Qilmish azalda sun’i haq husn ichra yakto orazing...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Qilmish azalda sun’i haq husn ichra yakto orazing...
by Muhammad Rahimxon Feruz

Qilmish azalda sun’i haq husn ichra yakto orazing,
Oyu quyoshg‘a o‘xshamas hargiz musaffo orazing,
Ko‘rgan kishi aqlin qilur hayronu shaydo orazing,
Jonbaxsh la’ling uzra xat to qildi paydo orazing,
Jam’ ayladi xurshid uza Xizru Masiho orazing.

Bir tun mening kulbamg‘a, ey mahvash, karam raxshini sur,
Ochib uzoringni qaro shomig‘a ravshanlig‘ yetur
Kim, sandin ehsonu karam zohir bo‘lur vaqtida ko‘r,
Oydek yuzung mahjurlar shomi g‘amini yorutur,
Partav mening shomimg‘a ham solg‘oymu, oyo, orazing.

Lutf aylabon man zorg‘a, ey sarvqaddi mahliqo,
Ko‘pg‘il qadam kulbam aro ochib uzori dilkusho,
Toki chekarman orazing ko‘rmak tilab ranju ano,
Joning uchun rahm aylabon ko‘rguz yuzungkim hajr aro,
Joningg‘a yetdim aylabon ko‘rmak tamanno orazing.

To ishqing ichra ey pari, devonai zor o‘lmusham,
Hajringda g‘am tirnog‘idin a’zoyi bir-bir yulmusham,
Guldek uzoringni tilab gulbargi yanglig‘ so‘lmusham,
Rozi o‘lumga orazing hajri g‘amidin bo‘lmusham,
O‘ltur mani yo tig‘ ila, ko‘rguz manga yo orazing.

Qat’ etgali yuz urmusham to furqating tog‘u tuzin,
Olmon qulog‘img‘a g‘aming tarkida nosihlar so‘zin,
Mayl etmagum gar xo‘blar har necha arz etsa o‘zin,
Ko‘z solmag‘um jannat aro g‘ilmonu hur ochsa yuzin
Kim, maksadim ko‘yung aro qilmoq tamosho orazing.

Hargiz zulmat yo‘li sori g‘ayrat bila yuz urmamish,
Gulzoru ko‘yung sayrig‘a sa’y ila markab surmamish,
O‘zni tamoshoyn qadu ruxsoringa yetkurmamish,
Zohid tilar jannat, guli sarvdin magarkim ko‘rmamish,
Lutf ichra zebo qomating, husn ichra yakto orazing.

Feruzning arzi budur san xo‘blar shohigakim,
Bo‘lma sabab javr aylabon har dam oning ohig‘akim,
Bir lutf ila taskin yetur faryodu jonkohigakim,
Ishqing o‘tig‘a ko‘ngusi, rahm ayla Ogahiygakim,
Tokim ko‘rubdur bir nazar ul zori shaido orazing.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse