Qish oldida

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Qish oldida  (1922) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Ko‘klam ketidan yozni uzatdik, u-da ketdi.
Kuzning-da bulutli, qora davri kelib – o‘tdi.

Barglar yana sarg‘aydi, to‘kildi… yana bo‘shlik…
Qushlar yana to‘p-to‘p qochalar… qarg‘a faqat shod!
Har narsada bir qayg‘u, kadar, rangi so‘lishlik…
Ichdangina, tinsizgina har narsada bir «dod»…

Dunyo yaratilganda xunuk, chirkin emish-da,
Ko‘klam bila yoz unga kiyimlar kiygizarmish.
Kuz hech ko‘ra olmas, ichi tor, qizg‘in emish-da,
Har narsani so‘ldirguvchi qo‘lni tegizarmish.

Kuz davrida dunyo kiyimi qolmas emish-da,
Qish chog‘ida unga qaramoqlik-da yomonmish.

Bir qarg‘a faqat ko‘zlarini olmas emish-da,
Qarg‘a shu uchun qishda kuyarmish-da, yonarmish…

Holbuki, na kuzdan va na qishdan yuz o‘girmay,
Har qaysisidan ko‘nglim uchun topdim o‘yinlar.
Yozlar kabi qishlarda-da g‘am rangini ko‘rmay,
O‘tmoqda quyosh qo‘ynida kunlar kabi tunlar!

Dunyo kiyimi yirtiq esa, qayg‘u kerakmas,
Kunning birida yerga tushar paxta kabi qor.
Dunyo taniga qor kiyimi nega kelishmas?
Oqlik ichida qop-qora ko‘z… o‘t kabi chaqnar!

Ko‘klam kabi qishning-da go‘zal gullari bordir,
Yozlar kabi qishlarda-da oltin kechalar bor.
Ko‘klam kabi qishning-da go‘zal tunlari bordir,
Qishlarda-da yozlar kabi jon – mug‘bachalar bor!

Ko‘klam-da ketib, yoz-da bitib, kuz-da tugaldi;
Ey qish bobo, chiq o‘rtaga, navbat senga keldi!..

Toshkent. 1922, 5-oktyabr

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse