Qishloqlarda

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Qishloqlarda  (1923) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Farg‘onaning eski shaharlaridan bittasidamiz. “Charxifalak” degan joy, bozorning o‘rtasi. Uyoq somovor (choyxona); buyoq somovor, o‘rtasidan to‘la suvi bilan bir anhor o‘tadur. Anhorning qoq o‘rtasiga bir so‘richa qo‘yulg‘an. Asad (iyul) oyi. Kun juda qizig‘an. Havo, So‘fi Olloyor aytkandak: “Miska o‘xshab qizg‘an”. Dunyo to‘ngkarilib qolg‘an issig‘ mis idish deysiz… Har kimning qo‘lida bir yelpig‘uch, yelpinadur, “oh-voh” qiladur…

Bozorlarda sanqirab yuraturg‘an ovora itlar ham ko‘runmaylar. Suyak umid qilib qossoblar oldida, oshxonalar tegrasida hamma vaqt aylanaturg‘an bozor itlari, soya joylarg‘a kirib uxlash harakatidalar…

Katta tog‘ora bilan choch ayran qilib, o‘rtasiga katta ikki parcha muz solib qo‘yg‘an ayranchi, ayranni har shopirg‘an sari yengi bilan yuzini artadur. Burung‘iday: “ustasi manbaydan, shogirdi taralaydan kelgan ayran!” deb baqirib, maqtab sotishqa ham havsalasi yo‘q…

U maqtamasa ham o‘tkan-ketkanlar bir piyola sovuq ayran ichmasdan o‘tmaydurlar.

***

Jangr-r-r-r…

Jungr-r-r-r…

Shaldir-r-r-r…

Shuldir-r-r-r…

Bu hozirg‘i vaqtlarda chaynak o‘rnig‘a ishlatilaturg‘an choydishlardan chiqqan tovush…

To‘palang yillarida chaynaklar ham qolmag‘an edi. Yangilari kelguncha ochilg‘an somovorlarda kichkina-kichkina sarg‘ich kelgan qizil misdan chiroyliq yengil choydishchalar paydo bo‘lg‘an. Choyni piyolaga quymoq uchun choydishchaning bo‘ynini egsangiz, qopqog‘idag‘i kichkina qutichag‘a joylang‘an mayda tosh parchalari uyoq-buyoqqa o‘tub yoqimli, jangiragan tovush chiqaradurlar…

Somovorchi ham yarim uxlab, yarim uyg‘oq o‘lturub choydishchalarg‘a suv quyadur. Somovorda o‘lturg‘anlar ham og‘anash harakatida…

***

Bizning katimiz – so‘richamiz onhorning qoq o‘rtasida biz bilan suv orasida bir qarich ochiqliq bor. Kartlik oyoqlarig‘a shaloplab tekkandan keyin, ikki ajralib, shir-shir oqib ketayotqan suvlarning betida kichkina xashakchalar o‘ynab-o‘ynab oqib boradurlar. Kat ustida yotqanlar ham, issig‘ning shiddatidan o‘zlarini suvg‘a tashlamoqchi va o‘sha xashaklardek suv qo‘ynida allaqaylarg‘a sudralib ketmakchi bo‘ladurlar!

***

Qarshimizdag‘i so‘richada qishloq xalqi ekanliklari aftlaridan bilinib turg‘an ikki kishi o‘lturadur. Biz bilan qo‘shni bo‘lsalar ham bir-birimiz bilan tanish emasmiz. Ular goh-goh bizga qaraydurlar, biz ham tez-tez ularga qaraymiz.

Bizda shular bilan tanishmak, shularning qayerliq ekanliklarini bilmak, bilgandan keyin turg‘an joylari va yashag‘an qishloqlari to‘g‘risida bir narsa eshitmak havasi qo‘zg‘oldi. Qandoq qilib bo‘lsa ham tanishmak istar edik.

***

Qishloq xalqi, asti o‘zi betakalluf bo‘ladur. Bittamiz so‘radiq:

  • Siz shaharlik emasmisiz?
  • Yo‘q, biz qishloq odami.
  • Qaysi qishloqdan?
  • “Mosi”dan.
  • Bozorqo‘rg‘on “Mosi”sidanmi?

Shu bilan gaplashib ketaberdik.

***

Keng tala. Qator-qator talalar; o‘tlar, ba’zi joylarda bir-ikki tup qayrag‘och ham bor. U daraxtlarning o‘rtasi ko‘m-ko‘k qamish. Shamol kelgan sari shatir-shutur tovush chiqaradur. Qamish orasidan chigirtka, shom yaqinlashib, qorong‘i tushishi bilan “chir-chir” qilib quloqlarni yeydur…

Balandroq bir joydan qarangiz u yer – bu yerda zo‘r-zo‘r olovlarning guldirab yotqanini ko‘rasiz.

  • Nima bu qishloqqa o‘t ketdimi?
  • Yo‘q, to‘palang vaqtida ekin yerlarni bosib ketkan qishloqlarg‘a

dehqonlar o‘t qo‘yg‘anlardur. Kesib tamom qilish mumkin emas.

Qamish yonib-yonib to‘xtag‘andan keyin dehqon xotun bola-chaqasi bilan talada:

Yerini shudgar qiladir!

***

Yo‘lingiz yana qishloqqa tushub qoldi. Yo otliq yo piyoda tala yo‘li bilan ketib borasiz.

Yiroqdan qo‘sh, omoch ko‘rinadur.

Ot yo‘q.

  • Nima balo? Onovilar yer haydab yotqan dehqonlar emasmi?
  • Ot bormi, yo‘qmi? Men ko‘rmay yotibman.
  • Ot yo‘q, mullaka.
  • Ho‘kuz qo‘shg‘anmi?
  • Yo‘q mullaka.
  • Eshakmi?
  • Yo‘q mullaka.
  • Ha, bo‘lmasa omochqa nima qo‘shqan? Nima bilan haydaydur?
  • Odam bilan…

***

Yerga yaqinlashdingiz. Qamishlar shatir-shutur qilib orqangizda qolib boradur. Necha yildan beri chopilmag‘an oriqlar ko‘katlar ostida qolib ketkan, ko‘runmaydur.

Oriq, charchag‘an otingiz yiqilay-yiqilay deb orqadan o‘tdi. Ko‘zingiz ekinlik yerda.

Ko‘z oldingizda chindan foji’ bir ko‘runish ochiladur:

Eski, pachoq bir omoch…

Orqada omochni ushlab borayotqan bir odam…

Oldida otning, ho‘kuzning o‘rnida ikkita odam…

Dona-dona ochchig‘, zaharlik terilar yalang‘och tanlaridan yumalanib tushub boradurlar…

Yuzlari – sovug‘an o‘choqday bo‘lg‘an… Hansirab, charchab, horib-tolib chidamlik oyoqlarini ilgari bosadurlar…

Asad (iyul) oylari…

Havo “Misdek qizg‘an”…

Issig‘liq – yerni dahshatlik quchog‘ig‘a olib, jonivorlarning hammasini qo‘g‘urmoqchi, kabob qilmoqchi…

***

Qishloq odamlari tez-tez terlarini artib gapiralar. Biz ham – issig‘liqni esdan chiqarib yuborib, butun borlig‘imiz bilan qishloqilarning gapini tinglaymiz.

O‘sha dehqonlarning changqog‘larini qondirib kelayotqan onhor suvi, sevinib-sevinib oqib boradir.

Qishloqilar gapni davom etdiradurlar. Biz tinglaymiz.

Asad (iyul) oylari…

Havo “Misdak qizg‘an”…

1923-yil 13-iyul, Andijon.

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse