Jump to content

Qiroatxonalarimiz

From Wikisource
Qiroatxonalarimiz (1920)
by Abdulla Qodiriy
334224Qiroatxonalarimiz1920Abdulla Qodiriy

Eski vaqtlarda Turkistonning ikkinchi darajadagi shaharlaridan bo‘lg‘an Samarqand, Xo‘qand va Andijon kabi shaharlarda musulmon qiroatxonalari bo‘lsa ham Turkistonning markazi bo‘lg‘an Toshkandda musulmon qiroatxonalari yo‘q edi. Turkistonning boshqa yerlariga ko‘ra Toshkandda ziyoli sinfi ko‘b bo‘lsa-da, o‘zlarinda bo‘lmag‘anda birgina bo‘lsun qiroatxona bo‘lindira olmovlari qiroatxonag‘a juda sovuq qarashlarindan — ahamiyat bermovlarindan boshqa narsa emas edi.

Madaniy xalqlar o‘zlarining eng kichkina qishloqlarinda ham bo‘lmag‘anda bir-ikki qiroatxona bo‘lindiralar, katta shaharlarinda, albatga, yigirma-o‘ttuz qiroatxonalari bo‘ladir. Bizning Toshkandda birinchi martaba ochilg‘an qiroatxona 1918 yilning dekabirinda bir ikki yigitlarimizning g‘ayrati ila «Turon» jamiyatining Orif Klebleev noming‘a ochilg‘an qiroatxonasi bo‘ldi. Lekin birinchi martaba ochilg‘an bu qiroatxona yaxshi yo‘lg‘a keta olmadi. Chunki kitob kelturmakka atrof yo‘llari yopiq va buning ustiga qiroatxona uchun hukumatdan yordam ham yo‘q edi. Boshida qiroatxona mahalliy kishilarning hadya etkan kitoblari ila yurib tursa ham, so‘ngroq Milliy ishlar komissarlig‘ining Orif Klebleev ismiga yodgor bo‘lsun, deb bergan o‘n ming so‘m oqchasi bilan ba’zi madaniy ishlar ishlab turdi. Lekin bu oqcha va bu hol ila qiroatxona o‘zinda bor kitoblar bilan xalqni qanoatlandiruv mumkin bo‘lmag‘ach, shaxsiy kitobi bor kishilardan kitoblar rekvizisiya tariqasinda qiroatxonag‘a olindi. Buning ila ham ish radlamagach yuz ming balolar ila o‘shal vaqtli Milliy ishlar komissarlig‘indan to‘qson besh ming so‘mlar chamasi oqcha oling‘an. Bu oqcha ila kitob kelturmakka atrof shaharlarga vakillar yuboruv kitobxonaning muddaosi esa-da, hamma yo‘llarning yopiqlig‘i va temir yo‘llarning tartibsizligi bunga mone’ bo‘lub, Toshkandning o‘zidagi kishilardan bo‘lg‘an kitoblarni garchi juda qimmat baho bilan bo‘lsa ham olina boshlag‘an. Ushbu Milliy ishlar komissarlig‘ining bergan to‘qson besh ming so‘m oqchasi bilan 1919 yilning noyabrig‘a qadar qiroatxona davom etmakda edi. Dekabrdan e’tiboran O‘lka kutubxonasining nazoratiga o‘tub, ushbu yilning aprelig‘a qadar oning qaramog‘inda davom etdi. Bu vaqtlarda qiroatxonaning moddiy jihati yaxshigina ta’min etilib, anchagina kitoblar olmoqg‘a-da muvaffaq bo‘lindi.

Taassufki, O‘lka kutubxonasining qaramog‘inda ko‘b davom etuvga mumkin bo‘lmay, ushbu yilning 1 mayindan boshlab Eski shahar maorif sho‘basi yonidagi «Maktabdan ish maorif taratuv sho‘basi» idorasig‘a o‘tdi. Buning uchun: «Endi qiroatxona dardimizga yaqindan tanish bu sho‘ba qaramog‘iga o‘tdi. Bundan so‘ng, albatta, qiroatxona yo‘lg‘a qo‘yulib yuborilsa kerak», deb shodlanilsa ham, lekin umidimiz bo‘shka chiqub qiroatxonaning O‘lka kutubxonasi davrindagi vaqtlarini sog‘ina boshladi. Bu kunda kutubxona sotub oluv oqchasizlikdan bugunlay to‘xtag‘an. Buning ustiga «Maktabdan ish maorif taratuv sho‘basi» tarafidan qiroatxona ustiga ta’yin etilgan kishi qiroatxona ishlari ila noahl bir kishi bo‘lg‘ani uchun, qiroatxonag‘a nima kerak, qiroatxonaning ehtiyoji nimaga ortig‘roq va ishni nima bilan boshlamoq kerak ekanin bilmas ekan.

Toshkand musulmon xalqining birdan-bir qiroatxonasi bo‘lg‘an bir kutubxonaning bu holda bo‘luvi, xususan holni maorif sho‘basi qaramog‘ig‘a o‘tkandan so‘ng yuz ko‘rsatuvi taassufli bir holdir. Maktabdan ish maorif taratuvni xohlagan «Maorif sho‘basi»ning diqqatini bu nuqtaga jalb etamiz.

Klebleev nomig‘a ochilg‘an qiroatxonada hozir to‘rt yuz jildga bolig‘ musulmon kitoblari bo‘lub, Toshkand musulmonlari kabi ikki yuz minglab hisoblang‘an bir xalq uchun bo‘lg‘an ou qiroatxonag‘a nol darajasinda ozdir. Eng ozi to‘rt-besh ming jildlarga yetkuriluvi matlub bo‘lub, buning uchun ichki Rusiya, Boku kabi joylarg‘a vakillar yuborib, kitob keltiriluvi kerakdir. Bo‘lg‘ani shul, deb yotgan bilan makgabdan ish maorif taratuv viveskasi u daraja kungillik natija bermas.

Eski shaharda «Turk RO‘STA»ning saksondan ortiq qiroatxonasi bor. Qaysi choyxonaning yonidan o‘tma «Turk RO‘STA»ning falonchi qiroatxonasi» degan viveska va choyxonaning burchagida ustol ustida chang bosub yotkan besh-olti no‘mir «Ishtirokiyun» va devoriy «RO‘STA» gazetasig‘a ko‘zing tushmay qolmas. «Turk RO‘STA» qiroatxonalari ochilg‘andan beri bularda o‘qub turgan bir kishi ko‘rilmaydir. Bir vaqtlarda xalqg‘a o‘qub bermak uchun har bir qiroatxonaga kishilar ta’yin etilgay, degan bir xabarni eshitub so‘yungan edik. Lekin bu hol uzoq davom eta olmag‘ang‘a o‘xshaydir. Endi bu qiroatxonalar o‘rgumchakka uya bo‘lub yota bersunmi! Maktabdan ishchilar va yo «Turk RO‘STA»chilar buning biror tadbirini ko‘rishka o‘ylab boqadirlarmi?

Juboy

«Ishtirokiyun»— 1920 yil, 23 iyun, 125-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"