Qurbon bayrami

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Qurbon bayrami  (1923) 
by Abdulla Qodiriy

Hangama

Boylarnikida imlama, xasislarnikida dimlama.

Bu kun quvvati kelgan har bir «musulmoni komil» o‘zlarig‘a o‘xshag‘an bir hayvonni qurbon qiladir. Qurbonliq qilg‘an musulmonlarg‘a oxiratda bo‘ladirg‘an imtiyozlardan quruq qolmayliq, deb mashhur siyosiy tulki lord Kerzo‘n ham bu hayit London xalqi uchun bir qo‘y qurbonliq qilmoqchi bo‘ldi. Chunki u dunyoda sirot ko‘prugi degan vahmalik bir narsa bor ekaniga Kerzo‘n ham ishonibdir. Har kimning bu «Qilichdan tez, qildan nozik ko‘pruk»dan o‘tishi majburiydir. Kerzo‘ndan kattarog‘i ham musulmonlarning aqlig‘a hayron qolmasdan mumkinmi? Sirot ko‘prugidan o‘tish uchun bir mingta havo flotining ikki chaqacha ahamiyati yo‘qdir. Qurbonliq qilg‘an qo‘yni minasiz-da, pildirab o‘tub ketaberasiz-da, to‘n-to‘g‘ri siz uchun hozirlang‘an jannatga kirib, bir qulog‘i bu dunyog‘a yuz ming barobar keladirgan hur, burninish katagi mana shu Turkiston o‘lkasiga bir yuz million barobar keladirgan g‘ilmonni bir tiyin nalo‘g to‘lamasdan tasarruf qilaberasiz («Miftohul-jinon» ta’biri). Mana bu imtiyozlardan kimning sho‘ppayib qolg‘usi keladir.

Hamma ham rohat va saodatni yaxshi ko‘radir. Baho ham uncha qimmat emas: bir qo‘y yo ikki kishiga bir ho‘kuz, vassalom… Tag‘in bu tomoni ham bor, qon chiqarilsa kifoya.

Boylarimizdan Salimsoq semiz bultur qilg‘an qurbonlig‘i bilan qizini chorladi. Qo‘chqorxo‘ja akam jo‘ralariga gap berdi. Bolticho‘loq mahalla so‘fisi bilan imomini va ham uch-to‘rt mahalla mushtumzo‘rlarini imlab qurbonlig‘ini yedirib yubordi. Bular-ku mayli, Yodgor semiz shunday boy bo‘lsa ham ziqna-da, qurbonlik go‘sht-yog‘ini dimlab qo‘ydi.

Bu to‘g‘rida hech kimga ayb qo‘yish kerak emas. Qurbonliq go‘shtlardan ochlarg‘a nasiba chiqarish uchun payg‘ambarning dekreti bosilg‘an qonunlar majmuasi ham ummatlar qo‘lig‘a tekkani yo‘q, ulamolar qo‘lig‘a tekkan bo‘lsa ham ular bunday buyruqlarni bekorga chiqarg‘anlarig‘a ko‘b zamonlar bo‘ldi.

Qon chiqdi — kifoya.

Hay-hay, qanday yaxshi… bu dunyoda qadri yo‘q musulmon og‘a-inilarning u dunyoda bunday rohat bilan kun kechirishlariga hasad qilg‘uchi kofirlarning ko‘zi chiqsun.

Musulmonlar uchun jannatning bahosi bir qo‘y, ikki kishiga bir ho‘kuz, tuya bo‘lsa ham mayli. Qoni chiqarilsa kifoya. Hay-hay, hamma payg‘ambarning ummati ichida baxtiyor Muhammad ummati. Hay-hay, bu davlat bizga yetmasmi, Muhammad ummatidirmiz.

(J-Q)

«Turkiston» — 1923 yil, 24 iyul, 160-son

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse