qoldi, bu kunlarda «Kambag‘allar tovushi» gazetasining mas’ul muharrirligiga obko‘m partiya tomonidan o‘rtoq T. Rahmonberdi o‘g‘li tayin etiddi. Mana bu zot qachon bizlarni ishga chaqirsa, ishlamak vazifamizdir.

«Oziyoliq» o‘rtoqning «Samarqand yoshlari kichkina hazil bilan ish tashlaylar, ahamiyatsiz bir masala ustida janjal chiqaralar…va o‘zlarining xususiy tashabbuslari yo‘lig‘a kirib ketar ekanlar» degan so‘zlarining bilmasdan yozilg‘an «so‘z»lar ekanligi yuqoridag‘i izohotimdan bir daraja sobit o‘lg‘on bo‘lsa kerak. Men gazeta idorasidan chiqib o‘zimning xususiy ishimga kirib ketmadim, bir necha yildan beri kishisizlikdan yopilib yotqon «Zarafshon» kitobxonasini tirgizdim va uni bir oz tartibga soldim. Bu xususiy ish emas, bu ham maorifga va tanviri afkorga xizmat bo‘lsa kerak.

So‘zning oxirida shuni ham esga tushirib o‘tamanki, yerlik muharrirlar har vakt tatar qarindoshlar bilan birga ishlab keldilar. Chunonchi, «Mehnatkashlar tovushi» nashr qilina boshlag‘ondan buyon bir-ikki tatar o‘rtokdar doimiy muharrirlikni qilib turdilar, orada hech bir ixtilof chiqmadi. Ammo keyingi bir-ikki o‘rtoklar gazetani o‘z mas’uliyatlariga olib, yerliklarni qisdilar, quvdilar. Bu ishda yerlik yoshlar gunohkor bo‘lmasalar kerak.

«Qizil bayroq» gazetasi, 1922 yil, 2 sentyabr


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"