Sabo, yetkur salomimni nigori guluzorimg‘a...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Sabo, yetkur salomimni nigori guluzorimg‘a...
by Hayrat To‘raqo‘rg‘oniy

Sabo, yetkur salomimni nigori guluzorimg‘a,
Tahiyyoti kalomimni pari-paykar nigorimg‘a.

Sabo, arzim bayon aylab, necha eldin nihon aylab,
Ravon ashkimni qon aylab firoqi yorig‘orimg‘a.

Sabo, subhi malohatdin ketur bo‘yi latofatdin,
Damodam atri rohatdin dimog‘i mushkborimg‘a.

Sabo, man sanga ayturman, so‘zimni yora aytursan,
Yuzi gul, orazi gulshan malohat oshkorimg‘a,

Sabo, senga so‘zum shuldur, degil: «Bechora bir quldur»,
Ajoyib kori mushkuldur, tag‘ofil pesha yorimg‘a.

Sabo, ul yaxshi dilbardin, jamoli mehri xovardin,
Labi yoquti ahmardin xabar ver tab’i zorimg‘a.

Sabo, bir kun mani xolim ko‘rarsan tavri af’olim,
Eturgil arzi ahvolim amiri komkorimg‘a.

Sabo, rahm ayla man zora yetur arzimni dildora,
Xumorim bora tobora ziyod o‘yadi xumorimg‘a.

Sabo, devonadur Hayrat aning-chun tortadur kulfat,
Nechukdur so‘rmag‘il holat, yetur nomamni yorimg‘a.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse