Jump to content

Qora kiyingan qizil to‘y

From Wikisource
Qora kiyingan qizil to‘y (1928)
by Komil Aliyev
334776Qora kiyingan qizil to‘y1928Komil Aliyev

Vatan yig‘loqlarining zori

Hoooooy un yalag‘an alloplar, qon yalag‘an qassoblar, bilinglar va ogoh bo‘linglarkim, Samarqanddan o‘zbek davlat truppasining rejissori Uyg‘ur, truppaning adabiy emakchisi Cho‘lponlar o‘z cholg‘i to‘dalari bilan shahrimizga tashrif buyurishti.

Bu jarchi Anjanning Charxfalagida shu so‘zlarni aytib, Uzum bozorig‘a tomon burilar ekan, ikkinchi munodiy Qo‘y bozori, Soy bo‘yida Yashmalla (Yaxshi mahalla – I.M.) xalqini to‘plab olib “Bog‘da bitkan bodomlar, masjiddagi avomlar, eshitmadim demanglarkim, Toshkantning atoqli ashulachisi To‘ychi hofiz o‘z sheriklari bilan qadam ranjida qildi, – deb qichqirar edi.

Jarchilarning kuni tug‘di. Munodiylar – kun bo‘yi Marg‘ilon, Samarqand, Qo‘qon, Toshkant, Namangan, Xo‘jand, qo‘yingchi jumhuriyatimizning hamma shaharlaridan birin-ketin saf-saf bo‘lib anchagina oqib turg‘an mehmonlar, artist – artistkalarning hunarlari, mansablari dov-dastgohlari bilan Anjan xalqini tanishtira berib ovozlari xip bo‘g‘ildi.

Anjan chapanlarining tili bilan aytkanda, fohishaligi, yallachiligi, satangligi butun Farg‘onaga tanilg‘an Ma’firat hoji oyim ham chakana ish qilmadi. U qadimg‘i Iskobilnig fahshxonasida uya qo‘yib, o‘limtuk yeb suyaklari qotqan zog‘chalardan bir to‘dasini – Kumushxon, Cho‘ntakxon, O‘g‘ilxon, Hadiyaxon, Gavharxon va boshqa bir qancha Yo‘liqxon oyimlarning qadami nomuboraklarining Anjanda joy otishig‘a katta mahorat ko‘rsatti.

Katta Anjanning keng qo‘yni ulug‘ g‘alvaga to‘ldi. Tahir bormog‘ini tafakkur dandoni bilan tishlavchilarning soni-sanog‘i bo‘lmadi. Ko‘cha-kuylarda duv-duv gap. Hammaning markaziy diqqati jarchilarning e’loni, yallachi xonim, ashulachi hofizlarning tashriflari, bakovul – yasovullarning qamishdan bel bog‘lab haftalab mehmon kutishlari tevaragida aylana boshladi.

Ba’zi bir shoshqaloqlag‘an odamlar sar kalavalaridan yanglishib, bu taraq-turuqning mohiyatini tez payqab yeta olmaydilar. Ularning chuvalashqan fikrlaricha go‘yo, Anjanning mashhur Komilboyi tirilib kelib, xalqqa 15 kunlab to‘y bermakchi emish… Ko‘karib chiqqan Ko‘r Komilboyning qaytib kelishi mumkinmi? Ijtimoiy mamlakatda boylar dunyosi yer bilan yakson qiling‘an, proletariat diktaturasi 11 yillab hukm surib turg‘an bir zamonda 15 kunlab to‘y berish, Anjandak ulkan bir shaharda “mahshargoh” qo‘porishg‘a ishonib bo‘ladimi?

Ko‘b o‘tmay bu fikr chippakka chiqti. Uxlamay tush ko‘rganlar, Mirkomilboyning to‘yini qumsag‘anlar u hayollaridan voz kechtilar. Tez fursatda, barcha Anjanning yoshi-qarisi bu as’asa – dabdabalarni Mirkomilboyniki emas, balki Maskav tiyotru istudiyasini bitirgan, O‘zbek davlat dram namuna truppasining artisti Ishoqqori Karimiyning to‘yi ekanligini payqab qoldi.

Anjan o‘z tarixiy sahifasiga ikkita katta to‘yni darj etib qo‘ydi. Biri Nikalay davrida kambag‘allarni qon qaqshatqan Mirkomilboyning 15 kun bergan oshi, ikkinchisi esa, sho‘ro zamonasida proletariat sahnasini bulg‘atqan ana shu Ishoqqorining 11 kun bergan to‘yidir.

Ho‘b, to‘y juda katta dabdaba bilan 7 nchi iyunda boshlandi. Eng avval bir hafta kelgan mehmonlarg‘a aroq, vinolarni oqar qilib to‘y berildi, asosiy to‘y 15 nchi iyundan boshlanib, to‘yning bazm – kansert, masxarabozliq va boshqa qismlarini boshqarish uchun tuzildi. Kamissiya hay’atlari yozg‘an ro‘yxatni varaqlab qarag‘aningizda, Anjan okrug‘ Maorif mudiri Nizomboyev, ijtimoiy tarbiya mudiri Sayfi Bahromiy, Cho‘lpon, Uyg‘ur, Muhiddin Qori, Tamaraxonim, Yusuf qiziqlarning nomi nomuboraklarini ko‘rish mumkin.

Qashqardag‘i vakolatimizning mas’ul tarjimoni, kuyov bolaning otaxoni O‘rozaliyevning ichki-tashqi havlisi, ikki uy, 3 ayvoni mehmonlar, to‘ychilar bilan to‘lib-toshdi. Ustollar ustiga yozg‘an shol dasturxonlarning betiga qand-qurs, meva-chevalar shapaloqdek yoyilib tashlandi. Olti mahallaqozonda palov, qovurdoq, jarko‘plar o‘n kunlab tinmay qaynadi. Bir tomonda har tarafdan kelgan ashulachi, hofizlar girya qilar ekanlar, ikkinchi tomonda Yusuf qiziq, Orif qiziqlar o‘z shovvozlari bilan xalqqa ayiq, eshshak, ho‘kuz o‘yini ko‘rsatib berdilar. Muhiddin Qori, Tamaraxonimlar ham o‘z faoliyatlarini kami-ko‘stsiz ko‘rsattilar. Bu ikki “baland dargoh” ochilg‘an xotinlarning “qo‘l berib ko‘rishishni bilmasliklari”, “maymoq yurishlari”ni masxara qilishib, tomoshabinlarni o‘zlaridan minnatdor qildilar.

Oyoqlaridan tortib, yoli-dumig‘acha ko‘mish bilan qoplang‘an, boqiqdag‘i duldul ko‘chaga chiqarilib kuyavning qo‘ltug‘idan ko‘tarilib mindirildi. Qo‘qon truppasidan Azimov, Anjan truppasining artist va cholg‘i to‘dalari soyabonliq aravalarga o‘ltirishib, kuyav bolani oldig‘a solib, yor-yor kuyini dol qo‘yib kelinnikiga jo‘nashdi. Nikoh majlisi tugagach, 12 aravada kelinoyilar yor-yor aytishib, kuyavnikiga kelishdi.

Kelin kelgandan keyin bazm yana avjiga oldi. Hayqiriq, qiyqiriqlar ko‘klarga o‘rladi. O‘t atrofida chalinayotqan childirmalarning sadosi mahalla-ko‘y guzarni duv ko‘chirdi. Kuyav bismilloni baland ovoz bilan talqin qilib, kelinni aravadan dast ko‘tarib uyga kiritgandan so‘ng, cho‘ntak bazmiga navbat keldi.

Cho‘ntak bazmi – quturg‘anlar, puldorlar bazmi. Shuning uchun to‘ydagi puldorlarni, bazm muhiblarini ajratish, bazmni ko‘ngildagidek o‘tkazish lozim. Buning uchun alohida kamissiya tashkil qilish darkor. Kamissiya tuzildi. Kamissiya hay’atiga Qizil Yo‘ldosh, Saloh Sayfiy (2 nchi bosqich muallimi), Alimov (Okrug‘ rabis raisi), shahar sho‘rosining a’zosi No‘mon hoji va Muhammadjon mingboshilar kiritildi. Ular qo‘llarig‘a puldorlarning ro‘yxatlarini ko‘tarib, birin-birin ichkariga chiqarib kirita boshadilar. Ichkarida ur-yiqit juda katta, minglab ko‘zlar Cho‘ntakxon, O‘g‘ulxon, Tamaraxonimlarning maqomlarini sabr etish bilan mashg‘ul. Havodorliqqa hazon emas, dasta-dasta chervonlar o‘girilib, bir nafasda yallachilarning qo‘shqabat cho‘ntaklari chervon bilan to‘lib chiqdi.

11 kun shohonavor to‘y qilib, charchag‘an kuyav dam olish uchun chimildiqqa kirishi bilan, tashqarida aksil inqilobiy majlis tartib etildi. Sabotsiz, aldoqchi, tavbasiga tayanmag‘an, “o‘nlar”ning ba’zilari va Cho‘lpon ko‘ntirning rahbarligi ostida tashkil topqan bu o‘ltirishda, butun truppalarning qatnashi bilan mana bu she’r jo‘r qilib o‘qildi:

…Turkiston bizimdir,

Yoylasi uzundir,

U damlar fuzundir,

Arsh yigit allari,

Arshda ol zafarni,

Dini, millat yo‘lina arsh!…

Choriqchi armani,

Paqirchi bolshavoy,

Hayda bizim yurtimizdan,

Arsh yigit ilari…

Uqdingizmi? Mag‘zini chaqib ko‘rdingizmi bu aksilinqilobchiliq hidi ko‘kib turg‘an she’rni.

  • Nega shunday bo‘ldi?

Buning javobi juda aniq…

Bu – mafkuraviy kurash maydonidan mag‘lub bo‘lib chiqqan vatan – millat yig‘loqi, mayda burjuaziya malaylarining bo‘sh makonni topib hordiq chiqarishlaridan o‘zga narsa emas. Bundan qolaversa ular – ana shunday “dardmandlar” to‘plang‘an joylarda, qizil to‘yning ustiga qora namat qoplang‘an dargohlarda… to‘dalashib, yegan shattalaridan ushalgan bellariga taxtakach bog‘lashni mashq qilib ko‘rmakchi bo‘ladirlar. Ularga biz – sen chuchvarani xom sanag‘an qopag‘onlarning yugurganlaring somonxonagacha, deb qo‘ya qolsaq ham, anavi firqa, komsomol faollarining shunday majlislarga rahbarlik qilishlarig‘a mutlaqo chidaya olmaymiz. Nizomboyev, Bahromiy, O‘rozaliyev, O‘lmas so‘fi, Abduqodir Rahimiylar firqa, komsomol a’zosi bo‘la turib, shunday yaramasliqlarg‘a bosh qo‘shar ekanlar, bu endi ortiq vijdonsizlik, firqa komsomolning e’tiboriga rahna urish, boylar, savdogarlarning tegirmonlariga suv quyishliqdir.

Xalq tarqala boshlag‘an ham edikim, Cho‘lpon to‘rdag‘i ayvonga chiqib, par yostiqni engagiga bosib moziysidag‘i qora tarixining kirlik sahifalarini birin-ketin varaqlab chiqdi. Atrofini qurshab olg‘an, “o‘nlar to‘dasi”ni bir qator boshdan-oyoq kuzatib chiqib, o‘zining mana bu parchasini baland ovoz bilan o‘qiy boshladi:

…Ey sovuq ellardan muz kiyib kelganlar,

U qo‘pol tovshingiz qirlarda yo‘q bo‘lsin,

Ey menim bog‘imdan mevamni terganlar,

U qora boshingiz yerlarga ko‘milsin…

Shu bilan “kelgindilar”ga o‘lim, “Cho‘lponning boqchasi”g‘a sog‘liq tilanib, yoshlar ko‘rpaga burkanib, ko‘zlar uyqug‘a ketti…

***

Bu borada qanday taklif bo‘lishi mumkin?

Meningcha, bu haqda birgina qat’iy va keskin taklifning o‘zi kifoya:

Cho‘lpon yaxshi fojeanavis. U shu o‘zi rahbarlik qilg‘an aksilinqilobchiliq majlisini yozsa, Uyg‘ur rejissorlik qilsa, artistka o‘ynasa-yu, biz zoldan turib “Daloy, boylarning bunday xo‘rlari, yo‘qolsin, qora pardaga burkangan qizil to‘y, dayosh, haqiqiy qizil to‘y” deb qichqirishsaq, juda ham antiqa bo‘lar edi.

Komil Aliyev

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi 1928-yil 27-iyul


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"