Rangin takallummu bo‘lur chunkim guharafshon labing...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Rangin takallummu bo‘lur chunkim guharafshon labing...
by Muhammad Rahimxon Feruz

Rangin takallummu bo‘lur chunkim guharafshon labing,
Fayzu farah yetkurgusi ko‘nglumga bepoyon labing,
Fahm etmadim ne xosiyat qilmushdurur pinhon labing,
Yoqutdurmu bilmadim yo la’l ey jonon, labing,
Yo orazing gulzorida bormu guli xandon labing.

La’lnig firoqida bo‘lub asru zaifu xasta jon,
Jismi nizorimdin olib qadding g‘ami tobu tavon,
O‘lmakka yetganda yovuq kelding boshimg‘a nogahon,
La’lingni bir o‘pmak bila toptim hayoti jovidon,
E’jozi Isomu ekan yo sharbati hayvon labing.

Javru jafolar aylabon jonimga bu garduni dun,
Qildi labing hijronida ashkimni qon, bag‘rimni xun,
Dardim erur behad fuzun, kun-kundin ahvolim zabun,
Ko‘zdin to‘kub hijron aro doim sirishqi lolagun,
O‘pmaklik aylab orzu tun-kun yutarman qon labing.

Ko‘nglumga bo‘lmishdur labing bir bo‘sa qilmoq muddao,
Muft ermas ushbu matlabim, bo‘lsa agar, sandin ravo,
Oltun-kumish xud sahl erur, ey dilbari shirinliqo,
Gar bo‘sa la’lingga jon naqdin qilur ersang baho,
Olg‘um nedinkim bir o‘pub o‘lganga na armon labing.

Taqvoi toat aylabon zuhd ahli tinmay ro‘zi shab,
Jannatga kirmak orzu aylab chekar ranju taab,
Aql eli ko‘ying borida jannatni qilgaymu talab,
Feruz, jannat ravzasin, gar, istamas ermas, ajab
Kim, orazing jannat guli, kavsar suyi, ey jon, labing.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse